Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2025   |   4 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:03
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2025, 4 Rajab, 1447
Maqolalar

Prezident daraxt ekmoqda...

27.11.2024   6135   12 min.
Prezident daraxt ekmoqda...

Toshkentning ikkinchi belbog‘i deyilmish Katta halqa yo‘lidan kelayotgan Prezident korteji g‘uvillab kelib to‘xtadi. Ochiq havo, charaqlab turgan quyosh va davlat rahbarini kutib turgan yuzlab yurtdoshlarimiz chehralaridagi quvonch o‘zgacha ruh, o‘zgacha shukuh bag‘ishlab turgandek edi charog‘on kunga. Prezidentimiz mashinadan tushiboq, to‘g‘ridagi shiypon tomon shaxdam qadam tashladi. Hamyurtlar bilan samimiy salomlashish asnosida bu gal shiyponga yoki qaysidir yangi korxona, qaysidir yig‘ilish minbari, mahalla yoxud klaster huzuriga emas, to‘g‘ri dalaga burildi. Qo‘liga belkurak olib, daraxt ekishga kirishdi. Sinchkov odam belkurak ushlashidanoq Prezidentning, eng avvalo, oddiy inson ekani, qishloqda tug‘ilgani, dashtu dalalarda o‘sib ulg‘ayganini darrov fahmlaydi. Prezident chin bog‘bon singari yosh niholning nozik ildiziga tuproq torta boshladi.

Prezident daraxt ekmoqda...

— Qani edi dunyodagi hamma davlatlarning rahbarlari bizning Prezidentimizday bo‘lsa, — havas va faxr bilan sekin shivirladi senator Husan Ermatov. — Afsuski...

“Afsuski...” degan bittagina so‘z nafaqat senator Husan Ermatovning, balki shu lahzalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi boqqa ko‘chat ekish uchun kelgan barcha yurtdoshlarimizning qalbidan ne-ne o‘y va tashvishlar kechayotganini ifodalab, anglatib turgandek edi.

Ha, afsuski, dunyo behalovat. Dunyo chaqaloqning kipriklarida, namozshomgul yaproqlarida omonat qalqib turgan shudring tomchisidek qaltirab turibdi. Ayrim davlatlarning rahbarlari tinchlikni avaylash, odamlarga mehr ko‘rsatish, ko‘chat ekish, tabiatni asrash o‘rniga qirg‘inbarot urushlarga sarkardalik qilmoqda. Ming-minglab odamlarning uylari vayron, dillari qabriston, ko‘chalari go‘riston bo‘lishiga sababchi bo‘lyapti. Yo‘limdan yurmasang, menga bo‘yin egmasang, aytganimni qilmasang, ko‘zingga ko‘rsatib qo‘yaman qabilida Yer yuzini ostin-ustun qilmoqqa jahd qilgan “shoh”lar yovvoyi maxluqdek o‘kirmoqda, pishqirmoqda, o‘kirmoqda. Bolalar yetim, onalar beva, insonlar vatangado bo‘lmoqda. Tabiat esa... Hammasidan ko‘p azob chekyapti ona tabiat. Har otilgan o‘qdan, har bombaning dahshat bilan portlashidan yam-yashil bog‘larning kuli ko‘kka sovurilmoqda, ona tabiat tanklarning temir tovoni ostida maydalanib, ingrab, jon taslim qilmoqda. Qachongacha davom etadi bunday xo‘rliklar, zo‘ravonliklar, qonxo‘rliklar, “men zo‘rmi, senmi” qabilidagi mushtumzo‘rliklar? Qachon insof kiradi bu bosqinchi ­kazzoblarga! Bombalaru snaryadlarga ketayotgan milliard-milliard mablag‘larni o‘z fuqarolarining farovonligiga sarflasa bo‘lmaydimi bu ko‘rnamaklar?! Dunyo qachon xalos bo‘ladi tinchlik qassoblaridan? Vayronkorlik, jonxo‘rlik qilish o‘rniga daraxt eksa bo‘larkan-ku, axir!

Prezident daraxt ekmoqda...

Tasodif yoki ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, buzg‘unchilarga, bosqinchilarga, tabiat yovuzlariga qarshi isyon sifatida nihol o‘tqazyapti mushtipar zamin quchog‘iga. Uch yildan oshdi Prezident tomonidan “Yashil makon” umummilliy harakati boshlanganiga. Loyiha chinakam xalq harakatiga aylandi. Avvalgi yillarda Yangi Toshkent, Sergeli, Chilonzor tumanlarida bo‘lgan ko‘chat ekishda davlatimiz rahbarining o‘zi bosh-qosh bo‘lgan edi. Shundan so‘ng qishloq va shaharlarda, yo‘l yoqalariyu xiyobonlarda million tuplab daraxt va gul ko‘chati ekildi. 

Oliy Majlis palatalarining o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan uch kunlik yig‘ilishlari adog‘ida esa davlatimiz rahbari 2025 yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildi. Muqaddas zaminda obodlik bo‘lsin, bog‘lar ko‘paysin, gullar bargida chang-g‘ubor bo‘lmasin, anhorlar, daryolar suvi musaffo bo‘lsin, qishloqlar, dalalar, qiru adirlar chamanga burkansin, odamlar musaffo havodan to‘yib-to‘yib nafas olsin, to‘yib-to‘yib yashasin, rohat qilib yashasin, degan muhtasham orzularning mo‘tabar iforlari edi bu!

— Bugun nafaqat biz, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilmoqda. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda, — deya ta’kidladi Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida. — Biz bu masalaning oqibatlarini oldindan ko‘rib, mazkur yo‘nalishda katta ishlarni olib boryapmiz. Bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi hozirgi kunga kelib, chinakam xalq harakatiga aylandi. Ushbu dastur qator hududlarda, jumladan, Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Prezident daraxt ekmoqda...

Bektemir tumanidagi halqa yo‘li yoqasida 100 gektarli yangi boqqa asos solinmoqda. Boqqa ikki yilda 100 ming tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chati o‘tqaziladi. Ularni parvarishlash va sug‘orish uchun 3 ta sun’iy havza va 12 ta quduq barpo etiladi. Mamlakatimizda esa faqat shu yilning kuzida 80 million tup daraxt va buta ko‘chati ekish rejalashtirilgan. Umuman, oxirgi uch yilda mamlakatimiz bo‘yicha 646 million tup ko‘chat va buta ekildi. Orolbo‘yidagi yashil qoplama hududi 2 million gektardan oshdi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz Oliy Majlis yig‘ilishida aytganidek, qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti ochildi. O‘zbekiston BMT tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiya tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.

O‘zbekiston 2023 yilda iqlim o‘zgarishlariga moslashuv jarayonini moliyalash yo‘nalishida MDHda birinchilardan bo‘lib tarixiy qadam tashladi hamda 331 million dollarlik “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.

Ekologik muammolarning mintaqaviy va transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda, joriy yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Unda Orol mintaqasini tiklashga qaratilgan tashabbuslarga alohida ­e’tibor berilib, yashil o‘rmonlar barpo qilish va mahalliy aholi turmush darajasini oshirish kabi keng ko‘lamli dasturlar taqdim etildi. Mazkur loyihalar yurtimizning ekologik va ijtimoiy o‘zgarishlarga sodiqligining o‘ziga xos ifodasidir.

Endi mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha hukumat tomonidan alohida dasturlar ishlab chiqiladi. Unda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etadi, albatta.

Lekin o‘zimiz-chi? O‘zimiz yurakdan his qilyapmizmi buni?

Axir biz — odamlar ona tabiatni ozmuncha xo‘rladikmi, taladikmi, azobladikmi, aldadikmi? Nega asrlar mobaynida bir tomchi suvga zor bo‘lgan arab sahrolari sel qahriga duchor bo‘lmoqda, nega shimol dalalari, o‘rmonu kentlari toshqinlar tagida ko‘milib qolyapti? Dunyo bino bo‘lganidan buyon chanqoqlik nimaligini bilmagan sersuv manzillar Afrika sahrolaridek qaqrab boryapti, daryolar o‘rnida cho‘llar, cho‘llar o‘rnida ko‘llar paydo bo‘lyapti? Chunki biz yetti qavat yer tagiyu yetti qavat osmon ustigacha nima ko‘rinsa, taladik, talayapmiz. Hatto ona zaminni pilladek o‘rab, turli balo-qazolardan asrab turuvchi ozon qatlamigacha ayamadik — teshdik: mix urib teshdik, miltiq otib teshdik, ­snaryad otib teshdik, teshyapmiz. Bu ketishda bulut bulutligini, osmon osmonligini, yulduz yulduzligini unutib qo‘ymaydimi? Bunday talon-tarojlarning oldi olinmasa, jilovlanmasa, qiyomat-qoyim bo‘lmaydimi? Bir-biridan dahshatli fojialarni zamin ahli bilib turibdi, esi borlar faryod uryapti, “Bas qiling!” deya hayqir­yapti. Zo‘ravonlar esa kardek, ko‘rdek miq etmayotir. Kim o‘zi ular? Nahotki, bolasi, ota-onasi, qarindosh-urug‘i, millati va vatanining taqdirini o‘ylamasa? Nega yoqasidan olib, burnini ajriqqa ishqamayapti dunyoga egamenlik da’vosida yurgan saltanatlarning sultonlari? Nega?!

O‘zbekiston Prezidenti daraxt ­ekmoqda...

Birinchi niholning ildizlari ­atrofini belkurak bilan shibbalab, ikkinchi ko‘chatga mehr qo‘rini to‘ka boshladi...

Bu shunchaki yerga bir tup ko‘chat o‘tqazish, shunchaki dam olish kunidagi yumushlarning biri emas. Bu — yetti yoshdan yetmishgacha bo‘lgan barcha fuqaroga da’vat. Talato‘p dunyoning ko‘ziga kul sochayotgan kimsalarning qilmishiga Prezident javobi. Tabiat xoinlarining boshiga urilgan gavron... va har bir aqli raso insonga saboq, yoshlarga ibrat, qariyalarga duo, mo‘yqalam sohiblariyu shoirlarga ilhom bulog‘i bu.

Davlat rahbarining qalbidagi orzu-armonlarni hali-hanuz hammamiz ham tushunib yetganimizcha yo‘q. Tushunib yetganimizda har yil bahoru kuzda ekkan ming-ming tup ko‘chatimiz saratonda quvrab, qorda muzlab qolmagan bo‘lar edi. Axir bu yil mana buncha million ko‘chat ekdik qabilidagi yolg‘on ma’lumotlar bilan o‘ziniyam, o‘zgalarniyam aldayotgan amaldorlar yo‘qmi oramizda? So‘nggi 10-15 yilda ekilgan daraxtu butalar haqidagi “hisobot”lar rost bo‘lganida edi, O‘zbekiston o‘rmonga aylanib ketgan bo‘lardi. Aldadik. Oqibat nima bo‘ldi — xalqning peshona teri bilan topilgan millionlar somondek sovurildi, mehnatimiz suvda oqdi, qumga cho‘kdi. Nima naf ko‘rdik? Prezident bunday xunuk xatolar takrorlanmasligi, saboq chiqarish, qalblarda ona tabiatga beadoq mehru muhabbat uyg‘otish uchun ham o‘zi bosh bo‘lib daraxt ekmoqda.

Daraxt ekmoqda...

Biz farzandlarimizga, nabiralarimizga tabiat nima ekanini tushuntira olyapmizmi? Bolalarimiz daraxtlarni daraxtlardan, gullarni gullardan, chechaklarni chechaklardan farqlay oladimi? Ko‘katlarning nomiyu maysalarning xususiyatini bilishadimi? Qayrag‘ochning foydasiyu yantoqning shifobaxshligini anglashadimi? Ularga qaldirg‘ochlar nima uchun ayvonlarga in qurishini aytganmizmi? Zurriyotlarimizga ­burgutlarning lochinlardan, qarg‘alarning quzg‘unlardan, chiyabo‘rilarning bo‘rilardan farqi haqida gapirganmizmi? Bir tup daraxt, bir tup rayhon, bir siqim yalpiz, bir tutam ismaloq odamzodga qancha foyda keltirishi haqida-chi? Daraxtning bitta shoxini, na’matak yoki do‘lananing bitta novdasini bevaqt sindirish qanchalar zararli ekanini-chi? Daryoyu anhorlar kalla tashlab, maza qilib cho‘milishgina emas, minglab insonlarning, gulu g‘unchalarning, qurtu qumursqa, bog‘u rog‘larning joni, qoni ekanini tushuntirganmizmi? Bolalarimiz his qiladilarmi, bulut nimaligi, oy nimaligi, qiru adir va yeru osmon nimaligini? To‘fonlar, toshqinlar qayoqdan paydo bo‘lishiyu nega tabiiy ofatlar ko‘payib ketayotgani sabablari haqida ularning tasavvuri bormi? Yer yuzidagi hamma yaratiq inson uchun, yashash uchun ­kerakligi, ularni tanish, bilish, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash uchun o‘qish, o‘rganish zarurligini bilishadimi? O‘zimiz-chi? Bilsak, nega ariqlar, daryoyu soylarning suvi bulg‘anishiga tomoshabin bo‘lib qarab turibmiz, yo‘l bo‘ylari, mahalla-ko‘ylarda kunu tun jildirab oqib yotgan vodoprovod jo‘mragini burab qo‘yish nega esimizga kelmayapti? Nega tonnalab zaharli gaz chiqarayotgan yirik korxonalarni tartibga chaqirmayapmiz? Nega ostonamizdagi ariqlarni xazon bosib yotibdi? Kecha ekkan niholni echki g‘ajiyotganini ko‘rib turib, nega haydamaymiz? Farzand kimdan ibrat olsin? Qush uyasida ko‘rganini qilmaydimi? Qachon saboq chiqaramiz o‘zimiz — kattalar?

Qachon xulosa qilamiz, qachon rost gapirishni o‘rganamiz?

Prezident daraxt ekmoqda...

Nihol tubiga suv quymoqda. Bu nihollar o‘sib, azamat daraxtlarga, daraxtlar katta bog‘larga aylanadi hali. Bog‘lar qushlar chug‘uriga to‘ladi, bulbullar mast bo‘lib sayraydi. Asalarilar daraxtlarning gullariga qo‘nadi, shamollar o‘padi, quyosh nur to‘kadi. Qadim Turon, ulug‘ Turkiston — yangi O‘zbekiston bog‘larida qariyalar yonboshlab dam oladi, bolalar qiyqirib o‘ynaydi, Xudo xohlasa. Har nafas, har daqiqani bekor ketkazmay, tabiatni onajon, deya bag‘rimizga bosib, yelkamizda opichlab, qarog‘imizda avaylaydigan zamon keldi. Onajonimizning oydek porloq, quyoshdek mehrli ekanini bilmoq va ardoqlamoq zamoni keldi.

Kechir bizni, ona tabiat,

Soching yulib, zo‘rladik seni.

Oh ursang ham qilmadik shafqat,

Orol misol xo‘rladik seni.

Sen shod bo‘lsang, ko‘ngling to‘q bo‘lsa,

Biz ham shodmiz, bizlar ham to‘qmiz.

Ko‘zing achchiq yoshlarga to‘lsa,

Biz ham g‘arib, bizlar ham yo‘qmiz.

Boshimizni urib poyingga, 

Ona, sendan uzr so‘raymiz. 

Endi esa hamma joyingni,

Chechaklarga, gulga o‘raymiz.

Ko‘klatay deb ulug‘ mulkingni,

Yo‘lga chiqdi qari, yoshimiz.

Bu qudratli ulug‘ to‘lqinni,

Boshlab berdi davlat boshimiz.

Dala dashtu ko‘cha-ko‘yingni,

Burkagaymiz bog‘u bo‘stonga.

Havas qilgay bu jabhada ham,

Ahli dunyo O‘zbekistonga.

 

Prezident daraxt ekmoqda...

Abdusaid KO‘CHIMOV,

senator

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI

23.12.2025   4047   15 min.
SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI

(5 qismdan iborat)

(faqat ASOSIYLARI) ni ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

   

      (1-qism)

KALOMULLOH – QUR’ONI  KARIMDA

MЕHRIBON  PARVARDIGORIMIZ

MARHAMAT  QILADI:

 

►«Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!» (A’rof surasi 7/204 oyat);

 

►«Yurganingda o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi 31/19 oyat);

 

►«Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!» (Oli Imron surasi 3/159 oyat);

 

►«Ey, Muso! Siz o‘zingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman», deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa» (Toho surasi 20/42-44 oyatlar);

 

►«Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz» (Niso surasi 4/114);

 

►«Mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar. Ular behuda so‘z va ishlardan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun surasi 23/1-3 oyatlar);

 

►«Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat);

 

►«Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling...» (Baqara surasi 2/83 oyat);

 

►«Zotan, o‘ng va chap tomonda o‘tirgan ikki yozib turuvchi farishta qabul qilib yozib tururlar. U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir» (Qof surasi 50/17-18 oyatlar);

 

►«Holbuki, sizlarning ustingizda barcha so‘zingiz va ishingizni yodlab turuvchi farishtalar bor. Ular nomai a’molga yozuvchi ulug‘ zotlardir. Ular siz qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi 82/10-12 oyatlar);

 

►«Kimki tavba qilib ezgu ishlarni qilsa, bas, albatta, u Alloh rizosi va mag‘firatiga qaytgan bo‘lur. Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar va behuda so‘z yo ish oldidan o‘tgan vaqtlarida olijanoblik bilan undan yuz o‘girgan holda o‘tarlar» (Furqon surasi 25/71-72 oyatlar);

 

►«Ey, mo‘minlar! Allohdan qo‘rqingiz va to‘g‘ri so‘zlangiz! Shunda Alloh ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi» (Ahzob surasi 33/70-71 oyatlar).

 

 

JANOBI  PAYG‘AMBARIMIZ

RASULULLOH  SALLALLOHU  ALAYHI  VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT  TARIQASIDA  MARHAMAT  QILADILAR:

 

>«Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

 

>«Jim turgan najot topibdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

> «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga — jannat  yonidagi bir uyga kafilman!

> Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga — jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman!

> Chiroyli xulqli kishiga — jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

> «Haqiqiy musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan ozor ko‘rmagan odamdir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

> «Kim sukut qilsa, najot topdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Kimning gap-so‘zi ko‘p bo‘lsa, ko‘p gapirsa, ko‘p xato qiladi. Ko‘p xato qilgan odamning gunohi ortadi. Gunohi ko‘p odamga do‘zax munosibroqdir»;

> «Bandaning musulmonligi go‘zal bo‘lishining belgilaridan biri — uni o‘ziga aloqasi yo‘q narsalardan sukut qilishi» (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari);

> «Odam bolasining har bir so‘zi unga qarshi hisoblanadi, faqat yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Mo‘minlarning imoni eng mukammali — xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi»;

> «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

> «Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:

> Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;

> Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;

> Ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan»;

> «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;

> «O‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalarni tark etishi – kishining yaxshi musulmon ekanligidan dalolatdir» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular:  sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

> «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;

> «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

> «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat biling: keksaligingizdan oldin yoshligingizni, betobligingizdan oldin salomatligingizni, faqirligingizdan oldin boyligingizni, bandligingizdan oldin bo‘sh vaqtingizni,   o‘limingizdan oldin tirikligingizni!» (Imom Hokim rivoyatlari);

> «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;

> «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

> «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;

> «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;

> «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);

> «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;

> «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;

> «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

> «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” deydi»;

> «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;

> «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);

> «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;

> «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;

> «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;h

> «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;

> «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;

> «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;

> «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;

> «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;

> «Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir»;

«Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam — Xudoga ham shukr qila olmaydi»;

> «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

> «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»

> «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;

«Gunohli gapni eshitgan kishi ham uni aytganning sherigidir»;

> «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);

«Kim o‘zining haq ekanini bilib turib, tortishuvni to‘xtatmasa, imonda haqqoniylik darajasiga yetmagan bo‘ladi»;

«Janjalni avval tugatgan kishiga jannatdan bir saroy beriladi»;

«Kim haqsiz bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning chetidan bir saroy beriladi.

Kim haq bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning o‘rtasidan bir saroy beriladi»;

«Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

 

 

SAHOBAI KIROMLARDAN NAQL:

 

♦ «Biz Rasulullohning oldilarida hisob-kitobidan qo‘rqqanimiz uchun ko‘p sukut qilardik».

♦ Soib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldim. Bas, odamlar meni maqtay boshladilar va go‘zal axloqlar bilan zikr qila boshladilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

 

“Rost aytdingiz! Otam, onam sizga fido bo‘lsin! Siz sherigim edingiz. Qanday ham yaxshi sherik edingiz.

Xilof ham qilmas edingiz. Talashib-tortishmas ham edingiz” dedim» (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari).

 

: ushbu hadisi sharifning roviysi Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhu avvallari Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sheriklari bo‘lgan edilar. Ikki sherik bir-birlarini juda ham yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ular bir-birlarini vasf qilishda boshqalardan ko‘ra afzal edilar.

 

Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhuning Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga qilgan vasflarida U Zotning talashib-tortishish odatlari yo‘qligi aytilmoqda.

 

 

ULUG‘LARDAN   HIKMATLAR:

⇒ «Sukut – hikmat, lekin unga amal qilganlar juda oz».

 

⇒ «Kishi faqat kerakli gapni aytsin. Keraklisi kam, keraksizi ko‘pdir».

 

⇒ «Insonni yiqitadigan narsalarning eng ko‘pisi — tilidir».

 

⇒ «Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan o‘rnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi bo‘lmasin!».

 

«Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,

Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,

Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,

Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano»

(Hoja Ahmad Yassaviy).

 

⇒ «Har kim gapiradi, lekin kam odam sukutning qiymatini tushunadi».

 

⇒ «Jannatda faqat pok so‘z. Shuning uchun dunyoda ham pok so‘z — yoxud sukut afzal».

 

⇒ «Kishi sukut orqali o‘z yuragini, aqlini, vaqtini va obro‘yini saqlab qoladi».

 

⇒ «Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

 Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay»

⇒ «Ko‘p so‘z — ko‘p xato. Sukut — qutqaruv».

⇒ «Aqlli kishi avval o‘ylaydi, keyin gapiradi».

⇒ «Bilimning ko‘pchiligi – so‘zda emas, sukutdadir».

⇒ «Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,

 Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.

Qulog‘imga bergan panding olayin,

Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma»

⇒ «Sukut orqali inson gunohdan, xusumatdan, fitnadan saqlanadi».

 

⇒ «Tilni himoya qiladigan eng kuchli devor — sukut».

 

⇒ «Odamning yaxshiligi uning tilida namoyon bo‘ladi».

 

⇒ «Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, og‘ritma zinhor!
Takabbur qilmag‘il, ey, bema’oniy,
Faloniy o‘g‘lidurman deb faloniy!
»
                                                                      (So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).

 

⇒ «Tilga ega bo‘lgan inson — axloqiga ega bo‘lgan inson».

 

⇒ «Sukut – taqvo alomatlaridan».

 

⇒ «Sukut — ibodat sifatida ham bo‘lishi mumkin».

 

⇒ «Burung‘i holig‘a qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otag‘a, qolma talabdin!
Qiyomatda so‘ralmasdir nasabdin
»

So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).

 

⇒ «Mo‘minning sifati — foydasiz gapdan saqlanish va sukut bilan nafsini himoya qilish».

 

⇒ «Agar so‘z yaxshilikka olib bormasa, sukut afzal».

 

⇒ «Gapni faqat yaxshi va haq so‘z bilan aytish darkor. Nojoiz, qattiq, fitnaga olib keladigan so‘zdan sukut qilish – Alloh amriga muvofiq».

 

⇒ «Agar sen qiblaga burmasang yuzni,

Besh mahal sajdayu namozing bekor.

Jannatga hech qachon tikmagil ko‘zni

Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor»

(Abdulla Oripov).

 

⇒ «Sidq va xulqning belgisi — nazorat qilingan til».

 

⇒ «So‘zda tejamkorlik — kamso‘zlik va sukutga yaqin bo‘lgan odob».

 

⇒ «Agar so‘z rost va haq bo‘lmasa, sukut afzal».

 

⇒ «Qo‘pol so‘z — ilon gazagidek zararli».

⇒ «Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,

Boshini silasang o‘ksik insonni»

(Abdulla Oripov).

 

⇒ «Bekorchi va behuda so‘zlarni gapirish ham nafs kasalligidir».

 

⇒ «Sukut qiladigan odam kam gunoh qiladi, chunki har so‘z qayd qilinadi».

 

⇒ «Behuda so‘z ham “behuda ishlar”dan. Mo‘min bundaydan o‘zini olib qochadi».

 

⇒ «Qo‘pol so‘zdan sukut qilgan inson o‘zini ham, boshqani ham azobdan saqlaydi».

 

⇒ «Kamgap bo‘ling! Og‘zi yopiq baliqni hech kim qarmoqqa tushira olmaydi. Siz ham og‘zingizni yoping. Chunki qanchadan-qancha insonlar sizning xatolaringizni ovlash payida yurgan bo‘ladi. Siz xuddi mayin yomg‘ir kabi bo‘lingki, yomg‘ir qayerga yog‘sa, o‘sha yerga manfaat yetkazadi».

 

                    (Davomi bor...)

 

Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar