Cavol: Ukol olish bilan ro‘za buziladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Zamonamizdagi ko‘pchilik ulamolar tomirdan ukol olish ro‘zani buzadi, deyishgan. Chunki tomirdan yuborilgan dori qon tomir orqali javfga – odamning ichki a’zolariga tarqaladi. Bu esa shariatimiz bo‘yicha ro‘zani buzuilishiga olib keladi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
"إنما الإفطار مما دخل وليس مما خرج" (رواه أبو يعلى الموصلى)
“Ro‘zaning ochilishi badanga kirgan narsa sababidandir, badandan chiqqan narsa sababidan emas”, deganlar (Abu Ya’lo rivoyati).
Mushak (muskul)ga qilingan ukol esa unday emas. Ya’ni, igna orqali yuborilgan dori javf – odamning ichki organiga yetib bormaydi, balki mushak orqali ta’sir qiladi. shuning uchun mushakdan qilingan ukol ro‘zani buzmaydi.
Shunday bo‘lsada, ba’zi ulamolar ehtiyot yuzasidan mushak orqali quvvat bo‘luvchi ukollardan tiyilib turish kerakligini ta’kidlaydilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati