Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446
Yangiliklar

Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston Imom Moturidiy ta’limotiga katta e’tibor qaratmoqda

17.03.2025   9564   2 min.
Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston Imom Moturidiy ta’limotiga katta e’tibor qaratmoqda

Anqara universiteti professori, moturidiyshunos olim So‘nmez Kutl (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 14 martdagi "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori haqidagi fikrlarini bildirdi:
 

– Bugun juda ham quvonchli xabar eshitdim. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida" qaror qabul qilgani, shu munosabat bilan ko‘plab ilmiy-madaniy tadbirlar, jumladan, "Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilishi meni bag‘oyat mamnun qildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev xanafiy-moturidiy ta’limoti atrofida birlashgan turkiy davlatlar yetakchilari orasida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga eng katta e’tibor qaratib kelayotgan davlat rahbari sifatida alohida ajralib turibdi. Buning uchun men mamlakatingiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

 

Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir. Zotan, u bag‘rikenglik va mo‘tadillikka asoslangan qarashlari, ma’rifiy g‘oyalari bilan nafaqat islom sivilizatsiyasiga, balki umumbashariy tamaddunga bebaho hissa qo‘shgan buyuk allomadir. Uning tafakkuri markazida inson erki, aql va ilm turadi.

 

Alloh taolo insonni eng go‘zal suratda yaratgan. Inson hurmat va ehtiromga loyiq mavjudotdir. Barcha insonlar Odam Atoning farzandlari bo‘lgani sababli, insoniylik jihatidan o‘zaro birodar hisoblanadilar. Ular orasidagi musulmonlar dinda ham birodardirlar. Insonlarning o‘zaro ustunligi axloqiy fazilatlar, ta’lim-tarbiya bilangina o‘lchanadi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Imom Moturidiy tavalludini keng nishonlash haqidagi qarori allomalarga yuksak ehtirom ifodasi o‘laroq yosh avlodni mutaassib oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olishga ham xizmat qiladi. Zero, X asrda mo‘tadil ta’limotni insoniyatga targ‘ib qilgan Imom Moturidiyni xotirlash orqali bugun jamiyatda har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezilayotgan tinchlik, bag‘rikenglik, mo‘tadillik madaniyatini ta’minlash sari muhim qadam qo‘yiladi.

 

Umrining katta qismini Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlagan bir inson sifatida men bu borada har qanday vazifaga hissa qo‘shishni sharaf, deb bilaman. 

"Dunyo" AA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

“Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusidagi anjuman qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi

26.05.2025   9872   1 min.
“Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusidagi anjuman qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi

Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Islom – salomatlik targ‘ibotchisi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham bo‘lib o‘tdi. 


Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, shuningdek, yosh olimlar, doktorant va magistrlar, yurtimiz va xorijlik professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari qatnashdi. 


Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.


Shuningdek, "Islomda sog‘lom turmush tarzi", "Ibn Sinoning to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlashga oid tavsiyalari", "Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni", "Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.


Ushbu anjuman natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar takomillashishi barobarida salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

“Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusidagi anjuman qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusidagi anjuman qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusidagi anjuman qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusidagi anjuman qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusidagi anjuman qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi