Cavol: Til va labni ishlatmasdan Qur’oni karimni o‘qib chiqsa, xatm qilgan hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karimni xatm qilgan bo‘lishi uchun harflarni til bilan talaffuz qilib, kamida o‘zi eshitadigan darajada o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki nutqqa tegishli hukmlarda eng kamida o‘zi eshitishi shartdir. Shunga ko‘ra biror shaxs sajda oyatini ichida, o‘zi eshitmaydigan darajada o‘qisa, tilovat sajdasini qilishi vojib bo‘lmaydi. “Sharhul viqoya” va uning sharhi “Umdatur rivoya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Maxfiylikning eng kami o‘ziga eshittirishdir. Sahih gap ham shu. Bu Abu Ja’far Hinduvoniy roziyallohu anhuning so‘zidir. Chunki tilning o‘zini ovoz chiqarmasdan qimirlatish bu kishining nazdida qiroat hisoblanmaydi”.
Gapira olmaydigan odamlar, agar tilini qimirlata olsa, shunday o‘qiydi. Buni ham qila olmasa, ko‘zning o‘zi bilan, qalbi bilan o‘qiydi. Faqihlarimiz soqov insonning namozi, takbir aytishi, qiroat qilishini bayon qila turib, ularning til bilan takbiri tahrima aytishi shart emas deyishgan. Shunga ko‘ra gapira olmaydigan kimsalar Qur’oni karimni ko‘zi bilan o‘qib, xatm qilaveradilar.
“Soqov kabi gapira olmaydigan odamning tilini qimirlatishi vojib emas. Qiroat qilishidagi hukm ham mana shu va bu gap sahihdir. Chunki u vojib bo‘lgan amalni qila olmaydi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Shu yil 27 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va tizimdagi mutaxassislar uchun tashkil etilgan mehnat qonunchiligi bo‘yicha o‘quv kurslari yakunlanib, ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Zamonaviy boshqaruv tizimida mehnat qonunchiligini mukammal bilish — har bir mutaxassis uchun nafaqat majburiyat, balki xodimlar huquqlarini himoya qilish va adolat mezonlarini ta’minlash garovidir.
O‘quv dasturi davomida asosiy e’tibor quyidagilarga qaratildi:
* Mutaxassislarning huquqiy savodxonligini oshirish;
* Mehnat kodeksini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash;
* Ish jarayonini qonun hujjatlariga muvofiq tizimlashtirish.
Olingan bilim va tajriba Idora faoliyatini yanada shaffof va samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Barcha sertifikat sohiblariga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyat tilaymiz!
«YURIST VA KADR» NTM