Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Onanizm (qo‘l bilan shahvatni qondirish)ning hukmi haqida ma’lumot bersangiz. Undan keyin g‘usl qilish shartmi? Ro‘zaga ta’siri bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz aytayotgan narsa shar’iy istilohda “istimno” – ya’ni shahvatini o‘z qo‘li bilan qondirish deyiladi. U shariatimizda harom amal sanaladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o‘z jufti halollari va qo‘l ostidagilar (cho‘rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. Bas, kimki shundan o‘zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar haddan oshuvchidirlar” (Mo‘minun surasi 5-7-oyatlar).
Qo‘l bilan shahvat qondirishning harom ekaniga ushbu oyati karima dalildir. Ulamolar kishi ayoli yoki qo‘l ostidagi cho‘rilaridan tashqari har qanday yo‘l bilan shahvatini qondirishi – haromdir va qattiq gunohkorlikka sababchidir, deydilar.
Ularning bu fikrlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan: “Qo‘liga nikohlangan la’natlangandir” (Imom Bayhaqiy rivoyati) degan hadis ham qo‘llab quvvatlaydi.
Fiqh kitoblarida uylanishning bir necha darajalarini sanab o‘tilgan. Shulardan kishi agar zino qilib qo‘yish darajasiga borsa, uning uylanishi vojib ekanligi aytiladi. Uylanishga imkoni bo‘lmaganlarni Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam ro‘za tutishga buyuradilar.
Qolaversa, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Nikoh (imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar”, deya marhamat qiladi (Nur surasi, 33-oyat).
Bu tadbirlarning barchasidan ko‘zlangan maqsad insonni istimno kabi sof insoniy tabiatga zid bo‘lgan jirkanch ishdan tiyilishga undashdir. Qo‘l bilan shahvatni qondirish orqali maniy tushadigan bo‘lsa, g‘usl vojib bo‘ladi va ro‘za buziladi. Bu ishni qilgan odam Ramazondan keyin bir kun qazo ro‘za tutib beradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligida imom-xatiblar ishtirokida tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Farohiddin Rahimov hamda viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov rahbarligida o‘tgan tadbirda 2026 yilning birinchi yarim yilligidagi diniy-ma’rifiy va tashkiliy ishlar sarhisob qilinib, erishilgan natijalar atroflicha tahlil etildi.
Yig‘ilishda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, diniy sohadagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, yoshlar o‘rtasida ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kelgusi olti oylik ustuvor vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati