Cavol: Qiyomat alomatlari hakida ma’lumot bersangiz.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qiyomat kuni qachon bo‘lishi Alloh taolo yashirgan sirdir. Lekin uning alomatlari haqida oyati karima va hadisi shariflarda bizga bir qancha ma’lumotlar yetib kelgan. Qiyomat alomatlari – qiyomat yaqinlashganda sodir bo‘ladigan voqea-hodisalardir.
Qiyomat alomatlarining hammasi yuzaga chiqib bo‘lsa Allohning irodasi bilan bu dunyo nihoyasi yetadi va qiyomat qoim bo‘ladi. O‘shanda butun borliqda hayot tugaydi. Borliqning hozirgi nizomi tamomila buziladi. Hamma narsa ostin-ustin bo‘lib ketadi. Ana o‘sha qiyomat qoim bo‘lganidir.
Ko‘plab hadisi shariflarda qiyomatdan oldin sodir bo‘ladigan katta va kichik hodisalar haqida so‘z yuritilgan. Jumladan, Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Bir kuni suhbatlashib tursak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar va: “Nima haqda suhbatlashib turibsiz?”, dedilar. “Qiyomatni eslab turibmiz”, deyishdi. U zot: “O‘nta alomatni ko‘rmaguningizcha qiyomat bo‘lmaydi”, deb: Tutun (o‘rab kelishi), Dajjolning chiqishi, odamlarga gapiradigan hayvonning chiqishi, Quyoshning mag‘rib (botadigan joyi)dan chiqishi, Iso (alayhissalom)ning yerga tushishi, Ya’juj-Ma’jujning chiqishi, uchta yer yutishi: mashriq, mag‘rib va Arabiston yarim orolidagi yer yutishlarini, Yamandan odamlarni maxshargohga to‘playdigan olovning chiqishini eslab o‘tdilar” (Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Ba’zi qiyomat alomatlari aqida kitoblarimizdan ham joy olgan va musulmon kishi imon keltirishi lozimligi ta’kidlanadi. Masalan, “Aqoidi Tahoviya” kitobida bu borada bunday deyiladi:
وَنُؤْمِنُ بِأَشْرَاطِ السَّاعَةِ: مِنْ خُرُوجِ الدَّجَّالِ، وَنُزُولِ عِيسَى ابْنِ مَرْيَمَ عَلَيْهِ السَّلَامُ مِنَ السَّمَاءِ، وَنُؤْمِنُ بِطُلُوعِ الشَّمْسِ مِنْ مَغْرِبِهَا، وَخُرُوجِ دَابَّةِ الْأَرْضِ مِنْ مَوْضِعِهَا.
“Qiyomat alomatlariga: Dajjolning chiqishi, Iso ibn Maryam alayhissalomning osmondan tushishi, Quyoshning mag‘rib (botadigan joyi)dan chiqishi, yer hayvonining chiqishiga imon keltiramiz”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Tadbirda diniy-ma’rifiy soha olimlari va ulamolar, ustozlar, bitiruvchilar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, taniqli olim Uyg‘un domla G‘afurov hamda boshqalar yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotganini ta’kidladi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda diniy ta’lim tizimi yangi bosqichga ko‘tarilgani, keyingi yillarda mazkur sohada misli ko‘rilmagan natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.
Xususan, so‘nggi yillarda uchta oliy va bitta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi. 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi. Samarqand shahrida Hadis ilmi maktabi, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi o‘rta maxsus ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi to‘rtta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, Toshkent islom institutining 55 yillik tarixida ilk bor 2024 yildan magistratura bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda institutda «Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti)» hamda «Teologiya (Hadis ilmlari)» mutaxassisliklari bo‘yicha magistrantlar tahsil olmoqda. Kelgusida esa doktorantura bosqichini ham tashkil etish rejalashtirilgan.
Institutning ilk 10 nafar magistranti o‘qish davomida ilmiy faoliyatda faol qatnashib, dissertatsiya mavzulari doirasida jami 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirdi. Ular aqida, tafsir, fiqh va hadis ilmlariga oid nufuzli manbalardan 53 ta ijozaga sazovor bo‘lishdi.

Shuningdek, magistrantlar mahalliy va xalqaro ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib, mamlakatimizda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishdi.
Ular O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy amaliyot o‘tab, tadqiqot metodologiyasi, manbashunoslik va noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.

Marosimda bitiruvchilarning zamonaviy fanlar sohasida ham salmoqli yutuqlarga erishgani qayd etildi. Jumladan, bir nafar magistr Bahrayndagi Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotining (AAOIFI) xalqaro malaka sertifikati (CPSS) sohibi bo‘lgan bo‘lsa, yana bir bitiruvchi 3D modellashtirish va animatsiya sohasida malakali mutaxassis sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, bitiruvchi magistrlarning turli ma’rifiy muassasalar, ta’lim dargohlari va ilmiy-tadqiqot markazlariga ishga qabul qilingani ham ma’lum qilindi.

Qayd etilganidek, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ilk magistrlarning yetishib chiqishi mamlakatimiz diniy ta’lim tizimi taraqqiyotidagi muhim tarixiy voqea bo‘lib, kelgusida soha uchun yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida institut tarixida ilk magistr sifatida nom qoldirgan bitiruvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bitiruvchilar mamlakat rahbariyati tomonidan bildirilgan yuksak ishonch va g‘amxo‘rlikka munosib javob qaytarishga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga hamda islom ma’rifatini keng targ‘ib etishga bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etishlarini ta’kidladilar.
— Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy ta’lim tobora takomillashib bormoqda, — dedi Toshkent islom instituti magistranti Gulchehra Siddiqova. — Magistraturada olgan bilimlarimiz va ilmiy izlanishlarimiz samarasini Vatanimiz, xalqimiz va jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida safarbar etishga astoydil harakat qilamiz.

Diniy ta’lim tizimida magistratura ochilishi va ilk magistrlarning bitirishi mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash, sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan salohiyatli ilmiy-pedagog kadrlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.
Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, mazkur tarixiy voqelik yurtimizda ma’rifiy Islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish va boy ilmiy merosimizni jahon miqyosida o‘rganish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri