“Dunyo” so‘zi lug‘atda “boylik”, “davlat” degan ma’nolarni anglatadi. Biz dunyoga kelganimizdan to voyaga yetgunimizcha uning go‘zalligini ko‘ramiz katta bo‘lgan sari dunyoning tashvishlarga, adolatsizlikariga, g‘am-tashvishlariga guvoh bo‘lamiz va asta-sekin bunga ko‘nikamiz. Yaqinlarimiz va do‘stlarimiz bilan muloqot qilamiz, o‘z yumushlarimiz bilan band bo‘lamiz, oila-a’zolarimiz bilan shodu-hurramlikda vaqt o‘tkazamiz.
Kundalik rejalar va maqsadlar bilan kunimiz qanday o‘tkanini ham sezmay qolamiz. Dunyoga, uning ziynatlariga shunchalik berilb ketganimizdan bir-birimizning o‘rtmizdagi mehr-oqibatni, ota-onaga yaxshilik qilishni, qarindoshlik rishtalarini unutganmiz, hatto, namozimizdagi hushuni ham yoqotib qo‘yganmiz.
Bunga sabab nima? Alloh taolo huzurida har bir soniyamiz uchun javob berishimizni o‘ylamaymizmi? Bu dunyoni Alloh taolo nima uchun go‘zal va undagi narsalarni ziynatli qilib yaratdi? Bunga Alloh taoloning O‘zi “Kahf” surasining 7 oyatida bunday marhamat qiladi: “Biz yer yuzidagi narsalarni, ularning qaysilari go‘zalroq amal qilishini sinash uchun, zebu ziynat qilib qo‘yganmiz”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Dunyo osmon bilan Yer o‘rtasida qamalgan bo‘lib, Alloh taolo yaratgandan beri unga qaramaydi. Dunyo qiyomat kuni kelganda: “Yo Robbim, bugun meni eng past maqomdagi do‘stlaringga bo‘lsa ham nasiba qilib bergin”, deb iltijo qiladi. Alloh taolo unga: “Ey haqir va tuban narsa, jim bo‘l, men seni ularga dunyoda ravo ko‘rmagan bo‘lsam, qanday qilib endi ravo ko‘rayin?” deydi. Mana, ko‘rinib turibdiki, “dunyo”ni va undagi zeb-ziynatlarni sinov uchun, qay birimiz bu sinovdan o‘tolsak,uning go‘zalligiga aldanmasak, Alloh taoloning O‘zi go‘zal ajru-mukofot bilan mukofotlaydi.
Dunyoni yaxshi ko‘rish uzun orzu-havaslar qilish bilan yanada mustahkamlanadi. Agar Xoliq Zot dunyo haqida xabar berib, misolini keltirmaganda, albatta, dunyo uxlaganni uyg‘otib, g‘ofilni hushyor qilardi.Alloh taolo nazdida dunyoning misqolcha qadri yo‘q. Pashsha qanoticha kamaytirilmay dunyo xazinalari kalitlari bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘rstatilganda, uni olishdan bosh tortdilar.
Alloh taolo sinov-imtihon uchun solih bandalaridan dunyoni pinhon tutdi, aldash uchun dushmanlariga dunyoni keng va bemalol qilib qo‘ydi.
A’lo ibn Ziyod: “Tushimda dunyoni o‘ziga oro berib, aft-basharasi burishgan kampir qiyofasida ko‘rdim. Odamlar unga topinib, har tomondan hayratlanib qarardi. Kampir oldiga borib, unga bunchalik ajablanib qarayotganlaridan hayron bo‘ldim. Shunda kampirga: “Sen kimsan?”, dedim. U: “Meni tanimayapsanmi?”, dedi. Men: “Yo‘q”, dedim. “Sen kimsan?”, deb so‘radim. “Men dunyoman”, dedi. “Allohdan sening yomonligingdan panoh so‘rayman”, dedim. U: “Agar yomonligimdan panoh topishni istasang, dirhamni yomon ko‘r!”, dedi.
Iso alayhissalom: “Dunyo-ko‘prik, unda mashg‘ul bo‘lmasdan o‘tinglar”, dedilar. Haqiqatan, bu dunyo hayoti oxiratga olib borishga ochiq va yorqin misoldir. Beshik shu ko‘prik boshidagi dastlabki masofa bo‘lsa, lahad-oxirgi masofadir. Shu ikkovi orasida qisqa bir masofa mavjud. Odamlardan qanchasi shu ko‘prikning yarmiga yetib borsa, qanchasi uchdan birini va qanchasi uchdan birining birini bosib o‘tadilar. Qanchasiga bir qadamdan ortiq yurish nasib qilmadi. Har qanaqasiga ko‘prikdan o‘tilishi shart. Ammo shu ko‘prikdan o‘tib olish haqida o‘ylamay, uning ustida imorat qurib, turli ziynatlarga chalg‘ib yashash g‘oyat johillik va yutqizishdir.
Ali karramallohu vajhahu bunday dedilar: “Bilinglarki, sizlar o‘liksizlar, o‘lgandan so‘ng tirilasizlar. Amallaringiz oldida turg‘izilib, u tufayli jazo(mukofot)lanasizlar. Sizlarni dunyo hayoti aldab qo‘ymasin. Albatta, u balo-ofatlar bilan o‘rab qo‘yilgan, foniyligi bilan tanilgan va aldamchilgi bilan vasf qilingan. Dunyodagi har bir narsani zavol tutadi. Dunyo o‘z ahli o‘rtasida goh buyoq, goh buyoqqa aylanadi. Dunyo hech qachon bir xil turgan emas, uning yomonligidan nizo, kurash to‘xtagan emas. Dunyo ahli surur va lazzatdan sarhush bo‘lib turganida, to‘satdan balo va aldovga yo‘liqadi”.
Har bir narsaning o‘rtasi, ya’ni me’yori yaxshidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz, dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tashlab qo‘ymaganingizdir”, deganlaridan ko‘rinib turibdiki, bu dunyoda Alloh taolo berayotgan ne’matlarga shukr qilib, oxiratimiz uchun ajru-savoblar olish, yaxshiliklar qilib olish uchun bu dunyo ayni muddaodir.
Barchamizga ma’lumki, dunyo rohati abadiy emas, u ajal sari yetaklaydi. Allohning huzuridagi narsa esa boqiydir. Bizni bu dunyo tashvishlari, to‘playotgan molimiz, farzandlarimiz Allohning zikridan, ibodatidan jalg‘itib qo‘ymasligi zarur. Bu haqda Alloh taolo “Munofiqun” surasi, 9-oyatida: “Ey iymon keltirganlar. Mollaringiz va bolalaringiz sizni Allohning zikridan chalg‘itmasin. Kim shunday qilsa, bas, ana o‘shalar yutqazuvchilardir”.
Bu hayotda ozgina bahramand bo‘lib, yo‘qlik olamiga ko‘chib o‘tishda besh kunlik dunyoda o‘ynab-kulib ajalni kutib olib, oxiratiga hech qanday zahira tayyorlamasdan o‘zlariga yerni makon tutgan insonlar qancha? Ularga endi ortga yo‘l yo‘qdir. Bunga dalil esa Muminun surasi, 100-oyatida: “Shoyadki tark qilgan narsamda solih amal qilsam, der. Yo‘q! Albatta, bu (quruq) so‘z bo‘lib, u aytguvchi, xolos. Ularning ortida qayta tiriladigan kunlarigacha to‘siq bordir”.
Agar amallarimiz guvohlik bersa, qalbimizdagi narsalar chiqarilsa, dillardagi barcha sir-asrorlar oshkor qilinsa, Malik va Jabbor bo‘lgan Zot huzuriga olib borishimiz uchun turg‘izilsa, qalblar oldingi gunohlariga rahm-shavqat so‘rab, qo‘rqib titrasa, pardalar ko‘tarilib, ayb va sirlarimiz ochilsa, ana shu vaqtda har bir jon o‘zi qilib o‘tgan amaliga yarasha jazo oladi.
Alloh taolo “Najm” surasi, 31-oyatida: “Osmonlaru yerdagi barcha narsalar Allohnikidir. U yomonlik qilganlarni amaliga yarasha jazolar va yaxshilik qilganlarni go‘zal (mukofot) ila mukofotlar” deb marhamat qilgan.
Agar bizga har bir kun shaylangan amallar oshkor qilinsa, oldinda kelayotgan kunimizdan yuz burib qochardik, boy bergan vaqtimizni o‘ylab, g‘am-qayg‘uga botardik. Lekin Alloh taolo ajoyib tadbir qo‘llab, ularni ko‘rishdan mahrum qildi. Tasalli va taskin bo‘lishi uchun dunyoning balo-ofatlari qatiga lazzat va zavqni joylab, ana shu ta’mga mashg‘ul-ovora qilib qo‘ydi. Dunyoni va oxiratni hech qachon bir-biriga tenglashtirib bo‘lmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Dunyoning oxiratga nisbati birontangiz barmog‘ini dengizga tekkizishiga o‘xshaydi. Bundan o‘ziga nima qaytib kelishiga qarsin”, dedilar.
Ali karramallohu vajhahu aytadilar: “Sizlarga Allohdan qo‘rqishni, garchand also hohlamasangiz ham, dunyo merosini tark etishni vasiyat qilaman. Tanangiz qarib-qartayib borayotir, sizlar tetik va baquvvat bo‘lishni hohlaysizlar. Sizlar va dunyo misoli bir yo‘lda safarga chiqqan qavmga o‘xshaydi. Go‘yo ular shu yo‘lni bosib o‘tadigandek, safarga chiqadilar, go‘yoki, yetib boradigandek, yo‘l belgisiga qarab yuradilar. Oxiriga qadar yetib borish uchun yo‘l masofasi qancha deb o‘ylaysiz?
Dunyoda bir kun qolish ehtimolini qancha deb o‘ylaysiz? Dunyoning zarari va g‘am-qayg‘usi deb tashvish chekmang, baribir shu dunyoda intiho topadi. Dunyo matosi va ne’matlaridan ortiqcha hursand bo‘lmang, u baribir zavolga yuz tutadi. Dunyoni izlaguvchini o‘lim ta’qib eta turib, dunyoni izlashi va o‘lim har qadamda poylab yurganini bila turib, g‘ofil bo‘lganiga hayronman”.
Dunyoda oxirat uchun ozuqa yeg‘ib, musofirlar qarz narsadan foydalanganidek, dunyodan bahramand bo‘lsak, undan ajralgan vaqtda musibatlarimiz og‘ir bo‘lmasligi uchun qalblarimizni to‘liq bermasak, dunyoni muqim qoluvchilar uchun emas, undan o‘tguvchilarga berilgan ziyofat deb qarasak, dunyoyu-oxiratimiz obod bo‘ladi, insha Alloh.
Dunyoga va uning ziynatlariga chalg‘ib qolmasligimiz uchun, ibodatlarimizda bardavom bo‘lishimiz va bu dunyodagi musibatlarga sabr qilib, karam va hilm bilan go‘zal tarzda bizga yordam berishini mehribon Zot Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
Nodirabegim FAHRUTDINOVA,
“Yangi asr” universiteti “Filologiya va tillarni o‘qitish (mumtoz tillar bo‘yicha)” fakulteti 1-kurs talabasi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformasida ilmiy-tadqiqot ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ayni paytda tayyorlanayotgan qator ilmiy-ommabop kitoblar orasida Markaziy Osiyo xalqlarining xorijdagi tarixiy-madaniy merosi va ko‘p asrlik aloqalarini yoritishga bag‘ishlangan tadqiqotlar ham bor. Shunday nashrlardan biri Istanbul shahrining Uskudar tumani, Sultontepa hududida joylashgan O‘zbeklar dargohi — “O‘zbeklar xonaqohi” tarixiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plami, xabar bermoqda iccu.uz.
Mazkur kitobda qariyb ikki asr davomida Markaziy Osiyodan Istanbul orqali haj safariga chiqqan ziyoratchilar, Naqshbandiya tariqati vakillari, shoir va yozuvchilar, ziyolilar hamda turli maqsadlarda safar qilgan vatandoshlarimiz uchun muhim qo‘nalg‘a va manzilgoh bo‘lib xizmat qilgan dargohning tarixi keng yoritilgan.
Haj safaridagi muhim manzilgoh
O‘zbeklar dargohining shakllanish tarixini Istanbulning Usmoniylar davrida Markaziy Osiyo bilan olib borgan aloqalaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘sha davrda Markaziy Osiyodan Makka va Madinaga haj safariga chiqqan ziyoratchilarning yo‘nalishlaridan biri Istanbul orqali o‘tar, safarning keyingi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ular shaharda muayyan muddat to‘xtab o‘tar edilar.
1752–1753 yillarda barpo etilgan O‘zbeklar dargohi ana shunday ziyoratchilar uchun muhim maskanga aylangan. Bu yerda musofirlar dam olgan, ibodat qilgan, safarga tayyorgarlik ko‘rgan. Keyinchalik dargohning vazifasi kengayib, Istanbulda istiqomat qilgan o‘zbeklar va Markaziy Osiyodan kelgan Naqshbandiya tariqati vakillarining doimiy maskaniga aylangan.
Tarixiy manbalarda dargohning nafaqat haj ziyoratchilari, balki ilm va ma’rifat ahli uchun ham ochiq maskan bo‘lgani qayd etiladi. Bu yerda turli suhbatlar, ilmiy-ma’rifiy muloqotlar, mushoira va madaniy tadbirlar o‘tkazilgan, mehmonlar qabul qilingan. Istanbuldagi o‘zbek xonaqohlari, umuman, Markaziy Osiyodan kelgan ziyoratchilar uchun qo‘noq, diniy ta’lim va ma’rifat maskani, madaniy hamda ijtimoiy markaz vazifalarini bajargan.
Naqshbandiya tariqati va ma’rifiy muhit
O‘zbeklar dargohi tarixida Naqshbandiya tariqati alohida o‘rin tutadi. Kitobda dargohdagi tasavvufiy faoliyat, shayxlar hayoti va ularning jamoatchilik hamda ma’rifiy hayotdagi ishtiroki arxiv manbalari asosida tadqiq etilgan.
Dargoh nafaqat zikr va ibodat maskani, balki Markaziy Osiyodan kelgan ziyolilar, shoirlar va ulamolar o‘zaro muloqot qiladigan ma’rifiy muhit sifatida ham shakllangan. Bu yerda turli mavzularda suhbat va bahs-munozaralar o‘tkazilgan, adabiy-ma’rifiy an’analar davom ettirilgan.
Dargohdagi ma’rifiy muhitning ko‘lamini unda saqlangan yozma manbalar ham ko‘rsatadi. Jumladan, xonaqoh ayvonida hijriy 1182 yil — milodiy 1769 yilda eski o‘zbek tilida arabiy yozuvda bitilgan kitobada uning Naqshbandiya dargohi sifatidagi maqomi aks etgan.
Dargohning vaqf tarixiga doir yangi ma’lumotlar
Kitobning muhim ilmiy yangiliklaridan biri O‘zbeklar dargohining vaqf tarixi va huquqiy maqomiga oid ma’lumotlarni arxiv hujjatlari asosida qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq.
Tadqiqotlar natijasida ilmiy adabiyotlarda ilgari keltirilgan ayrim ma’lumotlarga aniqlik kiritilgan. Xususan, dargohning birinchi shayxi sifatida tilga olingan Shayx Abdullohning to‘liq ismi — Sayyid Shayx Abdulloh Akbar Afandi ibn Asadulloh al-O‘zbekiy ekani aniqlangan.
Shu bilan birga, 1752–1753 yillarda barpo etilgan dargoh uchun aynan dastlabki davrda alohida vaqf tashkil etilgani haqidagi qarash arxiv hujjatlari asosida qayta ko‘rib chiqilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbeklar dargohi uchun alohida vaqf 1788 yilda al-Hoj Xalil Og‘a ibn Ahmad Afandi tomonidan tashkil etilgan va shu orqali dargohning huquqiy maqomi rasmiylashtirilgan. Vaqf hujjatida dargoh Naqshbandiya xonaqohi sifatida qayd etilib, dastlab Samarqand shahrining Qalandarxona mahallasidan kelgan darveshlarga xizmat ko‘rsatgani ko‘rsatilgan. Keyinchalik vaqf shartlariga o‘zgartish kiritilib, boshqa Naqshbandiya darveshlarining ham dargohda tunab qolishiga ruxsat berilgan.
Bu ma’lumotlar O‘zbeklar dargohining faqat diniy inshoot emas, balki muayyan huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizim asosida faoliyat yuritgan tarixiy muassasa bo‘lganini anglash imkonini beradi.
Shayxlar va dargohning jamoat hayotidagi o‘rni
Kitobda dargoh shayxlari haqidagi arxiv ma’lumotlari ham alohida tadqiq etilgan. Ularda shayxlarning nafaqat dargoh hayoti, balki Istanbuldagi Markaziy Osiyoliklar o‘rtasidagi aloqalarda tutgan o‘rni ham ko‘rinadi.
Arxiv hujjatlarida 1797 yilda Usmoniy davlatidan panoh so‘ragan Movarounnahr ulamolari — Shayx Abdurahim, Shayx Hamza, Shayx Muhammad Salim va Shayx Abdukarim hamrohlari bilan Uskudardagi O‘zbek takyasida mehmon bo‘lgani qayd etilgan. Shuningdek, XIX asrda dargoh shayxi Suloymon Afandining Markaziy Osiyodan kelgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashdagi roliga ishora qiluvchi hujjatlar ham mavjud.
Bu kabi hujjatlar O‘zbeklar dargohi Markaziy Osiyodan Istanbulga kelgan kishilar uchun oddiy qo‘nalg‘a emas, balki ularni birlashtiruvchi ijtimoiy va ma’rifiy markaz vazifasini ham bajarganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy va madaniy faoliyat
Tadqiqotda dargohning ichki hayotining iqtisodiy tomonlari ham chetlab o‘tilmagan. Xususan, undagi ishlab chiqarish jarayonlari, hisob-kitob daftarlari va iqtisodiy faoliyat alohida ilmiy maqolalarda tahlil qilingan.
Shuningdek, dargohdagi me’moriy yozuvlar, kitobalar, musiqiy meros va san’at namunalari ham o‘rganilgan. Bu esa O‘zbeklar dargohi tarixini faqat diniy inshoot tarixi sifatida emas, balki o‘z davridagi ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy hayotni o‘zida aks ettirgan ko‘p qirrali maskan sifatida tadqiq etish imkonini beradi.
Ayrim arxiv hujjatlarida dargoh shayxi Suloymon Afandining matbaa ta’limi uchun zarur harf terish uskunalari va boshqa materiallarni so‘rab qilgan murojaati, shuningdek, Balx, Buxoro, Qo‘qon va Qoshg‘ar hojilari foydalanishi uchun Jiddada barpo etilgan zaviya bilan bog‘liq ishlar haqidagi ma’lumotlar ham uchraydi.
Milliy ozodlik harakatidagi o‘rni
O‘zbeklar dargohi tarixining yana bir muhim qirrasi uning Turkiya milliy ozodlik harakati davridagi faoliyati bilan bog‘liq.
Kitobda keltirilgan tadqiqotlarda dargohning Usmoniylar imperiyasining so‘nggi yillarida va Turkiya milliy ozodlik urushi davrida tutgan o‘rni ham yoritilgan. Jumladan, 1919 yilda dargohda Turkiya milliy armiyasi askarlari uchun gospital joylashtirilgani haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Shu tariqa, bir vaqtlar haj ziyoratchilari va musofirlar uchun qo‘nalg‘a bo‘lgan maskan keyinchalik mintaqa tarixidagi murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning bevosita guvohi bo‘lgan.
Ajdodlar merosining bugungi ahamiyati
Bugungi kunda Sultontepadagi O‘zbeklar dargohi Turkiyaga tashrif buyurayotgan vatandoshlarimiz uchun yaqin o‘tmishdagi ajdodlarimizdan qolgan noyob madaniy meros sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Dargoh tarixi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarning zamonaviy bosqichidan ancha oldin shakllangan ko‘p asrlik madaniy-ma’rifiy aloqalar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Markaziy Osiyodan Istanbulga kelgan ziyoratchilar, ulamolar, shayxlar, shoir va ziyolilar orqali shakllangan bu aloqalar diniy hayot bilan bir qatorda adabiyot, ilm-fan, san’at, savdo va ijtimoiy munosabatlarni ham qamrab olgan.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbeklar dargohi tarixini o‘rganish nafaqat bir tarixiy obida taqdirini tadqiq etish, balki Markaziy Osiyo va Usmoniylar dunyosi o‘rtasidagi uzoq davom etgan sivilizatsion aloqalarni anglash uchun ham muhimdir.
Kitobda qamrab olingan tadqiqotlar
Tayyorlanayotgan kitobda O‘zbeklar dargohi tarixining turli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar jamlangan. Jumladan, Hasan Demirtoshning «Uskudar O‘zbeklar dargohi vaqf nizomining diplomatik va tuzilmaviy tahlili», Erkan Ovuchning «O‘zbeklar dargohi shayxlari haqida arxiv ma’lumotlari», Serpil O‘zjanning «Sayyohlar qo‘nimgohi: Sultontepa O‘zbeklar dargohi», Umar Faruq Janning dargohdagi ishlab chiqarish va iqtisodiy faoliyatga bag‘ishlangan tadqiqoti, Umar Ko‘chyig‘itning dargoh kitobalari haqidagi maqolasi o‘rin olgan.
Shuningdek, Marva Kubro Injaning milliy ozodlik harakatlari paytida O‘zbeklar dargohining tutgan o‘rni, Melih Sodiq Kuchukerning Shayx Ato va Shayx Najmiddinlarning dargohdagi faoliyatiga oid oilaviy arxiv hujjatlari tahlili hamda Sulaymon Ergo‘narning O‘zbeklar dargohining musiqiy merosiga bag‘ishlangan tadqiqoti kitob mazmunini boyitgan.
Nashrda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborovning «Istanbulning o‘zbekona obidasi» nomli maqolasi ham joy olgan. Unda dargohning tarixiy ahamiyati, uning haj ziyoratchilari va Naqshbandiya tariqati vakillari hayotidagi o‘rni, Markaziy Osiyo bilan aloqalari hamda bugungi madaniy meros sifatidagi ahamiyati haqida so‘z yuritiladi.
Umuman, mazkur kitobda jamlangan tadqiqotlar O‘zbeklar dargohi tarixini turli manbalar — arxiv hujjatlari, vaqfnomalar, xatlar, qaydnomalar va shaxsiy arxiv materiallari asosida qayta ko‘rib chiqish, ilmiy jihatdan boyitish va yangi ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritishga qaratilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ushbu kabi tadqiqotlarning tayyorlanishi Markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformasi doirasida O‘zbekiston tarixiga, ajdodlar merosiga va xorijda saqlanib kelayotgan tarixiy-madaniy manbalarga yangicha ilmiy yondashuv asosida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati