Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ro‘zador kishiga quyidagilar sunnatdir:
1. Nafsni yomon niyatlardan to‘xtatish;
2. Foydasiz hamda uyatsiz so‘zlarni gapirishdan va eshitishdan o‘zini saqlash;
3. Birov bilan urishishdan, har qanday gunoh ishlardan o‘zni tortish;
4. Mumkin qadar istig‘for, zikr va tasbeh bilan band bo‘lish;
5. Qur’on o‘qish;
6. Quyosh botgan vaqtda shom namozini o‘qishdan oldin bir qultum suv bilan bo‘lsa ham og‘iz ochish;
7. Ramazon oyida har kuni xufton namozidan so‘ng yigirma rakat taroveh namozi o‘qish;
8. Taroveh namozida Qur’oni Karimni o‘qib yoki eshitib xatm qilish;
9. Ramazonda xuftonni jamoat bilan o‘qigan kishi uchun vitr namozini ham jamoat bilan o‘qish.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
#Xayriya_karvoni
Bu yilgi muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin, ko‘plab xursandchiliklar olib kelayotgan mo‘tabar ayyomga aylanmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, "Vaqf" xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan xayriya tadbirlari davomida ramazon tuhfalaridan har yilgidan ko‘ra ko‘proq aholi qatlami bahramand bo‘lishyapti.
"Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi" shiori ostida tashkil etilayotgan tadbirlarda mas’ullar e’tiboridan nafaqat davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar, balki "mahalla yettiligi" tomonidan ehtiyojmand deb topilgan minglab oilalar ham chetda qolmayapti.
Muqaddas oyning o‘tgan to‘rt kuni davomida "Vaqf" xayriya jamaot fondi va uning hududlardagi filiallari tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamiga har jihatdan yordam berish borasida ko‘plab xayriya tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, fondning Andijon viloyati filiali tomonidan shu kungacha yolg‘iz keksalar, nogironligi bor, boquvchisi vafot etgan, ehtiyojmand deb topilgan 260 ta oilaga homiylarning oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
Fondning Toshkent viloyati filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda 230 nafar aholining kam ta’minlangan qatlami uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.
Fondning Buxoro va Samarqand viloyatlari filiallari tomonidan homiylar ko‘magida viloyatning chekka tumanlarida yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj va nogironligi bor oilalarga oziq ovqat va kiyim-kechaklar ehson qilindi.
Ana shunday xayriya tadbirlari fondning barcha filiallarida izchillikda o‘tkazilmoqda.
Vaqf.uz