Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2026   |   24 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:20
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2026, 24 Rajab, 1447

Umar uning foydasiga hukm chiqardi

23.12.2024   11169   2 min.
Umar uning foydasiga hukm chiqardi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:

«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:

«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.

«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.

«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.

Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki bosh­qami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

13.01.2026   1813   1 min.
“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida taniqli ulamo, shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Yusufxon to‘ra Shokirov – umrini islom ma’rifatiga bag‘ishlagan alloma” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Davra suhbatida ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.Najmiddinov, Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti o‘qituvchisi A.Hamidov, madrasa ustozlari va talabalar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar allomaning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosi haqida to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tavallud topgan bo‘lib, ilm yo‘lidagi dastlabki qadamlarini mashhur “Mir Arab” madrasasida (1948–1954 yillar) boshlagan. Keyinchalik Misrning dunyoga mashhur “Al-Azhar” universitetida (1955–1961 yillar) tahsil olib, yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan.

Yusufxon to‘ra Shokirov o‘z faoliyati davomida nafaqat ma’muriy mas’ul lavozimlarda ishlagan, balki Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan. Uning qalamiga mansub:

· “Qissasi Rabg‘uziy kitobidagi oyat va hadislar”,

· “Islom – iymon, e’tiqod va hayot ramzi” kabi monografiyasi,

· “Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” kabi ilmiy ishlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlarni buyuk ulamolarning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularda ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.

Davra suhbati qizg‘in savol-javoblar bilan yakunlandi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

A.Najmiddinov

 

Idora faoliyati