Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Usmon shahid bo‘lganlaridan keyin Aliy roziyallohu anhuga xalifa sifatida bay’at qilindi. U kishi hazrati Usmon tomonlaridan saylangan barcha voliylarni ishdan oldilar. Bu ishdan norozi bo‘lgan Muoviya ibn Abu Sufyon bay’at qilishdan bosh tortdi. Shu sababli xalifa bilan u kishi o‘rtasida janjal ham bo‘lib o‘tdi. Bu ishlar xavorijlardan biri tomonidan hazrati Aliy roziyallohu anhuning qatl qilinishlari bilan nihoyasiga yetgach, hazrati Aliy roziyallohu anhuning o‘g‘illari imom Hasanga bay’at qilindi. Ko‘p o‘tmay, imom Hasan musulmonlarning qonini saqlab qolish maqsadida hokimiyatni Muoviyaga topshirib, o‘zlari xalifalikdan voz kechdilar. Bu bilan musulmonlarni birlashtirdilar.
Muoviya roziyallohu anhu hijriy 41 (milodiy 661) yilda qonuniy xalifa sifatida ish boshladi. Shu yil «jamoat yili» deb ataldi. Ishlar qaror topdi, yurt xavfsizligi hamma yoqqa tarqaldi. Ichki ixtiloflar tufayli to‘xtab qolgan yangi yerlarni fath qilish ishlari yana yo‘lga qo‘yildi.
Hazrati Aliy shahid bo‘lgach, u kishining o‘g‘illari imom Hasan hijriy 41 yilning rabi’ul avval oyida o‘z ixtiyorlari bilan Muoviya ibn Abu Sufyonga bay’at qilganlaridan so‘ng u kishi xalifa bo‘ldi. Bungacha yigirma yildan buyon amirlik qilib kelgan Muoviya ibn Abu Sufyon yana yigirma yil xalifalik qildi.
Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davrida Islom jamiyati yana ham kengaydi va markaziy hukumat atrofida birlashdi.
Muoviya ibn Abu Sufyon nihoyatda halim odam bo‘lib, u kishining bu xislati zarbulmasal bo‘lib ketgan edi. Hatto Ibn Abuddunyo va Abu Bakr ibn Osimlar Muoviya ibn Abu Sufyonning hilmi haqida alohida risolalar ham yozganlar. Tarix va adabiyot kitoblarimizda mazkur hilmni vasf etuvchi hikoyalar juda ko‘p:
«Muoviya ibn Abu Sufyon hajga kelganida, uning oldiga o‘zining qattiq muxolifati bilan tanilgan ayollardan Bakkora Hiloliyani olib kirishdi.
Xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon u ayoldan: «Nima uchun Aliyni yaxshi ko‘rib, meni yomon ko‘rding va uni do‘st tutib, meni dushman bilding?» deb so‘radi.
«Javobdan meni ma’zur tuting», dedi ayol.
«Ma’zur tutmayman», dedi xalifa.
«Unday bo‘lsa, eshiting. Men Aliyni fuqarolarga adolati uchun, narsani hammaga teng taqsim qilgani uchun yaxshi ko‘rdim. Sizni esa xalifalikka sizdan ko‘ra haqliroq odamga qarshi urush qilganingiz uchun yomon ko‘rdim. Sizga qonxo‘rligingiz, qozilikda zulm qilganingiz va havoi nafsingiz ila hukm qilganingiz uchun dushman bo‘ldim», dedi ayol».
Yana boshqa bir misol:
«Bir kuni xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon minbarda turib: xutba qilayotgan edi. U o‘sha paytda odamlarga beriladigan moddiy yordamni to‘xtatib qo‘ygandi.
Odamlar ichidan Abu Muslim ismli kishi o‘rnidan turib, «Ey Muoviya! O‘sha beriladigan narsa sening mehnatingdan ham, otangning mehnatidan ham, onangning mehnatidan ham emas edi!» dedi. Muoviya g‘azablandi. Minbardan tushdi. Odamlarga: «To kelgunimcha turib turinglar, – dedi-da, kirib ketib, bir muddat hayallab qoldi. So‘ng qaytib chiqdi. G‘usl qilib olgan edi. Keyin: «Abu Muslim menga gapirib, g‘azabimni chiqardi. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olov esa suv bilan o‘chiriladi. Qachon biringiz g‘azablansa, g‘usl qilib olsin», deganlarini eshitgan edim. Kirib, g‘usl qilib chiqdim. Abu Muslim to‘g‘ri aytdi. Albatta, u mening mehnatimdan ham emas, otamning mehnatidan ham emas. Kelinglar, oladigan atolaringizni olinglar», dedi».
Imom Tabaroniy va Abu Ya’lo rahmatullohi alayhimo Abu Funayldan rivoyat qiladilar:
«Muoviya ibn Abu Sufyon bir juma kuni minbarga chiqdi va xutbasida: «Mol bizning molimiz va o‘lja bizning o‘ljamiz. Kimga xohlasak – beramiz. Kimga xohlamasak bermaymiz», dedi.
Biror kishi unga javob bermadi.
Ikkinchi juma kuni yana o‘sha gapni aytdi.
Biror kishi unga javob bermadi.
Uchinchi juma kuni yana o‘sha gapga o‘xshash gapni aytdi. Shunda masjidda hozir bo‘lganlardan bir kishi o‘rnidan turib «Yo‘q! Unday emas! Mol bizning molimiz va o‘lja bizning o‘ljamiz. Kim bizni undan to‘ssa, qilichlarimiz ila uni Allohning mahkamasiga o‘tkazamiz!» dedi.
Muoviya ibn Abu Sufyon pastga tushdi. Haligi kishiga odam yubordi. Uni ichkariga olib kirib ketishdi. Odamlar: «Bu odam endi o‘ldi», deyishdi. So‘ng kirib qarashsa, haligi odam u bilan so‘rida o‘tirgan ekan. Muoviya odamlarga: «Bu meni tiriltirdi. Alloh uni tiriltirsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Mendan keyin amirlar bo‘lur. Ular gap aytsalar, rad qilinmas. Ular olovga maymunlar talashgandek, talashib kirurlar», deganlarini eshitgan edim.
Men birinchi juma kuni gapirganimda, menga hech kim javob qaytarmadi. Men ham o‘shalardanmikanman deb qo‘rqdim.
Ikkinchi juma kuni gapirganimda, menga hech kim javob qaytarmadi. Men ham o‘shalardanmikanman deb qo‘rqdim.
Uchinchi juma kuni gapirganimda, manavi kishi turib, menga qarshi so‘z aytdi. U meni tiriltirdi. Alloh uni tiriltirsin!» dedi».
Muoviya ibn Abu Sufyonning hayot yo‘li, u kishining avval kim bo‘lgani-yu, keyin kimga aylanganini o‘rganar ekanmiz, bu ham Islomning yana bir mo‘jizasi ekanligiga tan beramiz.
Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Islomga eng ashaddiy dushman bo‘lgan ota-onadan tug‘ilib, ularning tarbiyasida o‘sdi. U kishi ota-onalariga qo‘shilib, bir muddat Islom dushmani bo‘lib yurdi. Makkai mukarrama fath bo‘lib, hamma Islomni qabul qilayotganda ko‘pchilikka qo‘shilib musulmon bo‘ldi, bo‘lganda ham, juda go‘zal, hammaga namuna bo‘ladigan musulmonga aylandi.
U kishi Islomni qabul qilgan ilk kunlaridanoq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida vahiyni yozadigan mirzalardan biri bo‘ldi.
U kishi uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga sahoba bo‘lishning o‘zi katta baxt edi. Ammo Muoviya ibn Abu Sufyon bu bilan kifoyalanib qolmay, yuqori cho‘qqilarga intildi. Islomni puxta o‘rgandi va faqih sahobalar qatoriga qo‘shildi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida uch yilgina birga bo‘lgan bo‘lsa ham, ko‘p narsalarni o‘rganib ulgurgan Muoviya ibn Abu Sufyon hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning davrlarida oddiy jangchi bo‘lib urushda ishtirok eta boshladi va amir darajasiga ko‘tarildi. U kishi to‘rt roshid xalifa davrlarida yigirma yil amirlik qilib, Shomda Islomning tarqalishiga va mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shdi.
Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davrida Islom Atlantika okeani qirg‘oqlarigacha yetib bordi. U kishining Islom uchun bu davrda qilgan xizmatlari haqida ko‘p jildlik kitoblar yozilgan.
Bunday holat faqat Islomdagina bo‘lishi mumkin. Boshqa holatlarda esa «Chayonning bolasi chayon, dushmanning bolasi dushman bo‘ladi» deb, Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘xshaganlar o‘ldirib yuborilishlari turgan gap edi. Ammo «Islom o‘zidan oldingi narsani yuvib tashlaydi» degan qoida Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘zini ko‘rsatishga imkon yaratib berdi va u kishi Islomga nisbatan fidokorlikni namoyon qildi.
«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati