O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahridagi "To‘ra buva" jome masjidi imom noibi Elyor domla Asqarovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum domlani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum domlaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Elyor domlaning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Bugun Samarqand viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi boshchiligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yangi nashrdan chiqqan “Inson qadri” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan tuman va shahar bosh imom-xatiblari, faol imom-xatiblar hamda otinoyilar ishtirok etdi. Taqdimot Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, kitobning mazmun-mohiyati, inson qadrini ulug‘lash, ma’naviy tarbiya va jamiyatdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida “Inson qadri” kitobi viloyat hududidagi 288 ta masjidga tarqatildi hamda uni diniy-ma’rifiy ishlar jarayonida keng foydalanish tavsiya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakilligi Matbuot xizmati