Devbanddagi “Dorul ulum” nomini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Oxirgi paytda Alloh taolo bu idorani ummat uchun rahmat qilib qo‘ydi. U yerdan sahobai kiromlarni yodga soladigan odamlar yetishib chiqdilar.
Men padari buzrukvorim Muftiy Muhammad Shafe’ qoddasallohu sirrohdan eshitganman. Devbanddagi “Dorul ulum”ning avvalgi davrida ustozlarning bir odatlari bor edi: “Dorul ulum”ga biror mehmon birortasi bilan uchrashish uchun kelsa, kelgan vaqtini qayd qilinar, keyin oy oxirida, falon-falon kunlarda mehmon bilan mashg‘ul bo‘ldim, shuncha vaqt “Dorul ulum” ishidan chalg‘idim, shuning uchun mening maoshimdan kesib qolinsin, deb iltimosnoma taqdim qilar edilar...
Hozirgi kunda oylikni oshirishni so‘raganlari haqida ko‘p eshitasiz. Lekin, men idoraga tegishli muddatda shuncha vaqtni shaxsiy ishimga sarf qildim, shu sababli maoshimdan qirqib olinsin, deb iltimos qilgan biror kimsa haqida eshitmaysiz. Bu ishni faqatgina bir kun Alloh taoloning huzurida turishni o‘ylagan shaxsgina qila oladi.
“Nasihatlar guldastasi”dan.
Bugun Hakim Termiziy majmuasi muzeyida buyuk allomaning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan chop etilgan Hakim Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosiga oid kitoblar o‘rin oldi.
Ushbu nashrlar orqali buyuk mutafakkirning ilmiy qarashlari, asarlarining mazmun-mohiyati va bugungi kundagi ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Allomaning boy ilmiy-ma’naviy merosi bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotmagan. Unda ilgari surilgan ezgulik, ma’rifat va yuksak axloq g‘oyalari yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Hakim Termiziyning hayoti, ilmiy faoliyati va ma’naviy merosi haqida hikoya qiluvchi maxsus videolavha ham namoyish etildi.
Mazkur ko‘rgazma allomaning ilmiy merosini keng targ‘ib etish, asarlarini o‘rganishga qiziqishni oshirish hamda ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy xazinani kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati