Ramazon – xayru saxovat oyi. Bu muborak oyda qilingan xayr-ehsonlarga ulug‘ ajrlar bitiladi.
Urganch tumani bosh imom-xatibi Muhammadamin domla Muhammad Zarif o‘g‘li homiylarni jalb qilgan holda Urganch tumanidagi "Muruvvat uyi"da yashovchi keksalar holidan xabar olib, ularga iftorlik dasturxoni yozdi.
Iftorlik so‘ngida yurtimiz tinch, aholimiz farovon bo‘lishini Yaratgandan so‘rab, xayrli duolar qilindi.
Namanganda «Inson qadri» kitobi taqdimoti va soha xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Namangan shahridagi taqdimot marosimida Musoxon domla Abbosiddinov va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yangi asari mazmun-mohiyatini tahlil qildilar. So‘zga chiqqanlar kitob jamiyatda mehr-oqibat va odob-axloq tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘lishini ta’kidladilar.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyat va tuman bosh imom-xatiblari uchun yangi dizayndagi maxsus liboslar taqdim etildi.
Tadbir yakunida yil davomida eng faol bo‘lgan imom-xatib va otinoyilarga tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati