Uyning tomiga chiqib olgan echki shu atrofdan o‘tib qolgan bo‘rini haqorat qila boshladi. Bo‘ri tepada turgan echkiga qarab: “Meni o‘zingga emas, turgan joyingga ishonib haqorat qilyapsan”, dedi va nari ketdi. Birozdan so‘ng echki tomda zerikib, qorni ochib, pastga tushdi va yaylovga qarab yurdi. Uni panada poylab turgan bo‘ri bir zumda tutib, bo‘g‘zidan oldi...
Xulosa shuki, bu besh kunlik dunyoda bir-birimizga hayotda qanday mavqega ega bo‘lishimizdan qat’iy nazar faqat yaxshilik qilib yashaylik. Zero, yaxshiligimiz ham, yomonligimiz ham ertaga Qiyomatda o‘zimizga qaytishi haqida Allohning so‘zi bor: “Bas, kim zarra og‘irligida yaxshilik qilsa ham ko‘radi. Kim zarra og‘irligida yomonlik qilsa ham ko‘radi” (Zalzala surasi, 7-8-oyatlar).
Akbarshoh Rasulov
Joriy yilning 12–15 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi, BAAning “HEDAYAH” xalqaro markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va X-Media jamoasi hamkorligida mamlakatimizning din va jamoat yetakchilari uchun maxsus seminar-trening o‘tkazildi.
Boshqa jamoat tashkilotlari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidan 25 nafar ishtirokchi qatnashgan mazkur trening zamonaviy media texnologiyalari, sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanishga bag‘ishlandi.
Seminar davomida nazariyadan amaliyotga o‘tgan ishtirokchilar video kontent yaratish, ssenariy yozish, faktlarni tekshirish, raqamli platformalarda auditoriyani jalb etish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab olishdi.
Bu kabi seminar-treninglar zamonaviy media imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, jamiyat bilan muloqotni yanada samarali, mazmunli va ishonchli yo‘lga qo‘yishda juda foydali ekani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati