Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo‘minning ruhi uning qarzi to‘lanmaguncha ushlab turiladi", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Hadisdan olinadigan foydalar:
1. Musulmon inson vafotidan oldin qarzlarini to‘lashga harakat qilishi lozim. Agar bunga qodir bo‘lmasa, uning qarzini vorislari merosdan to‘laydi. Meros bo‘lmasa, o‘z yonlaridan to‘lasalar ham bo‘ladi. Agar ular ham qodir bo‘lmasa, musulmonlardan imkoni bor insonlardan birortasi bunga harakat qilishi kerak.
2. Shariat odamlarga bo‘lgan haqlarga e’tiborsizlik qilishdan, xususan, qarzni o‘z vaqtida bermaslikdan ogohlantirgan. Musulmon inson Allohdan yordam so‘rab, o‘z qarzlarini imkon qadar tezroq uzishga harakat qilishi kerak, shunda u vafot etganida zimmasida hech kimning haqqi qolmaydi.
Abdulmuqsid Po‘latov,
Hadis ilmi maktabi talabasi.
Pokistonning mashhur “Discover Pakistan” telekanalida buyuk muhaddis, islom olamining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri Imom al-Buxoriyning hayoti va boy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan hujjatli film efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maxsus ko‘rsatuv telekanal ijodiy guruhining O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida mamlakatimizga qilgan safari chog‘ida suratga olingan. Filmda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand viloyatidagi Imom al-Buxoriy majmuasining arxitektura qiyofasi tubdan yangilangani qayd etilgan. Shuningdek, majmuaning o‘ziga xos ma’naviy muhiti va ushbu muqaddas qadamjoning musulmonlar hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritilgan.
Tomoshabinlarga O‘zbekistonda buyuk mutafakkirlarning ilmiy merosini o‘rganish va ommalashtirish, tarixiy-madaniy yodgorliklarni saqlash, muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish va ziyorat turizmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ko‘rsatuv muharririning so‘zlariga ko‘ra, Imom al-Buxoriy nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon ummati uchun ulkan ma’naviy ahamiyatga ega meros qoldirgan. “U hadis ilmi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shdi va islom olamida yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan “Al-Jomi as-sahih” asarini yaratdi. Asrlar davomida ushbu kitob musulmonlar tomonidan eng muhim diniy-ma’rifiy manbalardan biri sifatida qadrlanib kelinmoqda”, — dedi jurnalist.
Filmda majmua shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy an’analarini o‘zida mujassam etgan hamda turli mamlakatlardan kelgan ziyoratchilarni birlashtiradigan muqaddas maskan sifatida ta’riflangan. Majmuaning zamonaviy arxitektura yechimi, obodonlashtirilgan hududi va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar O‘zbekistonning tarixiy merosga bo‘lgan e’tiborini aks ettirishi ta’kidlangan.
“Discover Pakistan” telekanalida namoyish etilgan hujjatli film xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uning muqaddas qadamjolari va jahon sivilizatsiyasi, xususan, islom ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot yetkazishga yordam beradi. Bu, shuningdek, Pokiston aholisi o‘rtasida O‘zbekistonga ziyorat turizmini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati