Cavol: Namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish bilan masjidda jamoat bilan o‘qishning farqi bormi yoki savobi bir xil bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bir xil bo‘lmaydi. Sababi masjidga borishning fazilati haqida ko‘plab hadislar kelgan. Kishi uyida jamoat bo‘lib o‘qishda jamoatga beriladigan savobga erishsa, masjidga borganda jamoatga beriladigan savoblar bilan birga masjidga borish ajru savobiga ham ega bo‘ladi. Zero, ixlos bilan uyidan poklanib, namozni ado qilish uchun yo‘lga chiqqan kishining bir qadam tashlashi bilan xatosi o‘chirilsa, yana boshqasi bilan darajasi ko‘tariladi (“Sahihi Muslim” va “Fatovoi Qozixon” kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Sergeli tuman hokimligi va Toshkent shahar Ma’rifiy targ‘ibot markazi hamkorligida Sergeli tumanidagi “Mudarris xalqaro maktab”ida poytaxtimizda joylashgan “Minor” jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh domla Sayfutdinov ishtirokida “Kengmakon” mahallasida istiqomat qiluvchi ota-onalar va aholi vakillari bilan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davomida farzand tarbiyasi, odob-axloq va ilm egallashning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ota-onaga hurmat, Vatanga sadoqat va ma’naviy poklik yoshlarni yot g‘oyalardan asrashda muhim vosita ekani ta’kidlandi. Shuningdek, oiladagi tarbiyaning kuchi, ota-onaning farzandga namuna bo‘lishi jamiyat barqarorligiga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati