Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Bir namozni o‘qiyotganida ikkinchi namozning vaqti kirishi

04.12.2024   5320   1 min.
Bir namozni o‘qiyotganida ikkinchi namozning vaqti kirishi

Cavol: Men peshin namozini uyda o‘qiyotgan edim. To‘rtinchi rakatida asrga azon aytildi. O‘qigan peshin namozim durustmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, o‘qigan peshin namozingiz durust, uni qayta o‘qilmaydi. Bu haqida Imom Qo‘histoniy bunday zikr qilganlar: “Vaqtlik namozni o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqib ketsa, namozi buzilmaydi. Eng to‘g‘ri gap shudir. Mazkur namoz ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi, qazo hisoblanmaydi. Eng sahih gap shudir. “Zohidiy”ning qazo bobida ham shunday zikr qilingan. Ammo bundan bomdodni o‘qiyotganida, uning vaqti chiqishi istisno qilinadi. Chunki u (bomdod vaqtining chiqishi) namozni buzuvchidir” (“Jomeur-rumuz” kitobi).

Demak, bir farz namozini o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqsa, namoz buzilmaydi. Chunki ikkinchi farz namozining vaqti kiradi. Masalan: peshinni o‘qiyotganida, asrga azon aytilsa, peshinning vaqti chiqishi bilan asrning vaqti kiradi.

Shuningdek, asrning vaqti chiqishi bilan, shomning vaqti kiradi, shomning vaqti chiqishi bilan, xuftonning vaqti kiradi. Shunga ko‘ra, namozni bir farz namozining vaqtida boshlab, ikkinchi farz namozining vaqtida tugatgan bo‘ladi.

Shuning uchun uning namozi durust va ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi. Faqat bomdod namozi bundan mustasno. Chunki bomdodning vaqti chiqqanidan keyin peshinning vaqti kirmaydi. Shuning uchun bomdodni o‘qiyotganida, quyosh chiqib qolsa, uning namozi buziladi va qazosini o‘qish vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi – mutaxassislar

04.06.2025   7160   4 min.
Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar

 
 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti. 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.

 

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.


 

Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:

 

- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;

 

Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.

 

Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

 

Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:

interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;

audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;

virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;

Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.

 

Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.

 

Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.

 

Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:


– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.

 

Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

cisc.uz

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar
O'zbekiston yangiliklari