Shu yil 5-9 noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida “XXII Moskva xalqaro Qur’on musobaqasi” bo‘lib o‘tadi.
Ushbu xalqaro musobaqada “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Muhammadamin qori Olimjonov ishtirok etadi. Hamyurtimiz ertaga, 6 noyabr kuni Moskva shahriga jo‘nab ketadi.
Shu munosabat bilan bugun 5 noyabr kuni Muhammadamin qori O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qoridan kerakli ko‘rsatma va xayrli duolarni oldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Ikki hoji suhbatidan:
– Assalomu alaykum, salomatmisiz?
– Vaalaykum assalom, rahmat, alhamdullilah.
– Yo‘l bo‘lsin!
– Bugun «Hilol» masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazilarkan. Zayniddin domla kelarkanlar.
– Shoshmang, men bexabar qolibman.
– Yuravering....
* * *
Bugun Olmaliq shahridagi «Hilol» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiliklarida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, shahar bosh imom-xatibi, imomlar, otinoyilar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng shahardagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shahardagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Hilol» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
* * *
– Yig‘ilish juda samarali bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga kirilib, hol so‘ralgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da.
– Shunday xayrli ishlar boshida turgan aziz insonlar baraka topishsin...
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati