Bismillahir Rohmanir Rohiym
Avvalambor, saraton kasalligi bosqichini va da’volash ketma-ketligini bilib olish kerak. Saraton kasalligining birlamchi davo muolajasini olayotgan yoki operatsiya o‘tkazilganidan keyin hali ikki oy to‘lmagan bo‘lsa yoki kimyo va nur terapiyalari olinib, oradan ikki oy o‘tmagan bo‘lsa ro‘za tutish tavsiya qilinmaydi.
Qachon ro‘za tutish mumkin?
Har qanday saratonga qarshi olingan muolajalardan keyin, ikki oydan oshgan bo‘lsa ya’ni biz bu kasallikni yakuniga yetgan, remissiya (uyqu holatiga o‘tgan kasallik) holati deb baholanadi. Shunday holatlarda ro‘za tutish mumkin.
Kichik eslatma
Aynan oshqozon-ichak trakti saratoni bilan kasallangan bemorlarda operatsiyalar, misol uchun: oshqozon, oshqozon osti bezi olib tashlangan holatlar, o‘t yo‘llari, jigar saratoni bilan og‘rigan bemorlarda remissiya holatida ham ro‘za tutish, kasallikni uyg‘otishga yoki organizmni keyingi kutiladigan davo muolajalarini olishga tayyorgarlik qismini to‘xtatib qo‘yishiga olib keladi. Bu bilan bizning davolash natijalarimiz normal holatdan ko‘ra pasayib ketishi mumkin.
Unutmang
Har qanday qarorga kelishdan avval shifokor bilan maslahatlashing!
Maqsud Mallayev,
Onkolog shifokor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona markazi hamkorligida mutaxassislar uchun “Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va foydalanish asoslari” mavzusida onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlar davomida elektron kataloglar bilan ishlash, kutubxona fondlarini raqamlashtirish, noyob va qimmatli manabalarni saqlash, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda milliy va xorijiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalar berildi.
Shuningdek, sohada qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ishtirokchilar batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘quv kurslari yakunida Respublika axborot-kutubxona markazi direktori Asqar Gaziyev tomonidan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tadbir axborot-resurs markazlari faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy elektron kutubxona xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘MI Kutubxona bo‘limi