O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi Fatvo markazi ulamolari tomonidan “Ro‘zaga oid fatvolar” nomli kitob xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan edi. Endilikda ushbu kitob yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan holda qayta to‘ldirilgan nashri chop etildi.
Kitobda hanafiy ulamolari tomonidan fiqh va fatvo kitoblarida keltirib o‘tilgan ro‘zaning turlari, shartlari, ro‘zani ochuvchi omillar, qazo va kafforotni vojib qiluvchi ishlar va ro‘zaga doir eng muhim masalalar sodda va ravon uslubda yoritilgan. Shuningdek, mavzuga tegishli zamonaviy masalalarning yechimlari va ko‘p so‘raladigan savollarga javoblar ham kitobdan o‘rin olgan.
Alloh taolo ushbu kitobni yurtimiz mo‘min-musulmonlariga manfaatli aylasin!
Kitobning hajmi: 222 bet
Muqovasi: Yumshoq
Nashriyot: “Matbaachi”
Narxi: 25 000 so‘m
Ulgurchi oluvchilar murojaat qilishlari uchun:
+998917806633
@fatvo_reception
Manzilimiz
#xabar #haj2026 #ellikboshi #vazifa
Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2026” mavsumida hojilar ibodatiga boshchilik qiluvchi guruh rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab, har bir ellikboshi Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda joriy mavsumni namunali o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olingani, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilgani, ziyoratchilar bilan uchrashuvlarda e’tibor qilinishi zarur bo‘lgan masalalarga urg‘u qaratildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z so‘zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, ahkomlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga javob berish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, haj amaliga oid shar’iy masalalarda faqat Fatvo markazi fatvolariga rioya etish, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, safarni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati