Ommaviy axborot vositalaridagi axborot oqimida tez-tez ko‘zga tashlanayotgan salbiy qarashlar, xudbin o‘y-fikrlar, ijtimoiy muhitda uchrayotgan ayrim muammolar xususidagi bo‘rttirishlar urchigandan-urchib borayotgan bir pallada bu savol, o‘ta keskin tuyular, ehtimol. Ammo xulosa chiqarishga shoshilmay, mavjud manzaraga xolis ko‘z bilan qarab, bir qancha savollarga javob izlab ko‘rish lozim. Aminmiz-ki, shu yurt uchun befarq bo‘lmagan, o‘z xalqining taqdiri uchun eng avvalo o‘zini mas’ul deb bilgan barcha ziyolilarimizning ham bu borada o‘z aytar so‘zi bor. Tiriklik tashvishidan bir muddat tin olib, shu mulohazalarga ham quloq tutish vaqti yetdi. Sabringizni sinash niyatimiz yo‘q ammo gapni uzoqroqdan boshlaymiz...
Axborot tarqatishning bugungi manzarasi qay holda?
OAV nimalarni boy beryapti?
Gazetalar, jurnallar hatto teleradiokanallar ham axborot yetkazishda birinchi navbatda tezkorlikni, aniqlikni, undan so‘ngra xolislikni boy berib bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Tahlil esa, “tik-tok”chi avlodga ergashish kerak ekan”, degan xulosaga kelib qolayotganlar yoki dunyo ishlariga qarigan mushukday beparvo bo‘lib, loqayd qo‘l siltab qo‘yayotgan “kayvoni”lar sabab achinarli ahvolga tushib qolgan.
Kimga boy beryapti?
Yengil-yelpi o‘ylaydigan, evolyutsiyadan ko‘ra, revolyutsiyani afzal deb hisoblaydigan, “alifni kaltak deyolmaydigan”, adabiy tilni o‘zlashtirmagan, o‘zlarining ta’birlari bilan aytganda “publikaga o‘ynaydigan”, moddiy manfaat yo‘lida na xalq, na millat, na davlatni yuz xotir qilmaydigan, kitob o‘qish haqida jimjimador so‘zlar aytishni qotirsa-da amali bo‘lmagan, “nufuz” so‘zi bilan “nufus” so‘zining farqiga bormaydigan, biror-bir yomon xabarni tarqatish, masalan o‘z joniga qasd qilish haqidagi xabar, ayni vaqtda uning targ‘ibiga xizmat qilishi mumkinligini hisobga olmaydigan qo‘shtirnoq ichidagi hamkasblarga boy berilmoqda.
Bu borada ijobiy yechim bormi?
Avvalo bir narsani tan olaylik: axborot texnologiyalarining bugungi rivoji biror-bir voqea-hodisani tezlik bilan jamoatchilikka yetkazishda chindan beqiyos. Internet aloqasi, ijtimoiy tarmoqlar, zamonaviy smartfonlar ommaviy axborot vositalari uchun yanada qulay imkoniyatlarni tug‘dirgan. Tezkor axborot tarqatish borasida juda qisqartirib aytganda bitta muxbir, bitta teleoperator, bitta montajchi, bitta muharrirning ishini qo‘lida smartfon tutgan bir kishi bemalol bajarayotgani ham bor gap.
Bu esa, asli kasbi masxarabozlik ammo daromadi sabab, biror-bir ijtimoiy tarmoqda o‘z sahifasini ochib olgan ayrim ucharlarga qo‘l kelmoqda.
Axborot tarqatishdagi nazorat esa, havas qilarli ahvolda emas. Shu bois, bunday toifalar ma’lumotni tekshirish, unga aniqlik kiritish, sababini o‘rganish borasida o‘ylab ham o‘tirmayapti. Falon joyda yetti kishi tomonidan zo‘rlanganini aytgan, o‘zini tomdan tashlab joniga qasd qilgan kimsalar haqidagi “dod-voy”larni yozib olib, bemalol shov-shuv ko‘tarib yurishibdi. Yuzsizlik shu darajada-ki, zo‘rlanganlik haqidagi da’volar tuhmat bo‘lib chiqqanda ham shoshqaloqlik bilan tarqatilgan axborot uchun uzr so‘ralmaydi. Noto‘g‘ri axborot tarqatganlik uchun jazolanganiniyam eshitmaysiz. Avval begunoh yetti erkakni elga sharmanda qilib obunachilar sonini orttirgan bo‘lsa, keyin tuhmat qilgan kelinchakni sazoyi qilib yana axborot tarqataveradi. O‘z auditoriyasi sonini oshirish dardida bo‘lgan boshqa norasmiy axborot manbalari ham, bunday xabarlarni hech paysalga solmay tarqatishga qo‘shilgani natijasida esa, axborot maydonida shunday taloto‘p yuzaga keladi-ki, o‘zini rasmiy, professional, xolis axborot manbai sifatida taqdim etuvchilarning o‘sha mavzuda tayyorlagan chinakam xolis axboroti ham bu shovqin-suron ichida quloqqa yetib bormay jon beradi.
Bunday hodisalarga har birimiz guvohmiz. O‘zimizga yarasha xulosamiz ham bor: ha, rasmiy axborot manbalarida tezkorlik yetishmayapti. Mutasaddilar bu borada albatta chora ko‘rishi shart. Yo‘qsa, “haqiqat kovushini kiyguncha, yolg‘on yalangoyoq dunyoning yarmini aylanib chiqaveradi”.
Bahona izlovchilarga aytilar so‘z!
Avvaldan aytib qo‘yaylik, bu qismdagi mulohazalar faqat telekanallar bilan radiokanallarga taalluqli.
Axborot yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistni jug‘rofiy maydonlar emas, axborot hududlari qiziqtirishi lozim. “Mavjud moddiy-texnika bazasi eskirgan”. “Mamlakatning har bir puchmog‘ida faoliyat yuritadigan xodimlar yo‘q”. “Buncha sondagi xodimlarni saqlashga mablag‘ yetishmaydi”, deb yozg‘irishni bas qilib, imkon izlagan ma’qul. Ular yetarli.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyunda e’lon qilingan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroridan so‘ng butun mamlakatdagi deyarli barcha tashkilotlar va muassasalarda hatto xususiy tarmoq yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan subyektlarda ham axborot xizmati tashkil etilib, Matbuot kotibi lavozimi joriy etilgan.
Turli bahonalarni ro‘kach qilib tezkor axborot tarqatishni paysalga solayotgan hamkasblar uchun eng avvalo mana shu omil ulkan imkoniyat, aslida. Qolaversa, norasmiy axborot manbalari axborot tarqatishda foydalanayotgan matoh – texnik jihatlari tasvirga olish uskunasi bilan barobar, hatto ziyoda bo‘lgan smartfonlar hammaning qo‘lida bor.
Unutmaylik, smartfon ayni vaqtda tasvirga olishi, ovoz yozishi, montaj qilishi hatto to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatishni ta’minlashi mumkin. “Shuncha gapni yozyapti, buni o‘zi sinab ko‘rgan ekanmi”, degan mulohazaga borayotgan bo‘lsangiz, aytib qo‘yaylik, albatta sinab ko‘rganmiz.
Gazeta jurnallarchi?
Fikri ojizim: texnologik taraqqiyot tufayli, bosma ommaviy axborot vositalarining tezkor xabar tarqatishdagi samaradorligi to‘liq yo‘qqa chiqdi. Shuning uchun bugungi gazetalarda “Falon maskanda falonchi bilan bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvdagi fikr-mulohazalar va kuy-qo‘shiqlar jamlanganlarda ulkan taassurot qoldirdi”, degan mazmundagi xabarlar vaqtni ham, pulni ham havoga sovurishday gap.
Shuning uchun o‘qirmanlar gazetani ham, jurnalni ham tezkor xabar manbai sifatida ko‘rmaydi. Axir, qo‘lidagi smartfonga bir nigoh tashlaganda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda sodir bo‘lgan ko‘plab hodisalardan juda kam xarajat hisobiga xabardor bo‘lish imkoni mavjud.
Bosma OAV xabar tarqatmasin...mi?
Shunday bo‘lgani ma’qul. Xabar tarqatishni elektron OAV davom ettirgani samaraliroq. Har qancha vaj keltirmaylik, buni hayot isbotlab bo‘ldi. Ammo bu bosma ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida o‘z o‘rnini yo‘qotdi, degani emas. Nega-ki, xabar janridan tashqari tahliliy xabar janri ham bor. Qolaversa, tafsilotlar ham. Bosma ommaviy axborot vositalari tahliliy xabarlar, maqolalar, chizgilar, tanqid va suhbatlar yo‘nalishida hali ham peshqadam bo‘lishi mumkin.
Nimaga e’tibor qaratgan ma’qul?
“Jadid”, “Ma’rifat”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish”, “Yigirma birinchi asr”, “Adolat” singari gazetalarida tahliliy materiallarga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor. Ehtimol, biz kuzatib bormaydigan boshqa gazetalarda ham bu boradagi ishlar sustlashmagandir.
Bugungi gazetaning ham, jurnalning ham axborot oqimidagi eng katta vazifasi o‘qirmanlarning tahliliy materiallarga bo‘lgan ehtiyojini bartaraf etish ekanligini davrning o‘zi ko‘rsatyapti. Ayrim gazetalarning imkon qadar qisqa, to‘mtoq, maqsad oydinlashmagan maqolalar berishga harakat qilishi, ba’zi gazetalar va jurnallarning internetdan olingan materiallar hisobiga to‘ldirilishi ham kulgili, ham ayanchli.
Kulgiligi shunda-ki, internetda chiqqan zahoti minglab, ehtimol millionlab o‘qirmanlar undan allaqachon voqif bo‘lib bo‘lgan ulgurgan materialni gazetaga qo‘yish, juda yumshoq qilib aytganda tentaklik.
Ayanchliligi shunda-ki, demak bu tahririyatda xizmat qilayotgan, og‘zini to‘ldirib jurnalistman, deb lof urayotgan kimsalarda loqaydlik paydo bo‘lgan. Salmoqligina pul to‘lab gazeta yo jurnaliga obuna bo‘lgan muxlisga buning evaziga qanday axborot berilayotgani unga qiziqmas. Fojia ham shunda, asli. Rahmatli ustozimiz Mahmud Sa’diy “Loqaydlikni kechirish mumkinmas, ayniqsa, qo‘liga qalam tutgan kishining loqaydligini” derdi.
Bir safar ustoz Abdulla A’zam bilan ilmiy-metodik, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi jurnallar xususida suhbatlashib qoldik. O‘sha vaqtlarda u kishiga “Fan va turmush” jurnalining mazmunini yanada yaxshilash borasida ko‘maklashish topshirilgan ekan.
– Internetda chiqqan materiallardan ham foydalanish kerak, – deb maslahat bergan bo‘ldi hamsuhbatlardan biri.
– G‘alati-ku, – dedi bu gapga javoban ustoz. – Agar xorijiy internet saytlarini, telekanallarini yoki radiokanallarni eshitib, kuzatib borsangiz, “falon narsa ixtiro qilindi, mana bu ilmiy hodisa sababi aniqlandi, deb xabar bermoqda “Lancet” yo “Nature” jurnali”, deb gapirishadi. Bu nimani anglatishini bilasizmi?
Gazetalar ham, jurnallar ham o‘z yo‘nalishida, ilmiy yoki tahliliy materiallarni “ovlash”da qat’iy harakat qilsa, axborot tarqatishda eng tezkor bo‘lgan internetdan “gap olib” o‘tirmasligini anglatadi.
Ustoz bu borada haq edi.
Bu gaplarning yoshlarga nima aloqasi bor?
Aniq javoblarga o‘tishdan avval «Kelajak yoshlar qo‘lida, yoshlarchi?..» deb bosh sarlavhada qo‘yilgan savolga javob beraylik.
Aslida yoshlar o‘z oilasi, ota-onasi, ustozlari qo‘lida bo‘lishi lozim. Afsuski, minglab chaqirim masofalarni yaqinlashtirgan texnik taraqqiyot, ustoz bilan shogirdning, ota-ona bilan farzandning orasidagi masofani kun sayin uzoqlashtirib yuboryapti. Mubolag‘a bilan aytganda, bir dasturxon atrofida smartfon titkilab o‘tirgan ota-bolaning biri G‘arbda bo‘lsa, ikkinchisi xayolan Sharqda kezadi. Dildan suhbat qurish, bolaning o‘qishi, o‘zlashtirishi, unga tarbiyaviy o‘git berish, o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib unga nimanidir o‘rgatish otaning yo onaning xayolida yo‘q. Chunki, ikki ko‘zi ham, butun xayoli ham qo‘lidagi axborot qutisi bilan band.
Farzandda ham shu ahvol…
Bu hol hatto muhtaram Prezidentimizda ham xavotir uyg‘otgani uchun, 2021 yili ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish borasida o‘tkazilgan yig‘ilishda: “Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda.
Ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sari emas, minut sari kirib boryapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur”, degan edi kuyinib.
Bugungi aksar oilalarining bundan-da aniqroq manzarasini tasvirlash mushkul. Muhtaram Prezidentimizning so‘zlarini inkor etish, bu boradagi ayni haqiqatdan ko‘z yumish demakdir.
Axborot oqimida oqib ketganlar
Bir ish qiling, na darsga, na davradagi suhbatga, na ko‘chadagi harakatga, na atrofida yordam so‘rab termilib turgan nigohlarga emas, qo‘lida tutgan smartfoniga tikilgan yigit yo qizga diqqat bilan qarang.
Bilasizmi kimni ko‘rasiz?
Oq-qoraning, yaxshi bilan yomonning, gunoh bilan savobning, qonun bilan tushunchaning, ma’rifiy fikr bilan mutaassibona qarashning farqiga bormagan bir yoshning axborot makonida o‘z holiga tashlab qo‘yilganini…
Ha, aynan shunday. Adoqsiz axborot oqimida oqib ketayotgan, hatto g‘arq bo‘layotganlar ular. Agar bu gaplar lof bo‘lganda virtual diniy voizlar ta’siriga tushib mazhabni tark etgan, tinch yurt turib, najotni notinch makondan qidirgan, virtual qimor o‘ynab ulkan ofatga yo‘liqqan, giyohvandlar yo o‘g‘rilar, yoki fahsh botqog‘iga botganlar tuzog‘iga tushib qolayotgan yoshlarni uchratish mumkin emasdi. Bugunning haqiqatiga ko‘ra, yoshlarga nisbatan olib borilayotgan axborot xurujiga qarshi kurashish borasida tashkillashtirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish shart.
Xo‘sh nima qilmoq kerak?
«Butun dunyo kaftda namoyon» degan so‘z bugunga kelib smartfon misolida chiroyli tashbehga emas, aniq voqelikka aylandi. Bu omilning ijobiy jihatlarini sanab o‘tirmaymiz. Salbiy jihatlariniyam nomma-nom aytish shart emas. U orqali yetishi mumkin bo‘lgan zararlardan qanday saqlanish borasidagi choralar haqida mulohaza yuritgan ma’qulroq.
Keskin choralarga ko‘nikib qolgan ayrim kishilar, barchasini birdan o‘chirib qo‘ya qolishni tavsiya etishadi. Ammo bu to‘g‘ri chora emas. Axir axborotni yashirgan emas, boshqargan yutadi. Demak, axborot iste’molini boshqarishni o‘rganish, axborot manbalarining xalq manfaatiga zid bo‘lgan qadamlarini qat’iy nazorat qilishni faollashtirishimiz shart. Ana shunda mislsiz axborot oqimi qarshisida ojiz qolayotgan yoshlarga to‘g‘ri ma’noda ko‘mak bera olgan bo‘lamiz.
Salbiy axborot oqimidan qanday himoyalanish mumkin?
Avvaldan aytib o‘tish lozim. Salbiy axborot deganda sog‘lom ma’nodagi tanqid tushunilmaydi. Yozilganlarni o‘qib, yana senzura qilish targ‘ib etilayotgan ekan-da, degan fikrga borish xato. Bugungi ommaviy axborot vositalarida tanqidga yo‘l berilmayapti, degan qarashlarga ham qo‘shilmaymiz.
Bugungi jamiyatda yetarlicha, hatto keragidan ortiq tarzda tanqid mavjud. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerak-ki, aksariyat tanqidlar ortida manfaatlar to‘qnashuvi ham uchraydi. Demak, bu noxolis tanqid.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadi-ki, noxolis tanqidda asosan internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalar o‘ta faol. Jurnalistika sohasining asosiy mezoni bo‘lgan xolislik prinsipi hatto ularga begona ham.
Bugun tanqidga nishon bo‘lmagan biror bir mansabdor shaxs, korxona yo muassasa qolmadi hisob. Xorijdan turib, virtual olam imkoniyatlaridan foydalangan holda davlat va jamiyat arboblariga, diniy ulamolarga, elning obro‘li shaxslariga qilinayotgan tuhmatlar adoqsiz.
Eng ajablanarli jihati shunda-ki, bu virtual voizlarning muxlislari mamlakat ichida ham topiladi. Xorijliklarga buning nima qizig‘i bor, aslida. Internet algoritmi shunday-ki, oddiygina bitta ma’qullash – layk bosish – o‘sha axborot manbasining yanada ommalashishiga xizmat qiladi.
Vatan haqidagi salbiy materiallar, xalqning obro‘sini tushiruvchi, olimlar va ulamolarni qoralovchi media mahsulotlarga layk bosish shunchaki xayrihoxlik emas, o‘sha yomonlikka qo‘shilish, uni kimlargadir ulashish esa, yomonlikka dalolat qilish ekanligini yoshlarga tushuntirishni haligacha eplab oxiriga yetkaza olmadik.
Bu borada eng avvalo ziyolilarda, o‘qituvchi murabbiylarda, kayvonilar va ota-onalardagi loqaydlik hissi bartaraf etilmaguncha (bu omildan faqat shu yo‘l bilan xalos bo‘lish mumkin) ijobiy so‘z aytish amrimahol.
Eng muhim masalalardan biri radikal axborot xurujidan himoyalanish
Ha, bu chindan ham kun tartibidagi dolzarb masala.
Demokratik tuzumni harom, deb notinch mamlakatlarga borib o‘zlarining “halol” davlatlarini tuzishni orzu qilgan ayrim radikal kayfiyatdagi yoshlarning buguni kishini o‘yga toldiradi.
Dunyoviy davlat tuzumidan “qochgan” yuzlab, ehtimol minglab yoshlarning hayot shami taloto‘plarda so‘nayotgani esa, chinakam fojia. Buning oldini olishda ommaviy axborot vositalari jonbozlik ko‘rsatishi, qalamkashlar esa, bu kurashni xalq oldidagi burchi, deb tushunishlari lozim.
Bir mulohaza qilib ko‘raylik. O‘zbekning buyuk allomalari qoldirgan nodir qo‘lyozmalar, ilm ahlini hamisha hayratga solgan ilmiy obidalar, haqni botildan, jaholatni ma’rifatdan ajratib bergan ta’limotlar islomning asl insonparvarlik mohiyatini anglatish, Imom Moturidiy va Abu Mu’in Nasafiy kabi allomalarning aqida borasidagi ta’limotining yuzaga kelishi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi hadis ilmi bilimdonlari yozgan asarlarining bitilishidan ko‘zlagan asl maqsad nima edi?
Teran fikrli olimlarning bunday ilmiy merosni yaratishdan ko‘zlagan eng ulkan maqsadi: tarkidunyochilik, dinda g‘uluvga ketib haddan oshish, haq yo‘ldaman, deb o‘ylab, aslida johilga aylanib qolish, ibodat mezonlarini unutish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalalarida islomning insonparvarlik ta’limotini suiiste’mol qilish, nohaq qon to‘kish, dinni tijorat vositasiga aylantirish, undan turli xalqlar va millatlarni sarson-sargardon etadigan omil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik emasmidi?
Yo‘qsa, bu ilmiy obidalarning bitilishiga ne hojat edi?
Ha, bu asarlar, inson hayotini barbod etish uchunmas, uni jaholatdan tiyishga xizmat qilishi uchun bitilgan. Dunyo ilmni egallab, kasb-hunarni taraqqiy qildirish, bugungi mo‘minlarning burchi, aslida.
Alloh taolo bandalariga hidoyat o‘laroq nozil qilgan Qur’oni karimning, “Baqara” surasining 256-oyatida “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi”, deb marhamat qilinadi. Bu kalima, islom nomi bilan xaspo‘shlanayotgan botil g‘oyalar va buzg‘unchi oqimlar ta’siriga berilib qolayotganlarimiz uchun ogohlik qo‘ngg‘irog‘i emasmikan?!.
Komil musulmon o‘z iymoni bilan, radikal – mutaassib musulmon esa, birovning iymoni bilan ovora bo‘lar ekan. Donolarning bir gapi bor: Alloh o‘z irodasini hukmron qilish uchun yer yuzidagi yaxshi odamlardan, yomon odamlar esa, o‘z qarashlarini hukmron qilish uchun tangridan foydalanadi.
Tangridan foydalanayotgan yomon odamlarning kimligi ko‘pchiligimizga ma’lum, aslida. Xalqimizda bir naql bor: qozonga yaqin yursang, qorasi, yomonga yaqin yursang, balosi uradi. Bunday kimsalar nafaqat oramizda, balki xorijda bo‘lsa ham afsuski, ularning kasofatiga qolayotgan yoshlar yo‘q emas.
Radikal da’vatchilarning matn, video, audio shaklidagi materiallarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining, 184-moddasi 2-qismida javobgarlik ko‘zda tutilgan. Undan keyingi harakatlar esa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bu Qonun aytayotgan so‘z.
Nega ziyolilarimiz, jurnalistlar, jamoatchilik faollarining bu borada yodda qolarli, yoshlarga ta’sirli so‘zlarini kam uchratamiz? Tahliliy filmlar, ko‘rsatuvlar va eshittirishlar, maqolalar va suhbatlar salmog‘i nega kam?..
Chorasi boru ijrosi yo‘q amallar sabab…
Yoshlar axborot ummonida qarovsiz qoldirilmoqda. Puxta tahlillarga, aniq dalillarga tayangan media mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi mavjud talabga javob bermayapti. G‘oyaviy, mafkuraviy bo‘shliq o‘rniga kirib kelayotgan radikalizm balosiga eshiklar aynan axborot manbalari orqali ochilayotganini tuzuk-quruq o‘ylab ko‘rmayapmiz.
Eng yomoni esa, kalta o‘ylab, kalta yozuvchi «tik-tokchi» avlodga ergashish kerak, degan fikrlarning uchrayotgani. Aynan shu sababli, diniy, ijtimoiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy masalalar borasida umumiy vaqti bir minutga yetmaydigan roliklar yaratila boshlandi. Aynan shunday fikrlovchilar tufayli, gazetadan, jurnallardan, radio va telekanallardan, internetdagi turli saytlardan kattaroq hajm talab qiluvchi tahliliy janrlar surib chiqarilmoqda. Na mazmun, na mantiq, na izchillik, na xulosa to‘liq bo‘lmagan bunday media mahsulotlarning esa, foydasidan ko‘ra zarari ortiq.
Bu boradagi vaziyatni o‘nglash, radikal diniy g‘oyalar, «ommaviy madaniyat» ta’siridan, yot odatlar, ananalar, qadriyatlar, liboslarning urfga kirib ketishi va milliylik omillarini mavh etmasliklari uchun eng avvalo axborot maydonini tartibga solish, axborot manbalarining aslida kimga yoki nimaga xizmat etayotganini aniqlash, ular tarqatayotgan har qanday axborot zamirida Vatan manfaatiga zid bo‘lgan qarashlarning singdirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun aniq harakat qiladigan vaqt keldi.
Unutmaylik, yoshlarni radikal voizlar va buzg‘unchi toifalarning axborot xurujidan himoya qilishimiz shart. Yo‘qsa, kelajakni ishonib qo‘llariga topshirishni niyat qilgan yoshlarimiz, begona qo‘llardagi o‘yinchoqqa aylanib qoladi.
Abduhamid Muxtorov,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi,
«Ziyo» media markazi direktori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomani taqdim etdi.
– So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025 yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi.
Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil eksportimiz 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi ta’kidlandi. Eng muhimi, oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.
Iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi.
Energetika sohasida tub burilish yasalgani hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi.
Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.
Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab 208 ta bog‘chada birinchi marta inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi.
Yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.
– Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yo‘lga qo‘yganimiz va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berganimiz natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi.
Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026 yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik, – dedi Prezidentimiz.
Iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi.
Keyingi paytda yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
Xususan, bu yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, YUNЕSKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining mart oyida Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya” qabul qilindi.
Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chog‘ida integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish g‘oyasi ilgari surildi. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik hamda barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz.
Oktyabr oyida Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va AQSH sammiti ko‘p tomonlama va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. O‘tgan haftada Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilarining uchrashuvida ta’lim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Shu haftaning boshida esa Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.
– Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz, – dedi Prezidentimiz.
Mahalla va yaxshi qo‘shnichilik o‘zaro uyg‘un qadriyatlardir. Ular jamiyatda ijtimoiy kapitalni yanada boyitishga beqiyos hissa qo‘shadi.
Mamlakatimizda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat beradi. Mahallaga shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut, avvalo, ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi.
– Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.
Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi.
Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.
Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi, – dedi Prezidentimiz.
Shularning barchasini hisobga olib, Prezidentimiz 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi.
Bu tashabbusni yig‘ilganlar qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.
Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topadi.
– Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.
Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.
Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak.
Shuning uchun kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.
Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada go‘zal va obod qilish ishlari davom ettiriladi.
Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi. Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlar boshlanadi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat davom ettirilib, 2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m resurs beriladi. Shundan 43 trillion so‘mi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish.
Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanadi. 2026 yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.
Kelgusi yilda iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni ta’minlab, yalpi ichki mahsulotni 167 milliard dollarga yetkazish prognoz qilinmoqda.
Innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar rag‘batlantiriladi. Korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi.
Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
– Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtaldi.
To‘qqiz yilda qulay biznes muhiti yaratilib, tovar va xizmatlar hajmi va turi ko‘paytirilgani, kam daromadli oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berilayotgani, inflyatsiya darajasi “bir xonali” raqamga tushirilgani natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra o‘sdi.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026 yilda 23 trillion so‘m resurs ajratiladi. Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15 foizga oshiriladi.
Xizmatlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish uchun 2026 yilda sohaga 85 trillion so‘m kredit, 9 trillion so‘m subsidiya ajratiladi. Xususan, ta’lim xizmatlari uchun budjetdan 7 trillion so‘m beriladi.
Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olinmoqda. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvatini 2 barobar ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Shu bois, 2026 yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkaziladi.
Ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026 yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanadi. Avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi.
Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish kelgusi yil uchun dasturning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishidir.
Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi.
– Endilikda mamlakatimiz mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur, – dedi Prezidentimiz.
2026 yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Tibbiyot tizimida ham kasbiy ta’limni rivojlantirish uchun Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralar tayyorlash boshlandi. Endi ana shu texnikumlarga Germaniya, Shveysariya, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarning ta’lim dasturlari ham joriy etiladi.
Shu asosda xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralar tarkibi shakllantiriladi.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish.
Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalar tashlanmalarini monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.
Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu bois, dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi.
Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.
Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi.
Ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.
Chang-to‘zonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi. Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo qilinadi.
Umuman, ekologiya sohasiga 2026 yilda 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026 yilda jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Bu qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. Kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham katta loyihalar boshlanadi.
160 million dollarlik katta dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar ta’mirlanadi, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinib, shaharda salqin mikroiqlim yaratiladi.
Oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar davom ettiriladi.
Avvalo, 2026 yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi.
Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
– Eng muhimi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimini rivojlantiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.
Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlari bir-biridan ajratilgan edi. Endi bu tizim 2026 yildan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi.
– Takror aytaman, yurtimizdagi keng ko‘lamli yangilanishlar davrida ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz. So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi, – dedi Prezidentimiz.
Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi ta’kidlandi. Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “Xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi.
Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.
– Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!
Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.
Jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, mutanosib ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyat davom ettiriladi. Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi.
– Erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi, – dedi Prezidentimiz.
Kelgusi yilda ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalar keng nishonlanishi ta’kidlandi. Jumladan, Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram sifatida o‘tkaziladi. Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.
– Bugun tarixning o‘zi, hayotning o‘zi zimmamizga buyuk bir mas’uliyatni yuklamoqda. Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda.
Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib harakat qilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz! Men bu yo‘lda mard va olijanob xalqimizga ishonaman! O‘zbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azmu shijoatiga ishonaman! – dedi Prezidentimiz Murojaatnoma yakunida.
https://president.uz/uz/lists/view/8833