Termiz shahrida joylashgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni" mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.
Ayni vaqtda yurtimizda ko‘zga ko‘ringan islomshunos olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilarimiz, shuningdek, Turkiya, Qatar, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan tashrif buyurgan 50 dan ortiq taniqli olimlar mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida anjumanning birinchi kunida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ochilish marosimi, xalqaro anjuman yalpi majlisi, sho‘balar yig‘ilishlari, xorijlik ulamolar ishtirokida Imom Termiziy oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalari talabalari bilan uchrashuv kabi qator tadbirlar o‘rin olgan.
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati