Islomda Ramazoni sharif oylar ichida eng muborak oy, oylar sultoni hisoblanadi. Ramazon mo‘min bandalarga Yaratganning ulug‘ ajrlariga yetishish uchun imkon eshiklarini ochib berguvchi najot oyidir.
Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishi, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishi, ramazon ro‘zasini ado etishi, tavoreh namozlarini o‘qishi uchun zarur barcha sharoit yaratiib berilayotganligi, shubhasiz, barchamizni behad quvontiradi.
Prezidentimizning joriy yil 27 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham ushbu oyni “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida chiroyli o‘tkazish, xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish yuzasidan qator vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, qolaversa, Ramazon oyini yuqori saviyada o‘tkazish uchun Andijon viloyatida ham zarur ishlar amalga oshirildi.
Ramazon oyi boshlanishi bilan viloyatimizdagi 179 ta jome masjidi hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida tavoreh namozlari o‘qilmoqda. Barcha masjidlarimizda, xususan, Andijon shahridagi “Pistamazor” jome masjidida ham namozxonlar uchun zarur barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan.
Aholi, namozxonlar har kuni tavoreh namozini chiroyli ado etmoqda. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ramazon oyini madh etib: "Bu shunday oyki, uning avvali rahmatdir", deydi. Ya’ni bu oyda tutilgan ro‘za va qilingan ezgu amallar bilan Allohning rahmatiga dohil bo‘linadi. "Ramazonning o‘rtasida esa bandaning gunohlari maxfirat etiladi", deyiladi. Demak, gunohlarimiz, xato va qusurlarimiz ko‘p bo‘lsa-da, ramazonning yarmiga yetganda tutgan ro‘zamiz evaziga Alloh gunohlarimizni kechiradi. Yana payg‘ambarimiz (s.a.v.) ramazonning oxirida esa oyni ro‘za tutib o‘tkazgan bandalar jahannamdan ozod bo‘lishini marhamat qilganlar.
Har bir mo‘min banda ushbu muborak oyning odob va tartiblariga rioya qilmoqliklari muhimdir.
Ramazon oyi odob va tartiblari deganda nimalar tushuniladi? Bu xususda Qur’oni Karim va hadislarda juda ko‘p ko‘rsatmalar berilgan. Jumladan, ramazon kirishi bilan har bir mo‘min, eng avvalo, tilini yomon so‘zlardan, ya’ni g‘iybatdan, yolg‘ondan saqlamoqligi kerak.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kishiki yolg‘on so‘zlamoqni tark etmasa va Alloh qaytargan narsadan qaytmasa, ro‘za tutib, yemay-ichmay qo‘ygani bilan ro‘zasi qabul bo‘lmaydi. Alloh unga rahmat nazarini tashlamaydi" deydi.
Yana dinimiz ko‘rsatmalarida ramazon oyida mo‘minlar atrofidagi insonlarga tili va qo‘li bilan ozor bermasligi aytilgan. Chunki Payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Kishi Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, bas u inson gapirsa, yaxshi ishni gapirsin yoki jim tursin", deb marhamat qilganlar. Shu bois ham ushbu muborak oyda har bir inson Allohga tavba qilmoqligi, shu bilan birga, insonlarga ozor yetkazishdan saqlanmoqligi kerak. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Tavbaga shoshilinglar o‘lim kelmasdan oldin" deganlar va yana bu oyda har bir mo‘min faqirlarning holidan xabar olib, ularga yordam qo‘lini cho‘zmoqlari, hech bo‘lmasa iftorliklariga bir qultum suv bilan bo‘lsa ham ularga mehru muhabbatlarini ko‘rsatmoqliklari lozimdir. Bu haqida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kishi bu oyda bir ro‘zadorni (bir qultum suv bilan bo‘lsa ham) so‘rab qo‘ysa, Alloh unga kavsaridan bir sharbat inom etadi, uni ichgan kishi aslo tashna bo‘lmaydi", deganlar.
Ushbu muborak oyda bandalar yetimlar holidan xabar olib, ularning o‘ksik qalblarini shod qilmoqlari lozimdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) "Kim bir yetimni kafolatini olsa, bas u men bilan jannatda birga bo‘ladi", deganlar. Yana bu muborak oyda har bir inson imkon boricha atrofdagilarga yordam qo‘lini cho‘zmog‘i lozim. Zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) "Kim bir musulmonning qiyinchiligini yengillashtirsa, Alloh taolo u bandasining qiyomat kuni qiyinchiliklarini yengilatadi", deya marhamat qilganlar.
Muborak ramazon oyida Alloh barchalarimizga yuqorida aytib o‘tilgan amallarga rioya qilishligimizni, ramazon oyini chiroyli o‘tkazib, Yaratganning marhamatiga yetishishlikni nasib etsin.
Xayrullo Sulaymonov,
Andijon shahridagi "Pistamazor" jome masjidi imom-xatibi.
O‘zA
Misrning “See News” va “Al-Ahram” nashrlarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Birodar shaharlar xalqaro forumi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
“See News” portali ma’lum qilishicha, joriy yilning 24–25 iyul kunlari Samarqand shahrida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini kengaytirish, shaharlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan Birodar shaharlar xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum davomida shaharlar hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, panel sessiyalari va davra suhbatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, birodar shaharlar o‘rtasida memorandum va bitimlarni imzolash marosimlari, xalq diplomatiyasi va hududlararo hamkorlik taqdimotlari, xorijiy delegatsiyalar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Samarqandning tarixiy obidalariga tashriflar, investitsiya, turizm va madaniyat sohalariga bag‘ishlangan turli ko‘rgazmalar esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi.
“Al-Ahram” gazetasi muxbiri Muhammad Abdulsalom Sabrin Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida reportaj tayyorladi. Jurnalistning yozishicha, u ushbu muhtasham majmuani “Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” asari – ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida borib ko‘rgan.
Maqolada Imom Buxoriy majmuasi qariyb 450 ming kvadrat metr maydonni egallagan yaxlit ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy markaz sifatida tasvirlangan. Unda to‘rtta 75 metrli minoraga ega masjid, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy safarlariga bag‘ishlangan noyob qo‘lyozmalar hamda xaritalar jamlangan to‘qqiz pavilondan iborat interaktiv muzey mavjud.
Muallifning qayd etishicha, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan qariyb 65 ming nafar ziyoratchigacha oshgan. U ushbu majmuani nafaqat betakror me’moriy yodgorlik, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan ma’naviy maskan sifatida ta’riflagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati