frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Yangiliklar

Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi

14.11.2024   43773   3 min.
Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi

2024 yil 12-13 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida amaliy tadbirlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati vakilligi xodimlari, tuman va shaharlarning bosh imom-xatiblari,  Yangiyo‘l tumani imom-xatiblari, otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda imom-xatib hamda otinoyilar “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish, masjidni boshqarish, faoliyati hamda hujjat yuritish ishlarini yaqindan o‘rganish, peshin namozlarida dolzarb mavzuda ma’ruza qilish kabi masalalar muhokama qilinib, Ishchi guruh tuzildi. 

Ikki kun davomida Ishchi guruh a’zolari 7 toifaga mansub 188 ta oilaga, otinoyilar 5 toifaga mansub 45 ta oilaga, umumiy hisobda 233 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordilar.

Jumladan,  
- er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan 76 ta oila o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi; 

- 34 ta holatda oilaviy ajrimlarning oldini olishga harakat qilindi, 3 ta oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘lindi, 8 oilani yarashtirish jarayonini davom ettirilish belgilandi;

- 18 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashildi, tushunchalari to‘g‘rilandi. 

- 19 ta xonadonda JIEMda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar bilan yurtimizda olib borilayotgan islohotlar borasida suhbatlashildi;

- 47 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘yganlar bilan, Zararli odatlardan saqlanish to‘g‘risida tushuntirildi, nasihat qilindi. Tushuntirishlar natijasida 4 nafar shaxs ichkilikni tashlaganini ma’lum;

- nogiron va kasalmand fuqarolar yashaydigan 9 ta oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi;

- 29 ta xonadonda oilaning ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan farzandining tarbiyasi, o‘qishiga befarq bo‘lgan 8 nafar ota-onaning mas’uliyati oshirildi. 

Shuningdek, tadbir dorasida masjid imom-xatibi faoliyati o‘rganildi. Jumladan, ustav asosida ish va hujjat yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlari ko‘rib chiqildi. 

Ikki kun davomida Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, yig‘ilgan qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “Yosh avlod tarbiyasi”, “Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzudagi ma’ruzalar qilib berdilar. 

Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Yangiyo‘l tumani masjidlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi Yangiyo‘lda 200 oilaga amaliy yordam berildi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

09.10.2026   26220   8 min.
HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

4-QISM

 

Raddiya: Hozirgi kunda yurtimizdan “hijrat” qilish farz ham emas, vojib ham emas. Shuningdek, “hijrat” qilmagan kishi gunohkor yoki kofir ham bo‘lmaydi. Chunki, yurtimizda din ahkomlari va shiorlarini ado qilib turilibdi.

Shu sababli yurtimiz Islom diyori sanaladi va Makka fathidan keyin Islom diyorlaridan hijrat qilish yo‘q. Nafaqat bizning yurtimiz, g‘ayridin yurtlarida ham musulmonlar ibodatlarini ado etishlariga imkon bo‘lsa, unday yurtlardan ham hijrat qilish vojib bo‘lmaydi. Aslida hijrat kishi o‘z dini va jonini saqlash uchun ko‘chishdir. Yurtimiz kabi Islom diyorlarini tashlab, fitna o‘choqlariga borish dinini ham, jonini ham xavfga qo‘yishdir va bu hijratning mohiyatiga mutlaqo ziddir.

Tarixdan ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha sahobalari bilan birga Makka shahridan ko‘chib ketishlari, ya’ni hijrat qilishlari farz qilingan edi. Shundan so‘ng qariyb sakkiz yil davomida musulmonlar Madinada yashadilar va nihoyat ona yurtlari Makka shahrini fath qildilar. Makka fath qilingandan so‘ng hijrat hukmi bekor qilindi. Chunki Makkada din arkonlariga amal qilish uchun hamma imkoniyatlar paydo bo‘lgan, u Islom diyoriga aylangan edi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

لا هجرة بعد الفتح

“Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!” deganlar.

Tobeinlardan biri Mujohid rahimahulloh taniqli sahoba Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga: “Men Shomga hijrat qilmoqchiman!” deganlar. Ibn Umar roziyallohu anhu unga: “Bugun hijrat yo‘q! Ortingga qayt!” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Hazrati Ali roziyallohu anhu xalifaligi davrida zalolatga ketgan toifalardan biri – xavorijlar firqasi paydo bo‘ldi va Basradan chiqib ketib, o‘zlariga alohida joy qilib, o‘sha yerga o‘rnashdi. Aholini “Hijrat farz, biz bilan hijrat qilinglar!” deb hijratga da’vat qila boshladi.

Odamlar buyuk sahoba Anas ibn Molik roziyallohu anhuning oldiga kelib, ular o‘zlarini muhojirlar deyishayotganini aytishgan. Shunda Anas ibn Molik roziyallohu anhu: “Ular shaytonga hijrat qilganlar. Axir, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!” deganlar-ku!”, deganlar (Imom Abdurrazzoq rivoyati).

Demak, hozirgi kunda musulmon kishi ibodatlarini emin-erkin bajarib turgan yurtdan boshqa joyga hijrat qilishi farz ham, vojib ham, hatto mustahab ham emas. Bunday botil da’volarni qilganlarning so‘zlari e’tiborsizdir.

Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra hijrat tang holat yuzaga kelganida, ya’ni asosiy farz amallarni bajarish imkoni qolmagandagina amalga oshiriladi. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jonlariga suiqasd qilinganda Madinaga hijrat qilishlari va musulmonlarning Habashiston va Madinaga hijrat qilib jon saqlaganlari misol bo‘ladi.

Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib ketayotganlarida, Qurayshning zulmi bo‘lmasa, Makkani tark etmasliklarini aytadilar. Makka fath etilgandan keyin esa, Madina ahli bilan Madinada qolish bo‘yicha kelishuvlari borligi uchun, Madinaga qaytadilar.

Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “(Komil) musulmon – uning tilidan va qo‘lidan musulmonlar omonda bo‘lgan kishi, (haqiqiy) muhojir – Alloh qaytargan narsalarni tark qilgan kishidir”.

Ya’ni hijrat shartlari to‘liq topilib hijrat qilganda ham gunohlardan saqlanmasa komil muhojir bo‘lmas ekan.

Ulamolar: “Islom arkonlari va shiorlari bajarilib turgan yurtlarni “dorul harb” ya’ni urush diyori deyilmaydi va u yerdan hijrat qilinmaydi”, deyishgan. Fitnachilar esa bunday yurtlarni “Dorul harb”, “Dorul kufr” deb e’lon qilib, “biz tomonga hijrat qilib kelmasang, kofir bo‘lasan” deb, g‘o‘r kishilarni domiga ilintirmoqda.

Yuqorida zikr qilingani kabi hijrat joni va dinini saqlash uchun tinch-xotirjam bir joyga ko‘chishdir. Hozir yesa, asosan ijtimoiy tarmoqlardan turib musulmonlarni hijratga da’vat qilayotganlar yurtimiz kabi tinch-omon joydan na dini, na joni omonda bo‘lmaydigan, kim kimning bayrog‘i ostida jang qilayotgani ma’lum bo‘lmagan, urush maydonlariga kelishni targ‘ib qilmoqdalar.

Bu hijratning mazmun-mohiyatiga mutlaqo teskari. Buning ustiga qo‘yni puch yong‘oqlarga to‘ldirilgan “muhojirlar” u yerga borgandan keyin vaziyat butunlay boshqacha ekanini anglaydilar. Borgan joylarida musulmon musulmonni qonini to‘kishdan, zo‘ravonlik va o‘lja to‘plashdan boshqa ish yo‘qligini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Lekin kech bo‘lgan, orqaga qaytmoqchi bo‘lishsa, jonlari xavf ostida qoladi, ikki o‘t orasida qoladilar. Agar ular ilm olganlarida, din-diyonatni puxta biladigan ustozlarni, olimlarni so‘zlariga quloq tutganlarida o‘zlariga yaxshi bo‘lardi.

Musulmonlarni qonini to‘kmas, balki ularga biror foydasi tegadigan ish bilan shug‘ullanishardi. Bir musulmonni hech sababsiz o‘ldirgan kishi Qiyomatda Alloh taologa qanday hisob beradi, vaholanki, hech bir asossiz odam o‘ldirish yeng katta gunohlardan biridir.

Fitnachilar da’vo qilganidek, Suriya yoki Afg‘oniston kabi mamlakatlarga musulmon davlatining chegaralarini buzib kirib, musulmonlarni o‘ldirish jihod emas, balki katta gunohdir. Bazi qora kuchlarning geosiyosiy maqsadlari tufayli tashkil qilingan urush o‘choqlariga borib jang qilish, hech qanday jihod emas, balki dunyo hamjamiyati oldida Islomni vahshiy va johil qilib ko‘rsatishdir. O‘sha g‘arazli uchinchi tomonning ishini rivojlantirish, yordam berishdir.

Vaholanki, Alloh taolo odamzotni yerni vayron qilish uchun emas, obod qilish uchun yaratgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni insoniyatga azob qilib emas, rahmat qilib yuborgan.

Alloh taolo Anbiyo surasi 107-oyatida bunday marhamat qiladi:

﴿وَمَآ أَرْسَلْنَـٰكَ إِلَّا رَحْمَةً لِّلْعَـٰلَمِينَ﴾

“Biz seni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik”.

U zot keltirgan Qur’on va Sunnat butun koinotga; jonli va jonsiz mavjudodlarga ham rahm-shafqat o‘laroq yuborilgan. Insoniyatni jaholatdan, zalolatdan ma’rifat va hidoyatga chiqarish uchun yuborilgan. Islomning asl mohiyatini buzib ko‘rsatishga hech kimning haqqi yo‘q.

Jihod so‘zi faqat qurolli urush ma’nosida kelmaydi, balki ma’naviy kurashni ham ifodalaydi. Imom Termiziy Fazola ibn Abiddan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Mujohid – o‘z nafsu-havosiga qarshi kurashgan kishidir”.

Inson o‘z nafsini yengib yo‘lga solmasdan oldin, qanday qilib boshqalarni yo‘lga sola oladi.

Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishligi xabar berilgan. Bugungi kunda ba’zi buzg‘unchilar o‘zini portlatib, o‘zini ham, tinch aholini ham o‘ldirgan kishilarni shahid deb atashmoqda.

Misol tarzida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridagi g‘azotlardagi holatlarni keltirishadi. Ammo ushbu rivoyatlarda dushman bilan yuzma-yuz turgan paytda jangga kirgandan keyin halok bo‘lishni rivoyatlarning zohiri ko‘rsatib turibdi.

Bu rivoyatlarning birortasi tinch aholi ustiga portlovchi modda bilan kirib borishga qiyosiy dalil bo‘lolmaydi. Hatto sahobalar biror yurtga jang uchun borgan bo‘lsalar ham, bir kishi azon aytganini eshitib qolsalar jangsiz ortlariga qaytishgan.

G‘azotlarda qurolsiz kishilar, qariyalar, bolalar, ayollar va ibodatxonalardagi rohiblarga umuman tegishmagan. Tinch aholi orasiga kirib o‘zini portlatgan shaxs, ham o‘z joniga va ham o‘zgalar joniga tajovuz qilgan bo‘ladi. Bu holatda unga shahidlik emas, balki gunohkorlik maqomi beriladi.

Alloh taolo Moida surasi 32-oyatida:

﴿مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا﴾

“Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi”, deb ogohlantirgan.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA