Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Ulamolar mavlid haqida

27.01.2025   12277   21 min.
Ulamolar mavlid haqida

Ulamolarning mavlid borasidagi fikrlari xakida ma’lumot axtarish davomida birinchi bulib Ahmad ibn Muhammad ibn Ali ibn Hajar Haytamiyning mashhur «Tuhfatul muhtoj fi sharhil minhoj» kitobidagi matn e’tiborimni tortdi. Uni o‘qib chikkach, mazkur ma’lumotlarni maqsadni bayon qilish uchun yetarli deb bilib, boshqalarini axtarishdan voz kechdim. Mazkur matnni siz muhtaramlarning e’tiboringizga havola qilishni ma’qul deb topdim. Chunki mazkur matndan ko‘p narsalarni anglab olish imkoni bor ekan. Jumladan, mavlid haqida bahs yuritgan ulamolarning vakillari haqida ham ma’lumot olish mumkin.

Mazkur matn boshidan-oxirigacha mashhur alloma, hofiz Jaloliddin Suyutiy rahmatullohi alayhga oid bo‘lib, biz nomini aytib o‘tgan kitob egasi Ibn Hajar Haytamiy u kishidan to‘liq kuchirgan.

Matnni e’tiboringizga havola qilishdan oldin unda nomi zikr qilingan va mavlidni qo‘llab-quvvatlagan ulamolar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak, masalani anglab yetishga yordam berar, degan umiddamiz.

Hofiz Jaloliddin Abu Fazl Abdurrahmon ibn Abu Bakr ibn Muhammad Suyutiy Shofe’iy. Muhaqqiq va mashhur olim. G‘oyatda mashhur va foydali kitoblar muallifi. Hijriy 849 sananing rajab oyida tavallud topgan. Sakkiz yoshligida Qur’onni xatm qilgan. Ko‘plab matnlarni yod olgan. Yozgan kitoblarining soni besh yuztadan oshgan. Kitoblarining shuhrati haqida gapirishning hojati ham yo‘q.

Bu zot o‘z zamonasining hadisga oid barcha ilmlarida ham peshqadam bo‘lgan. U kishi ikki yuz ming hadisni yoddan bilgan va «Yana boshqalarini topsam, yodlar edim», degan. Qo‘shimcha tarzda aytadigan bo‘lsak, hammaga ma’lum va mashhur «Jalolayn» tafsirining ikki muallifidan biri huddi shu imom Jaloliddin Suyutiy bo‘ladilar.

Endi Ahmad ibn Muhammad ibn Aliy ibn Hajar Haytamiyning mashhur «Tuhfatulmuhtoj fi sharhil-minhoj» kitobidagi matnni sharhlashga o‘taylik. Sharhdan ajrab turishi uchun matnning ostiga chiziq qo‘ydik.

«Hofiz Suyutiyning fatvolarida, «Valiyma» bobida rabi’ul-avval oyida mavlidun-Nabiy qilish haqida, uning shar’iy hukmi, bu ish yaxshimi, yomonmi, qilgan odamga savob bo‘ladimi, yo‘qmi, shu haqda so‘raldi.

U kishi quyidagi javobni berdi:

«Mening javobim shuki, aslida odamlar jamlanib, muyassar bo‘lganicha Qur’on tilovat qilinsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ishlarining avvalida bo‘lgan xabarlar, u zotning tug‘ilishlarida sodir bo‘lgan mo‘jizalar rivoyat qilinsa va oxirida ularga yegulik ulashilib, bunga boshqa narsalar ziyoda qilinmay tarqalib ketiladigan bo‘lsa, bu ish bid’ati hasanadir.

Uni qilgan odamga Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lagani, u zotning mavlidlari munosabati ila xursandchilik izhor qilgani uchun savob beriladi».

Hofiz Jaloliddin Abu Fazl Abdurrahmon ibn Abu Bakr ibn Muhammad Suyutiy Shofe’iy rahmatullohi alayhning mavlid haqidagi bu fatvolaridan bir necha xulosalar chiqarib olamiz.

1. Mavlid bid’ati hasanadir.

Mavlidda quyidagi ishlarni qilishga ruxsat beriladi:

2. Qur’on tilovati.

Iloji bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi oyatlarni o‘qib, har qavm o‘z tilida tafsir qilsa, juda ham yaxshi bo‘ladi.

3. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ishlarining avvalida bo‘lgan xabarlarni rivoyat qilish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilish davrlaridagi jaholat holatini, u zotning xayr-baraka bo‘lib tug‘ilganlariga oid sahih rivoyatlarni o‘qib, tarjima va sharh qilib berilsa, xalq ommasi kerakli ma’lumotni olgan bo‘ladi.

4. U zotning tug‘ilishlarida sodir bo‘lgan mo‘jizalarni rivoyat qilish.

Bunda asossiz, mubolag‘ali va to‘qima xabarlardan ehtiyot bo‘lish lozim. Ba’zi kitoblarda ana shunday narsalar aralashib qolganini unutmaslik kerak. Hadis va ishonchli siyrat kitoblarida kelgan xabarlarning o‘zi yetarli.

5. Oxirida yegulik ulashish.

Bunda ham haddan oshmaslik, isrof va noshar’iy narsalarga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

6. Boshqa narsalarni ziyoda qilmay tarqalib ketish.

Ya’ni yuqorida zikr qilingan narsalardan ortiqcha ish qilmaslik kerak. Ba’zilar «Bundan boshqa nima bo‘lishi mumkin», deyishlari mumkin. Boshqa yerlarda, xususan, arablarda mavlid marosimlarida turli bid’at va xurofot ishlar paydo bo‘lgan. Shuning uchun ham imom Jaloliddin Suyutiy bu shartni alohida ta’kidlamoqdalar.

7. Mavlid qilgan odamga savob berilishi.

Bu savob mavlid qilgan odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lagani, u zotning mavlidlari munosabati ila xursandchilik izhor qilgani uchun beriladi.

Keyin yana quyidagilarni zikr qilgan:

«Buni birinchi bo‘lib qilgan shaxs Irbil hukmdori Malik Muzaffar bo‘lgan. Uning huzuridagi mavlidga ulamo va so‘filarning a’yonlari hozir bo‘lar edi. So‘ngra Hofiz Abul Xattob ibn Dihya unga (Malik Muzaffarga) atab mavlidun-Nabiy haqida bir kitob tasnif qildi va «Tanvir fii mavlidi bashirin-nazir» deb nomladi».

Imom Jaloliddin Suyutiyning ma’lumotlari bo‘yicha birinchi bo‘lib mavlid marosimini tashkil qilgan odam Irbil hukmdori Malik Muzaffar bo‘lgan.

Bu gapni boshqa ulamolar ham qo‘llab-quvvatlaydilar. Shayx Muhammad Zakiy Ibrohim «Abjadiyyatu tasavvufil islomiy» nomli kitobda quyidagilarni aytadi:

«Mavlidun-Nabiyni birinchi bo‘lib nishonlagan shaxs Malik Muzaffar (Tog‘ril) Iroqdagi Irbilning podshohi bo‘lgan. U bu ishni imom Abu Shoma va boshqa ulamolarning roziligi bilan qilgan».

Dastlabki mavlid marosimlari katta ulamolar va so‘fiylar huzurida bo‘lgani alohida e’tiborga sazovordir.

Yana mavlid haqida kitoblar yozilgani ham bejiz emas.

«So‘ngra molikiylarning keyingilaridan Fokihoniy nomi bilan mashhur bo‘lgan shayx Tojiddin Umar ibn Ali Lahmiy Sakandariy mavlidun-Nabiyning yomon bid’at ekanini da’vo qilib chiqdi va bu haqda «Al-Mavrid fil kalami ’ala amalil-mavlid» degan kitob yozdi».

Demak, o‘sha vaqtda oz bo‘lsa-da, mavlidga qarshi chiqqanlar va hatto bu masalada kitob yozganlar bo‘lgan ekan.

«Hofiz Abu Xattob o‘sha kitobni avval to‘liq ko‘chira turib, keyin birma-bir chiroyli tanqid qildi va balog‘atli raddiyalar berdi. Alloh bunday Hofizning xayrini bersin!»

Mavlidga qarshi bo‘lganlarga o‘z o‘rnida va qoyillatib ilmiy javob hamda raddiyalar berilgan ekan.

«Asrning hofizi bo‘lmish shayxulislom Abu Fazl Ahmad ibn Hajardan mavlid haqida so‘raldi. U kishi quyidagi javobni berdi:

«Mavlidning asli bid’at bo‘lib, u haqda birinchi uch asrdagi salafi solihlardan hech narsa naql qilinmagan. Lekin, shu bilan birga, bu ish yaxshiliklarni ham, unga zid bo‘lgan narsalarni ham o‘z ichiga olgan. Bas, kim yaxshiliklarini olib, yomonliklaridan chetda bo‘lsa, bid’ati hasana bo‘ladi. Kim bunday qilmasa, aksi bo‘ladi».

Avvalo, butun boshli bir asrning hofizi bo‘lmish shayxulislom Abu Fazl Ahmad ibn Hajar kimligini bilib olaylik.

Bu zot hofiz, shayxulislom Abu Fazl Shahobiddin Ahmad ibn Aliy ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Aliy ibn Ahmad ibn Hajar Asqaloniy bo‘lib, hijriy 773–852, milodiy 1372–1449 yillarda yashab o‘tgan. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniyning hadis, tarix, fiqh, adabiyot, usulud-din va usulul fiqh bo‘yicha yozgan kitoblari bir yuz ellikdan ziyoddir. Jumladan, butun dunyoga mashhur «Fathul Boriy sharhu sahihil Buxoriy» kitobi ham Hofiz Ibn Hajar Asqaloniyning qalamiga mansubdir. U kishining «Isoba fi tamyizis-sahoba» kitobi ham o‘z bobida tengi yo‘q kitoblardan hisoblanadi.

Hofiz Ibn Hajar Asqaloniyning mavlid haqidagi gaplari ham bu borada asos bo‘ladigan gaplardandir. Ulardan quyidagi foydalarni olamiz:

1. Dastlabki uch asrda mavlid bo‘lmagani.
2. O‘sha vaqtdagi mavlidlarda yaxshi va yomon narsalar aralash bo‘lgani.
3. Mavlidning yaxshiliklarini olib, yomonliklaridan chetda bo‘linsa, bid’ati hasana bo‘lishi.
4. Mavliddan ko‘zlangan yaxshi maqsadlardan boshqa narsani aralashtirib bo‘lmasligi.

Imom Jaloliddin Suyutiy gaplarining davomida yana quyidagilarni aytadi:

«Shu bilan birga, bu ishning sobit asosi menga ravshan bo‘ldi:

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib, yahudiylarning Ashuro kuni ro‘zasini tutayotganini ko‘rdilar va: «Bu nima?» deb so‘radilar.

«Bu solih kundir. Bu – Alloh Banu Isroilni dushmanidan qutqargan kun. O‘shanda Muso uning ro‘zasini tutgan», deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman», dedilar va uning ro‘zasini tutdilar, (boshqalarga ham) tutishni buyurdilar».

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Mana shundan muayyan kunda bergan ne’mati va baloni rad qilgani uchun Allohga shukr qilish hamda buni har yili o‘sha kunda takrorlab turish joizligi istifoda qilinadi. Allohga shukr bajo keltirish sajda, ro‘za, sadaqa va tilovat kabi turli ibodatlar bilan ado etiladi. Rahmat nabiysi bo‘lmish Nabiyimizning dunyoga kelishlaridan ham ulug‘ ne’mat bormi? Ashuro kunini Muso alayhissalomga ne’mat ato etilgan kun sifatida nishonlanganidek, mavlid uchun ham tayinli bir kunni ixtiyor qilish joiz bo‘ladi. Kim aynan buni mulohaza qilmasa, oyning qaysi kunida bo‘lsa ham mavlid qilaveradi. Ba’zi birlar bundan ham keng olib, yil bo‘yi qiladilar. Bular mavlidning asliga tegishli gaplardir.

Endi o‘sha kunda qilinadigan amallarga keladigan bo‘lsak, ular shukr ma’nosini anglatadigan, avval aytib o‘tganimiz tilovat, sadaqa, taom ulashish, Nabiyni madh etuvchi va qalblarni junbushga keltiradigan zohidona she’rlar o‘qish, yaxshilik va oxirat uchun zarur ishlarni qilishdan iborat bo‘lishi lozim.

Ammo samo’ va lahv narsalar haqida shuni aytish lozimki, hursandchilikka sabab bo‘ladigan muboh narsalar bo‘lsa, hech qisi yo‘q. Lekin harom va makruh narsalardan va yaxshilikka xilof bo‘lganlaridan tiyilish kerak.

Imom Jaloliddin Suyutiy mavlidning savobli ish ekaniga, uni qilish joiz ekanligiga hadisi sharifdan dalil keltirmoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yahudiylar nishonlab kelgan Ashuro kunini «Biz ham kelasi yili shu kuni ro‘za tutamiz», deb qabul qilishlarini mavlid kabi amallarni joriy qilish joizligiga asos qilish mumkinligini aytmoqdalar.

Shu bilan birga, Imom Jaloliddin Suyutiy mavlidning asli, uni qachon qilish mumkinligi va unda qilinadigan va qilinmaydigan amallar bo‘yicha ham umumiy qoida bo‘ladigan iboralarni keltirmoqdalar. Mavlid qilish tarafdorlari bu iboralarni yaxshilab o‘rganishlari va ularga amal qilishlari lozim.

So‘ngra zikr qilindiki, Hofiz Ibn Nosiriddin o‘zining «Virdis-sodiy fii mavlidil hodiy» nomli kitobida quyidagilarni aytadi:

«Sahih qavlda aytilishicha, har dushanba kuni Abu Lahabning do‘zahdagi azobi yengillatiladi, chunki u shu kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilganlaridan quvonib, cho‘risi Suvaybani ozod qilgan.

She’r:

Ikki qo‘li qurisin deb qarg‘ish olgan bir kofir
Jahannamda abadul abad qoladgan bo‘lsa ham,
Ahmad tug‘ilganidan shod bo‘lgandi baribir,
Shunga har dushanbada azobi bo‘larkan kam.
Endi o‘zing bilaver, Mustafo deb bir umr
Shod bo‘lgan mo‘minga ne ajru sharaf bo‘lar jam?»

Yukorida keltirilgan ma’noni imom Buxoriyning «Sahih»larida ham topamiz:

«Urva aytadi: «Suvayba Abu Lahabning cho‘risi bo‘lgan. Abu Lahab uni ozod qilgan. Shunda u Nabiy sollallohu alayhi vasallamni emizgan. Abu Lahab o‘lganidan keyin uning ahllaridan biri uni tushida juda yomon holda ko‘rib, «Senga nima bo‘ldi?» deb so‘ragan. Abu Lahab unga «Sizlardan ajralganimdan keyin Suvaybani ozod qilganim uchun tashnaligim biroz qondirilganidan boshqa yaxshilik ko‘rmadim», degan.

Imom Badriddin Ayniy ushbu rivoyatning sharhida: «Suhayliyning zikr qilishicha, Abbos roziyallohu anhu shunday degan:

«Abu Lahab o‘lganidan bir yil o‘tib, tushimda uni juda ham yomon ahvolda ko‘rdim. U menga «Sizlardan ajralganimdan keyin hech bir rohat ko‘rmadim. Faqatgina har dushanba kuni azobim yengillatilmoqda», dedi. Buning sababi shuki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam dushanba kuni tug‘ilganlar, Suvayba Abu Lahabga u zotning mavlidlarini suyunchilagan, shuning uchun Abu Lahab uni ozod qilgan».

Boshqa ulamolar ham mavlid qilish joizligiga turli dalillar keltirganlar. Ammo biz yuqorida zikr qilinganlari bilan kifoyalanamiz. Xulosa shuki, ummatning ulkan ulamolari mavlidning joizligini ta’kidlaganlar hamda kerakli hujjat-dalillarni taqdim qilganlar.

Xo‘sh, unday bo‘lsa nima uchun biz ushbu masalada hilof qilamiz?

Mavlidga ruxsat bergan ulug‘ ulamolarning dalil-hujjatlariga qaramay, mavlidga qarshilarning gaplari ba’zi noshar’iy ishlarni ro‘kach qilishdan boshqa narsa emasligiga qaramay, bir toifa vatandoshlarimiz mavlidga ashaddiy ravishda qarshi chiqishni o‘zlarining asosiy mas’uliyatlari deb biladilar. Ular «Mavlid bid’atdir, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va salafi solihlarning davrida yo‘q edi, keyin paydo bo‘lgan yangi narsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ishlarning eng yomoni yangi paydo bo‘lganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Barcha zalolat do‘zahdadir», deganlar. Kim mavlid qilsa, u bo‘ladi, bu bo‘ladi», deb takrorlashdan charchamaydilar.

O‘z-o‘zidan «Bundan nima foyda bor?» degan savol paydo bo‘ladi. Xilofchi toifa bu savolga nima deb javob beradi, bilmaymiz. Ammo o‘zimiz bu haqda o‘ylab ko‘raylik.

Mavlid masalasida xilofchi toifaning barcha gaplarini qabul qildik, deb faraz qilaylik. Bid’atning yaxshisi yo‘q, hammasi zalolat, deylik. Musulmon ummatining barchasi qadimdan hozirgacha ittifoq qilib kelgan buyuk haqiqatni inkor qilib, shariatga Qur’on va Sunnatdan boshqa manba yo‘q ham deylik. Shunga binoan, mavlidni ham hech narsaga arzimaydigan narsa deylik.

Ammo «Ummatning e’tiborli ulamolari ixtilof qilgan masalada talashib-tortishish mumkin emas», degan qoidaga nima deymiz?

«Ittifoq qilgan narsamizda hamkorlik qilamiz. Ixtilof qilgan narsamizda bir-birimizning uzrimizni qabul qilamiz», degan buyuk qoida nima bo‘ladi?!

Axir Allohga da’vat qilish, amri ma’ruf va nahiy munkarning bosh odoblaridan biri ummat munkarligiga ijmo’ qilgan narsaga qarshi birgalikda kurashib, musulmonlar ixtilof qilgan ijtihodiy masalalarga sho‘ng‘imaslik emasmidi?!

Yoki hayotimizda mavliddan boshqa e’tibor beradigan narsa qolmadimi?

Hech bo‘lmaganda ochig‘ini tan olaylik, «Bu masalada musulmonlar jumhuri bilan bir guruh orasida ixtilof bor», deylik. «Bu kabi masalalarda bir-birini malomat qilib bo‘lmaydi», deylik.

 

Eslatma:

Hijriy 1430, milodiy 2009 yili o‘tkazilgan halqaro anjumanda Afrika qit’asida joylashgan Ruanda davlatining ichki ishlar vaziri so‘zga chiqdi. Bu davlatda musulmonlar oz bo‘lsalar ham, tinchliksevar va bag‘rikeng bo‘lganlari uchun e’tibor va ehtirom qozonibdilar. Ruandada bo‘lib o‘tgan qonli to‘qnashuvda ishtirok etmabdilar. Boshqa dindagi kishilarga insoniy yordamlar beribdilar. Boshqa dindagi vatandoshlarini tinchlikka, yarashuvga, ixtilofni tark qilib, tinch-totuv bo‘lib yashashga chaqiribdilar. Vaqti-soati kelib, ularning vakili bo‘lgan yosh yigit ichki ishlar vaziri bo‘libdi.

Ruanda ichki ishlar vaziri o‘z so‘zida hozirda boshqa dindagilar bilan muloqotda bo‘lish, ular bilan kelishuv asosida ish yuritish haqida ko‘p gapirilayotgani va ish olib borilayotgani to‘g‘risida eslab o‘tib, huddi shu ishni musulmonlar orasida ham qilish kerakligini ta’kidladi. U musulmonlarning arzimagan narsalarda ham bir-birlari bilan ixtilofga berilib ketishlarini afsus bilan ta’kidladi. Vazir o‘z so‘zining dalili sifatida vatanida bo‘lib o‘tgan bir hodisani misol qilib keltirdi.

Musulmonlar o‘rtasida qattiq xilof chiqibdi. Hilof hukumatgacha yetib kelibdn. Hukumat masalani musulmon vazirga havola qilib, o‘z dindoshlarnni tinchitishni iltimos qilibdi. Ixtilof mavlid to‘g‘risida ekan. Bir guruh musulmonlar mavlid o‘tkazishmoqchi bo‘libdi. Boshqa bir guruh ularga «Mavlid qilmaysizlar», deya qarshi chiqibdi. Ixtilof kuchayib, kechagina hammani ixtilofni tark qilishga chaqirib turgan musulmonlarni kechagina qirg‘inbarot urush qilib, bir-birining qonini to‘kib turgan g‘ayrimusulmon vatandoshlar tinchlikka va kelishuvga chaqirishi kerak bo‘lib qolibdi. Ammo hukumat hikmat bilan ish yuritib, musulmonlar orasida ixtilofga barham berishni musulmon vazirga topshiribdi.

Vazir ixtilofchi ikki tarafdan masalaning tafsilotini eshitibdi. Bir taraf mavlid qilmoqchi bo‘lgan. Ikkinchi taraf bu ishga qarshi chiqib, mavlid qilmaysan, degan. Orada nima bo‘lsa-bo‘lgan. Ish hukumatgacha yetib kelgan. Vazir ixtilofchilarga: «Sizlar ham musulmon, men ham musulmon. Ishni musulmon banda sifatida hal qilishga urinaman. Agar ko‘nmasangiz, ichki ishlar vaziri sifatida qonun bo‘yicha ish tutaman», debdi. So‘ngra hukmni e’lon qilib, «Mavlid qilaman deganlar qilaversin, qarshi bo‘lganlar qatnashmasin. Eng muhimi, orada ixtilof bo‘lmasin!» debdi.
 

Mavlidchilarga

Mavlid tarafdorlari e’tibor berishlari lozim ishlar ham anchagina. Avvalo, mavlidning haqiqatini va undan ko‘zlangan maqsadlarni ravshan bilib olishi kerak. Bu haqiqatni boshqalarga ham yetkazish lozim.

Eng muhiimi, mavlid marosimlari haqidagi mayda ixtiloflarga barham berish zarur. Ming afsuslar bo‘lsinki, bu xildagi noqulay holatlar ko‘pchilikni tashvishlantirishiga qaramay, davom etib kelmoqda.

Ayniqsa, «mahalli qiyom» (mavlid o‘qilayotganda o‘rindan turiladigan payt) haqidagi va unda o‘qiladigan matn haqidagi ixtiloflar ko‘pchilikning afsusiga sabab bo‘lmoqda. Mavlid yaxshi niyat bilan boshlangan ish bo‘lganidan keyin unda bu kabi noqulay holatlarning yuzaga kelishi tamoman maqsadga nomuvofiq ishdir.

Mahalli qiyomda, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlari haqidagi xabar o‘qilganda mavlid ishtirokchilarining o‘rindan turishlari juda ham tortishadigan masala emas. Turishni istaganlar tursin, istamaganlar turmasin. Ammo eng muhimi, ixtilof qilmasin, bir-biri bilan janjal qilmasin.

O‘sha o‘rindan turiladigan paytda mavlidning qaysi baytlari o‘qiladi – «muhayyan» deb boshlangan matn o‘qiladimi yoki «tola’albadru»mi, degan tortishuv ham xuddi avvalgisiga o‘xshash. Tortishishning o‘rniga ikkisini ham o‘qib qo‘ysa, ayb bo‘ladimi? Agar kimning aytganini avval o‘qish to‘g‘risida talashuv bo‘lsa, qur’a tashlab aniqlasa bo‘lmaydimi?

Nima qilib bo‘lsa ham, bu masalada musulmonlar orasida ixtilof qo‘zg‘almasligi uchun chora ko‘rish kerak. Mandub bid’at narsani qilaman deb, harom ishga qo‘l urmaslik lozim.

Mavlid o‘tkazishdan maqsad Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini odamlarga tanishtirish ekani aslo yoddan chiqmasin. Mavlidda albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlangan qasidalarni o‘qish shart emas. Xususan, davradagilar tushunmaydigan tilda o‘qilgan qasida ko‘zlangan natijani bermasligi aniq. Agar kimdir: «Mavlidda albatta ma’lum bir qasidani arab tilida o‘qish shart», deb aytsa, bu o‘sha kimsaning johilligi, xolos.

Bugungi kun odamlarning ongi ancha yuksak. Ma’lumotni qabul qilish imkoniyatlari ham keng. Shuning uchun mavlidlarni bugungi kun odamlarining ongiga, saviyasiga moslab o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish zarur. Buni hatto «Mavlidin-Nabiy» deb emas, «Siyrat va risolat haqida suhbatlar» deb atash ham mumkin. Va eng muhimi, «Ushbu suhbatlarni faqat bir kunda yoki mavlid oyida o‘tkazish shart», deya yangi bid’at paydo qilmaslik kerak.

Ammo o‘rganishni istasak, o‘rgansa arzigulik darajada o‘tayotgan mavlidlar ham bor.

Avvalo, bunday mavlidlar davradagilar tushunadigan tilda o‘tkaziladi. Qur’oni Karimdan oyatlar o‘qiladi. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlangan qasida davradagilar tushunadigan tilda o‘qilib, yana sharh ham qilinadi. Salavotlar, duolar so‘ngida yana Qur’oni Karimdan oyatlar tilovat qilib, suhbatga yakun yasaladi.


Mavlidda nimaga e’tibor berish kerak?

E’tibor berish lozim bo‘lgan eng muhim narsa shuki, mavlid marosimiga kelganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida kerakli ma’lumotlarni olsinlar, o‘zlarida lozim bo‘lgan ma’rifat hosil qilsinlar. Bid’at-xurofotlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasin! Barcha yaxshiliklar targ‘ib qilinsin!

Mavridi kelganda, bir necha yil avval mavlid haqida e’lon qilingan, ammo ko‘pchilikka yetib bormagan bir maqolamni ham e’tiboringizga havola etishga ijozat bergaysiz.
 

Keyingi mavzular:
Nabiyimiz alayhissalomning mavlidlari – nurning tug‘ilishi;
Ilova.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

24.08.2026   35543   36 min.
Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi
 

Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.


Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.


1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].


Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.


Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.


So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.


Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.


Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].


Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].


Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.


Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.


2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.


Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].


Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].


Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].


Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Juma surasi, 2-oyat].


E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.


Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.


Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.


Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].


Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].


Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.


Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.


Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».


Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.


Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».


Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.


3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].


Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.


Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».


Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.


«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.


Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.


Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.


Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.


6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].


«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.


7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].


Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.


Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.


Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.


Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.


8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.


Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».


Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».


«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Juma surasi, 9–11-oyatlar].


Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.


So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.


Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].


Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.


10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.


Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?


Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?


Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.


Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!


Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.


Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.

11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.


Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.


Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.

 

Nurmuhammad MATKARIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

 Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.  

 

Hadisi sharif