Toshkent islom institutining 3-kurs qoriyasi Robiyaxon Muzaffarxonova 30 pora Qur’oni karimni bir kunda, 12 soat davomida yoddan o‘qib berdi.
Qur’oni karimni o‘qish jarayonini “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchilari Jahongir qori Ne’matov, Ahmadxon qori Rashidov, Valixon qori Azimboyev, Abdulbosit qori Qobilov, Robiya Najmiddinova va boshqa ustoz hamda talabalar kuzatib borishdi.
Toshkent islom instituti rektori, tarix fanlari nomzodi Uyg‘un domla G‘ofurov mazkur natijani e’tirof etib, ustozlarga g‘ayrat va shijoat tiladi. Qur’oni karimni 12 soatda yoddan o‘qib xatm qilgan Robiyaxon Muzaffarxonova noutbuk va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, “Qur’on ilmlari” kafedrasi ustozlarining mehnati natijasida Toshkent Islom institutida Qur’oni karimni bir kunda to‘liq yoddan o‘qib berish an’anaga aylandi. Bugunga qadar bunday yutuqqa erishgan qoriya talabalar soni 12 nafarga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yil 27 dekabr kuni Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan shahar-tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining "Inson qadri" nomli kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Kitob taqdimotida viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov tomonidan ushbu kitobda islom ta’limotiga ko‘ra insonning haqiqiy qadri uning tashqi ko‘rinishi, boyligi yoki mansabi bilan emas, balki qalb pokligi, niyati, odob-axloqi va ezgu amallari bilan o‘lchanishi Qur’on va sunnat asosida yoritib berilganligi, asarda inson qadri, tarbiya, ilm-ma’rifat, sog‘lom turmush tarzi, halol mehnat va kasb-hunarning hayotdagi o‘rni sodda va xalqchil uslubda bayon etilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Andijon viloyat vakilligi matbuot xizmati