Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davri

17.02.2025   7449   8 min.
Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davri

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hazrati Usmon shahid bo‘lganlaridan keyin Aliy roziyallohu anhuga xalifa sifatida bay’at qilindi. U kishi hazrati Usmon tomonlaridan saylangan barcha voliylarni ishdan oldilar. Bu ishdan norozi bo‘lgan Muoviya ibn Abu Sufyon bay’at qilishdan bosh tortdi. Shu sababli xalifa bilan u kishi o‘rtasida janjal ham bo‘lib o‘tdi. Bu ishlar xavorijlardan biri tomonidan hazrati Aliy roziyallohu anhuning qatl qilinishlari bilan nihoyasiga yetgach, hazrati Aliy roziyallohu anhuning o‘g‘illari imom Hasanga bay’at qilindi. Ko‘p o‘tmay, imom Hasan musulmonlarning qonini saqlab qolish maqsadida hokimiyatni Muoviyaga topshirib, o‘zlari xalifalikdan voz kechdilar. Bu bilan musulmonlarni birlashtirdilar.

Muoviya roziyallohu anhu hijriy 41 (milodiy 661) yilda qonuniy xalifa sifatida ish boshladi. Shu yil «jamoat yili» deb ataldi. Ishlar qaror topdi, yurt xavfsizligi hamma yoqqa tarqaldi. Ichki ixtiloflar tufayli to‘xtab qolgan yangi yerlarni fath qilish ishlari yana yo‘lga qo‘yildi.

Hazrati Aliy shahid bo‘lgach, u kishining o‘g‘illari imom Hasan hijriy 41 yilning rabi’ul avval oyida o‘z ixtiyorlari bilan Muoviya ibn Abu Sufyonga bay’at qilganlaridan so‘ng u kishi xalifa bo‘ldi. Bungacha yigirma yildan buyon amirlik qilib kelgan Muoviya ibn Abu Sufyon yana yigirma yil xalifalik qildi.

Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davrida Islom jamiyati yana ham kengaydi va markaziy hukumat atrofida birlashdi.

Muoviya ibn Abu Sufyon nihoyatda halim odam bo‘lib, u kishining bu xislati zarbulmasal bo‘lib ketgan edi. Hatto Ibn Abuddunyo va Abu Bakr ibn Osimlar Muoviya ibn Abu Sufyonning hilmi haqida alohida risolalar ham yozganlar. Tarix va adabiyot kitoblarimizda mazkur hilmni vasf etuvchi hikoyalar juda ko‘p:

«Muoviya ibn Abu Sufyon hajga kelganida, uning oldiga o‘zining qattiq muxolifati bilan tanilgan ayollardan Bakkora Hiloliyani olib kirishdi.

Xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon u ayoldan: «Nima uchun Aliyni yaxshi ko‘rib, meni yomon ko‘rding va uni do‘st tutib, meni dushman bilding?» deb so‘radi.

«Javobdan meni ma’zur tuting», dedi ayol.

«Ma’zur tutmayman», dedi xalifa.

«Unday bo‘lsa, eshiting. Men Aliyni fuqarolarga adolati uchun, narsani hammaga teng taqsim qilgani uchun yaxshi ko‘rdim. Sizni esa xalifalikka sizdan ko‘ra haqliroq odamga qarshi urush qilganingiz uchun yomon ko‘rdim. Sizga qonxo‘rligingiz, qozilikda zulm qilganingiz va havoi nafsingiz ila hukm qilganingiz uchun dushman bo‘ldim», dedi ayol».

Yana boshqa bir misol:

«Bir kuni xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon minbarda turib: xutba qilayotgan edi. U o‘sha payt­da odamlarga beriladigan moddiy yordamni to‘xtatib qo‘ygandi.

Odamlar ichidan Abu Muslim ismli kishi o‘rnidan turib, «Ey Muoviya! O‘sha beriladigan narsa sening mehnatingdan ham, otangning mehnatidan ham, onangning mehnatidan ham emas edi!» dedi. Muoviya g‘azablandi. Minbardan tushdi. Odamlarga: «To kelgunimcha turib turinglar, – dedi-da, kirib ketib, bir muddat hayallab qoldi. So‘ng qaytib chiqdi. G‘usl qilib olgan edi. Keyin: «Abu Muslim menga gapirib, g‘azabimni chiqardi. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olov esa suv bilan o‘chiriladi. Qachon biringiz g‘azablansa, g‘usl qilib olsin», deganlarini eshitgan edim. Kirib, g‘usl qilib chiqdim. Abu Muslim to‘g‘ri ayt­di. Albatta, u mening mehnatimdan ham emas, otamning mehnatidan ham emas. Kelinglar, oladigan atolaringizni olinglar», dedi».

Imom Tabaroniy va Abu Ya’lo rahmatullohi alayhimo Abu Funayldan rivoyat qiladilar:

«Muoviya ibn Abu Sufyon bir juma kuni minbarga chiqdi va xutbasida: «Mol bizning molimiz va o‘lja bizning o‘ljamiz. Kimga xohlasak – beramiz. Kimga xohlamasak bermaymiz», dedi.

Biror kishi unga javob bermadi.
Ikkinchi juma kuni yana o‘sha gapni aytdi.
Biror kishi unga javob bermadi.

Uchinchi juma kuni yana o‘sha gapga o‘xshash gapni aytdi. Shunda masjidda hozir bo‘lganlardan bir kishi o‘rnidan turib «Yo‘q! Unday emas! Mol bizning molimiz va o‘lja bizning o‘ljamiz. Kim bizni undan to‘ssa, qilichlarimiz ila uni Allohning mahkamasiga o‘tkazamiz!» dedi.

Muoviya ibn Abu Sufyon pastga tushdi. Haligi kishiga odam yubordi. Uni ichkariga olib kirib ketishdi. Odamlar: «Bu odam endi o‘ldi», deyishdi. So‘ng kirib qarashsa, haligi odam u bilan so‘rida o‘tirgan ekan. Muoviya odamlarga: «Bu meni tiriltirdi. Alloh uni tiriltirsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Mendan keyin amirlar bo‘lur. Ular gap aytsalar, rad qilinmas. Ular olovga maymunlar talashgandek, talashib kirurlar», deganlarini eshitgan edim.

Men birinchi juma kuni gapirganimda, menga hech kim javob qaytarmadi. Men ham o‘shalardanmikanman deb qo‘rqdim.

Ikkinchi juma kuni gapirganimda, menga hech kim javob qaytarmadi. Men ham o‘shalardanmikanman deb qo‘rqdim.

Uchinchi juma kuni gapirganimda, manavi kishi turib, menga qarshi so‘z aytdi. U meni tiriltirdi. Alloh uni tiriltirsin!» dedi».

Muoviya ibn Abu Sufyonning hayot yo‘li, u kishining avval kim bo‘lgani-yu, keyin kimga aylanganini o‘rganar ekanmiz, bu ham Islomning yana bir mo‘jizasi ekanligiga tan beramiz.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Islomga eng ashaddiy dushman bo‘lgan ota-onadan tu­g‘ilib, ularning tarbiyasida o‘sdi. U kishi ota-onalariga qo‘shilib, bir muddat Islom dushmani bo‘lib yurdi. Makkai mukarrama fath bo‘lib, hamma Islomni qabul qilayotganda ko‘pchilikka qo‘shilib musulmon bo‘ldi, bo‘lganda ham, juda go‘zal, hammaga namuna bo‘ladigan musulmonga aylandi.

U kishi Islomni qabul qilgan ilk kunlaridanoq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida vahiyni yozadigan mirzalardan biri bo‘ldi.

U kishi uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga sahoba bo‘lishning o‘zi katta baxt edi. Ammo Muoviya ibn Abu Sufyon bu bilan kifoyalanib qolmay, yuqori cho‘qqilarga intildi. Islomni puxta o‘rgandi va faqih sahobalar qatoriga qo‘shildi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida uch yilgina birga bo‘lgan bo‘lsa ham, ko‘p narsalarni o‘rganib ulgurgan Muoviya ibn Abu Sufyon hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu an­huning davrlarida oddiy jangchi bo‘lib urushda ishtirok eta boshladi va amir darajasiga ko‘tarildi. U kishi to‘rt roshid xalifa davr­larida yigirma yil amirlik qilib, Shomda Islomning tarqalishiga va mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shdi.

Muoviya ibn Abu Sufyonning xalifalik davrida Islom Atlantika okeani qirg‘oqlarigacha yetib bordi. U kishining Islom uchun bu davrda qilgan xizmatlari haqida ko‘p jildlik kitoblar yozilgan.

Bunday holat faqat Islomdagina bo‘lishi mumkin. Boshqa holatlarda esa «Chayonning bolasi chayon, dushmanning bolasi dushman bo‘ladi» deb, Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘xshaganlar o‘ldirib yuborilishlari turgan gap edi. Ammo «Islom o‘zidan oldingi narsani yuvib tashlaydi» degan qoida Muoviya ibn Abu Sufyonga o‘zini ko‘rsatishga imkon yaratib berdi va u kishi Islomga nisbatan fidokorlikni namoyon qildi.

«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qurbonlik – qurbat hosil qilishdir

27.05.2025   5912   1 min.
Qurbonlik – qurbat hosil qilishdir

O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “Qurbonlik (arabcha so‘z)-qurbonlik; qurbon berish, fido qilish. Xudo yo‘lida qurbonlikka so‘yilgan yoki so‘yiladigan jonliq” deb izohlanadi.   


“Qurbonlik” so‘zining istilohiy ma’nosi esa Alloh taologa qurbat, yaqinlik hosil qilish uchun  so‘yiladigan jonliqdir.  


Barchamizga ma’lumki, Islom dinida qurbonlik qilish vojib amaldir.


Alloh taolo “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” deydi. ( Kavsar surasi, 2-oyat).

Ushbu suraning tafsirida: “Kavsarni tafsirchilarimiz “ko‘p yaxshilik” deb aytishlari. bu esa payg‘ambarlik, Qur’on, hikmat, ummatning ko‘pligi, shafoat va Payg‘ambarimizga berilgan boshqa son-sanoqsiz yaxshiliklardan iboratdir. 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir” ( Imom Abu Dovud rivoyati).


Albatta, qurbonlik qilishda Alloh taologa xolis e’tiqod bilan Uning amrini bajarib, roziligini qo‘lga kiritishni maqsad qilamiz. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli U zotni ulug‘lashlaringiz uchun ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” ( Haj surasi, 37-oyat). 
 

  Mana sanoqli kunlardan so‘ng Qurbon oyi ham kirib keladi. Bu oyda har birimiz Alloh uchun qurbonlik qilishni niyat qilib turibmiz. Alloh taolo niyat qilib turgan qurbonliklarimizni O‘z dargohida qabul aylasin!

                                                                    Ruhiddin Akbarov,

O‘MIning Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi