Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Sentabr, 2026   |   8 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:48
Quyosh
06:07
Peshin
12:17
Asr
16:37
Shom
18:30
Xufton
19:45
Bismillah
19 Sentabr, 2026, 8 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

Bosh imom talabalar bilan uchrashdi

19.02.2025   19321   1 min.
Bosh imom talabalar bilan uchrashdi

Bugun, 19 fevral kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi asosida ta’lim olayotgan bir guruh talabalar poytaxtimizdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidiga tashrif buyurdi.
 

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar bilan uchrashib, ularga ilmning fazilatlari, bugungi imom qanday bo‘lishi kerak kabi mavzularda ma’ruza qildi.


Darhaqiqat, imomlik sharafli, ayni paytda mas’uliyatli burchdir. Zero, hadisi sharifda: «Imom zomin (zimmasiga oluvchi), muazzin omonatdordir. Allohim, imomlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin va muazzinlarni mag‘firat qilgin», (Imom Abu Dovud rivoyati), deyilgan.


Ma’ruzani jon qulog‘i bilan tinglab, bunday uchrashuvlarni tashkil etgan institut ma’muriyatiga hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibiga talabalar tashakkur bildirishdi.


Abduqahhor domla yoshlarning savollariga atroflicha javob qaytardilar.


Talabalarga "Mavlidi sharif" kitobi hadya etildi.

* * *

Tadbirdan so‘ng talabalar «Shayx Zayniddin» qabristoniga dafn etilgan marhum ustozlarning qabrlarini ziyorat qilib, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qildilar.

Xayrli duolar bilan tashrif nihoyasiga yetdi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

Bosh imom talabalar bilan uchrashdi Bosh imom talabalar bilan uchrashdi Bosh imom talabalar bilan uchrashdi Bosh imom talabalar bilan uchrashdi Bosh imom talabalar bilan uchrashdi Bosh imom talabalar bilan uchrashdi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Ey o‘g‘ilginam..."

18.09.2026   18903   3 min.

Luqmonning farzandiga aytgan nasihatlaridagi buyuk hikmatlar


Ba’zi so‘zlar borki, oradan qancha asrlar o‘tmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki ular inson qalbiga yo‘l topadi, uni yaxshilikka chorlaydi va hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga undaydi.

«Ey o‘g‘ilginam...»


Luqmonning farzandiga aytgan bu murojaatida chuqur mehr, samimiyat va ulkan hayot hikmati mujassam. Uning nasihatlari nafaqat bir farzandga, balki har bir insonga tegishli bo‘lgan ibratli o‘gitlardir.


Luqmon farzandiga avvalo eng muhim haqiqatni eslatadi:


«Ey o‘g‘ilginam! Allohga hech narsani sherik qilma. Albatta, shirk katta zulmdir».


Inson hayotidagi eng muhim poydevor — to‘g‘ri e’tiqod. Dunyodagi boylik, mansab, obro‘ va barcha ne’matlar vaqtinchalik. Ammo insonning Alloh bilan bo‘lgan munosabati uning butun hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, avvalo, uning qalbiga iymon va Allohga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan boshlanadi.


Shundan so‘ng Luqmon:

«Ey o‘g‘ilginam! Namozni to‘kis ado et...»

deb nasihat qiladi.


Namoz — insonning Robbisi bilan bog‘lanishidir. U qalbni poklaydi, insonni yaxshilikka undaydi va hayotiga tartib bag‘ishlaydi. Farzandga namozni o‘rgatish — unga faqat bir ibodatni emas, balki mas’uliyat, poklik va ma’naviy tartibni ham o‘rgatishdir.


Luqmon farzandini yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishga ham chaqiradi. Chunki haqiqiy ezgulik faqat o‘zimiz uchun emas, atrofimizdagilar uchun ham manfaatli bo‘lishi kerak. Ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z insonning ko‘nglini ko‘tarsa, bir samimiy nasihat uning hayotini o‘zgartirishi mumkin.


Ammo yaxshilik yo‘li doimo oson emas. Shuning uchun Luqmon:


«Boshingga tushgan musibatlarga sabr qil», deydi.


Inson hayotida turli sinovlar uchraydi. Ba’zida rejalarimiz amalga oshmaydi, ba’zida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ana shunday paytlarda sabr insonga kuch beradi. Sabr — taslim bo‘lish emas, balki qiyinchilikka qaramay to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir.


Luqmonning yana bir muhim nasihati — kibrdan saqlanish:


«Kishilardan kibr bilan yuz o‘girma va yer yuzida manmanlik bilan yurma».


Insonga berilgan boylik, ilm yoki martaba uni boshqalardan ustun qilib qo‘ymaydi. Aksincha, inson qanchalik ko‘p ne’matga ega bo‘lsa, shunchalik kamtar bo‘lishi lozim. Chunki haqiqiy ulug‘lik — o‘zini boshqalardan baland qo‘yishda emas, balki insonlarga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishdadir.


Nasihatlarda hatto insonning yurishi va ovozigacha e’tibor qaratilgan:


«Yurishingda o‘rtacha bo‘l va ovozingni pasaytir. Albatta, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklarning ovozidir». Bu bizga odobning katta ishlardagina emas, balki kundalik odatlarimizda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Vazminlik, muloyimlik, me’yor va chiroyli muomala insonni bezaydi.


Bugun bizga ham kerak bo‘lgan nasihatlar


Luqmonning farzandiga aytgan o‘gitlari asrlar oldin aytilgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb.


Bugun farzandlarimizga yaxshi kasb egasi bo‘lish bilan birga, yaxshi inson bo‘lishni ham o‘rgatishimiz kerak. Ularning qalbiga iymon, tiliga yaxshi so‘z, xulqiga kamtarlik, hayotiga sabr va mehrni singdirishimiz zarur.


Chunki farzandga qoldiriladigan eng qimmatli meros — mol-dunyo emas.


Eng buyuk meros — iymonli qalb, go‘zal axloq va to‘g‘ri tarbiyadir.


Shu bois Luqmonning:


«Ey o‘g‘ilginam...» deb boshlangan nasihatlari har birimiz uchun hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ularni o‘qishgina emas, hayotimizga tatbiq etish biz uchun eng katta ibratdir. 
 

Humoyuddin Husniddin o‘g‘li, 

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi

                 yetakchi mutaxassisi tarjimasi 


                                      

Maqolalar