O‘tgan hafta mobaynida Respublikamiz otinoyilari tomonidan ijtimoiy muhitni yanada sog‘lomlashtirish yuzasidan bir talay tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida 606 ta, to‘y, ma’raka-marosimlarni tartibli o‘tkazish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha 651 ta, bid’at-xurofotlar va dabdababozlikka qarshi 599 ta, ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirish, ajrimlarning oldini olish bo‘yicha 461 ta oila bilan suhbatlashildi.
Shuningdek, migrantlar bilan Vatan muqaddasligi, yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik borasida 383 ta suhbat va tadbirlar o‘tkazildi. Kam ta’minlangan oilalarga turli yordamlar ko‘rsatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Namanganga safarlari davomida viloyat vakilligining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Muftiy hazratlari vakillik xodimlari va hududdagi diniy soha vakillarini yangi bino bilan muborakbod etib, bunday zamonaviy sharoitlar va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar Prezidentimizning sohaga qaratayotgan alohida e’tibori natijasi ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, Shayx hazratlari bugun imom-xatiblar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib, vakilliklarga alohida e’tibor qaratilayotgani, 100 nafar Prezident hojisi muborak safarga yuborilganini alohida e’tirof etdilar. So‘ng ushbu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetib, yanada fidokorlik bilan mehnat qilish zarurligini uqtirdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan senator, “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov vakillik ahlini yangi bino bilan qutlab, yaratilgan bunday muhtasham sharoitlar Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ezgu islohotlarning uzviy davomi ekanini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida Diniy idoraning Namangan viloyat vakilligi yangi binosini barpo etishda alohida jonbozlik va fidokorlik ko‘rsatgan mutasaddilar tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Shuningdek, Muftiy hazratlari tomonidan viloyat vakilligiga avtomashina sovg‘a qilindi. Ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan mutasaddilar hamda homiylar haqiga duo qilindi.
Safar asnosida Muftiy hazratlari va mehmonlar vakillik xodimlarining munosib faoliyat yuritishi uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va qulayliklarni ko‘zdan kechirib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati