Er-xotin uzoq vaqt birga hayot kechirishdi. Turmushlariga 30 yil to‘lgan kuni ayol ertalabki nonushta uchun non pishirdi. Aslida u bu ishini har doim qilardi. Ayol odatiga ko‘ra eriga nonning tepa qismini bermoqchi bo‘ldi. Biroz o‘ylanib turdi-da: “Bugun bir marta nonning tepa qismini o‘zimga olib, tag qismini erimga beraman. 30 yil mobaynida nonning tepa qismini yegim keldi. Endi bir marta odatga xilof qilsam bo‘lar”, deb o‘yladi. Eriga nonning tag qismini uzatdi. Erining nonning tag qismini olishi bilan quvonib ketdi: “Bugun qanday ham zo‘r sovg‘a berding. Men o‘zi yoshligimdan nonning tagini yeyishni yaxshi ko‘raman. Lekin menga ustini berganing uchun sen ham tag qismini yaxshi ko‘rsang kerak, deb doim tepa qismini yerdim”, dedi.
Xulosa shuki, birgalikdagi hayot davomida bir-birini avaylash, o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani boshqaga ham ilinish juda go‘zal fazilatdir.
Ramazon oyida saharlik va iftorlik paytlari shirin taomlar tayyorlab berayotgan onalarimiz, jufti halollarimizning haqlariga duo qilaylik. Tarovihlar, xatmlar so‘ngida o‘zimizga tilagan tilaklarni ularga ham ilinaylik! Zero, o‘ziga ravo ko‘rganini boshqaga ham ravo ko‘rmaguncha iymonimiz komil bo‘lmasligi haqida hadisi sharif bor.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Muoviyaning davrlarida ikki odam janjallashib qoldi. Janjal asnosida biri boshqasining tishini urib sindirdi. U singan tishini olib, Muoviya roziyallohu anhuning huzurlariga bordi va: «Tishning qasosi tish bo‘ladi, shuning uchun qasos olib bering», dedi.
Hazrati Muoviya: «To‘g‘ri, sening haqqing bor, lekin nima foyda? Sening tishing-ku sinib bo‘ldi. Unikini ham sindiraylikmi? Uning o‘rniga tishingning xunini ol, xun evaziga murosa qil», dedilar.
U kishi: «Men aynan o‘sha tishini sindirib qasos olaman», dedi. Muoviya roziyallohu anhu unga yana qayta tushuntirdilar. Lekin u ko‘nmadi. Hazrati Muoviya keyin: «Undoq bo‘lsa yur, uning ham tishini sindiramiz», dedilar.
Yo‘lda mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu o‘tirgan edilar. U zot shunday dedilar: «Birodar! Qara, sen-ku qasos olyapsan. Lekin bu gapni ham eshitib ket. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim birovga aziyat yetkazsa va aziyat yetgan kimsa uni kechirib yuborsa, Alloh taolo uni afvga eng ko‘p muhtoj bo‘ladigan kunda (ya’ni oxiratda) afv qiladi», deganlarini eshitganman».
Boyagina g‘azabga minib, xun haqi olishga hech rozi bo‘lmay turgan odam ushbu hadisni eshitgach: «Siz bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» deb so‘radi. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Ha, eshitganman, mening mana shu quloqlarim eshitgan», dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan