Odatda har yili 31-dekabr sanasida shomdan keyin boshlangan paqildoq va salyutlar tovushi soat o'n ikkiga yaqin avjiga chiqib, tonggacha davom etadi. Ba‘zi insonlarning xursandchilik qilaman, degan niyatda solayotgan shovqinlari hammaga ham yoqmaydi.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu ovozu shovqinlar qanchalab xonadonlarning tinchini buzar ekanaa?!. Ba'zi uylarda qon bosimi baland bo‘lgan qariyalar, og'riqdan ko'ngliga qil ham sig‘mayotgan bemorlar, kunu tun betob bo‘lib yotgan farzandining tepasida mijja qoqmay chiqayotgan onalar, shovqindan qo'rqib tinmay yig‘layotgan go‘daklar tong otishi, shovqin-suronlar to‘xtashiga intizor bo‘ladilar. Kishilar tinchini buzayotganlarni uyida ham yuqoridaga aytgan holatlar bo'lganda shu ishni qilisharmidi?
Dinimizda boshqalarga tili va qo‘li bilan ozor yetkazishdan qaytarilgan. Islomda insonlarni qo'rqitish zulm hisoblanadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmon musulmonni qo'rqitishi halol bo‘lmaydi", deya marhamat qilganlar.
Yangi yil arafasida paqildoq va salyutlar narxi qancha qimmat bo'lishi hammamizga ma‘lum. Mana shu narsalarga pullarini isrof qilib, uni havoga uchirmay, ehson qilinsa, qanday ham yaxshi amal bo‘lardi.
Bularni nega yozayapmiz?! Iltimos, o'zingizning ozgina xursandchiligingizni, deb boshqalarga ozor bermang, bizni o‘z uyimizda tinch yashashga qo‘ying, o'zgalarga ozor berishni bas qiling!"
Joziba Jamol qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta‘lim muassasasi o'qituvchisi
Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.
Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.