Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2025   |   9 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:06
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2025, 9 Rajab, 1447
Maqolalar

Kelinning sepida erning haqqi yo‘q

06.01.2025   6922   3 min.
Kelinning sepida erning haqqi yo‘q

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَهَّزَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَاطِمَةَ فِي خَمِيلٍ وَقِرْبَةٍ وَوِسَادَةٍ حَشْوُهَا إِذْخِرٌ .رَوَاهُ النَّسَائِيُّ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga bir chiyduxoba, bir mesh va ichiga izxir solingan bolishni jihoz (sep) qilib berdilar» (Nasaiy rivoyat qilgan). Alloh oliy va bilguvchiroqdir.

Sharh: Olamlarning sayyidi bo‘lmish zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning jigargo‘shalari, ahli jannat ayollarning sayyidasi Fotimai Zahro roziyallohu anhoga qilib bergan seplari qanchalik kamtarona, qanchalik sodda bo‘lganini qarang.

Bu holatni bilgandan keyin bugungi kunga bir nazar solaylik. Boshqalarni qo‘yib turib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlik da’vosini qilayotganlarga ko‘z tashlaylik.

Qiz bola tug‘ilganidan boshlab, yemay-ichmay, yedirmay-ichirmay sep to‘plab, bo‘lgan-bo‘lmagan narsani yig‘ib, jamlab yuradiganlarga nima deyish mumkin?

Sep masalasini nikohning asosiy va markaziy masalasiga aylantiruvchilarga nima deymiz?

Kelinning epiga emas, sepiga qaraydigan qudalarga nima deymiz?

Sep tufayli kelib chiqayotgan urush-janjallarga nima deymiz?

Nima ham der edik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak oling, otalar, deymiz.

Fotimai Zahrodan o‘rnak oling, qizlar, deymiz.

Hazrati Ali karramallohu vajhahudan o‘rnak oling, kuyovlar, deymiz.

Sep masalasida tez-tez oilaviy kelishmovchiliklar chiqib turishini ko‘zda tutib, ulamolarimiz bu masalani batafsil yoritib berganlar.

– Mahr deb berilgan narsaning sepga hech aloqasi yo‘q.

Bir odam mahrga ming dinor berdi. Odatda bunchalik ko‘p mahr olgan kelin ko‘p sep bilan kelar edi. Ammo bu kelin oz sep bilan keldi. Shunda erning «Sen ko‘p jihoz bilan kelishing kerak edi», deyishga haqqi yo‘q.

– Kelin o‘zi bilan olib kelgan sepiga o‘zi ega hisoblanadi. U narsalarda erning haqqi yo‘q.

– Agar er mahrdan tashqari, jihoz olishga alohida pul bergan bo‘lsa-yu, kelin hech narsa olmay kelsa, er talab qilishi mumkin. Ammo ma’lum muddat indamay yursa, rozi bo‘lgan hisoblanadi va keyin talab qilishga haqqi qolmaydi.

– Agar ota urf-odatga binoan, qiziga sep olib bergan bo‘lsa, keyin uni qaytarib olishga haqqi yo‘q. Ota vafot etganidan keyin boshqa merosxo‘rlar ham uni ololmaydilar.

– Ota qizi kichkinalik paytida unga sep bo‘ladigan narsani sotib olib bergan bo‘lsa, keyinchalik orada nizo chiqib, ota «Omonatga bergan edim», desa, qiz esa «Sepga berilgan edi», desa, otaning hujjat-dalillari bo‘lmasa, qizning gapi o‘tadi. Agar qiz vafot etganidan keyin nizo chiqsa, uning erining gapi o‘tadi.

– Agar ona otadan so‘ramay, uydagi narsalardan qiziga bersa, ota indamasa, u narsalar qizga sep bo‘ladi, qaytarib olish mumkin emas.

– Agar kuyov qizning valiylariga to‘yni tezlashtirish uchun biror narsa bergan bo‘lsa, keyinchalik «O‘sha narsani qaytarib beringlar», deyishga haqqi bor. Chunki u narsa rishva – pora hisoblanadi.

Hamma muqaddimalar qilib bo‘linganidan keyin er-xotin bo‘lib yashashdan oldin nikohni e’lon qilish kerak.

«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qoraqalpog‘istonda din va madaniyat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

29.12.2025   770   1 min.
Qoraqalpog‘istonda din va madaniyat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Shu yil 27 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston san’at saroyida madaniyat xodimlari va din vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan qaror va farmonlar, shu orqali yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.


Shuningdek, qisqa vaqt ichida Qoraqalpog‘iston tarixi sahifalarida o‘ziga xos o‘rin egallagan muhim yangiliklar, bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu ishlar hamda oldinda turgan ustuvor vazifalar xususida fikr almashildi.


Aytib o‘tish joizki, yaqin vaqt ichida Qoraqalpog‘istonda chin ma’noda tarixiy ahamiyatga ega islohotlar amalga oshirilib, aholi va tadbirkorlik subyektlari, jamiyatning barcha qatlamlari uchun ilgari bo‘lmagan keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi. Ushbu islohotlar va tashabbuslar uchrashuv davomida aniq misollar bilan yoritib berildi.


Shundan so‘ng ishtirokchilarning taklif va mulohazalari tinglanib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.


Uchrashuv yakunida yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh madaniyat xodimlari va din vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi tomonidan munosib rag‘batlantirildi. 


Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti

Matbuot xizmati

Qoraqalpog‘istonda din va madaniyat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi Qoraqalpog‘istonda din va madaniyat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi Qoraqalpog‘istonda din va madaniyat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi Qoraqalpog‘istonda din va madaniyat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari