Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon viloyati Izboskan tumanidagi baxtsiz hodisa ro‘y bergan “Ahmadali hoji” jome masjidini mutasaddilar ishtirokida ko‘zdan kechirdilar. Voqea tufayli ta’ziyali bo‘lgan xonadonlarga hamdardlik bildirdilar. Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, marhumlar haqiga bag‘ishlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 31 mart kuni (https://t.me/muslimuzportal/40908) masjid tahoratxonasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida bir necha fuqaro halok bo‘lib, 10 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa natijasida tahoratxona devor va tom qismiga zarar yetgan, yong‘in sodir bo‘lmagan.
Muftiy hazratlari boshchiligidagi ulamolar vafot etganlarning janoza namozlarida, ma’raka-marosimlarida haqlariga duolar qilishdi. Marhumlarning yaqinlariga moddiy-ma’naviy tasalli berildi. Tan jarohati olib, shifoxonalarda muolaja olayotganlarga tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tilandi.
Halok bo‘lganlarning oila a’zolariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan moddiy yordamlar berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan moddiy yordam pullari ham to‘lash nazarda tutilgan. Masjidning talafot ko‘rgan qismini qayta tiklash ishlari uchun ham belgilangan tartibda mablag‘lar ajratiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayni qish-qirovli kunlarda "Vaqf" xayriya jamoat fondining Farg‘ona viloyati filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda ko‘plab xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda. Xususan, fond xodimlari g‘ayratli volontyorlar bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj 100 ta oilalaga himmatli xalqimiz ehson qilgan ko‘mir, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa uy-ro‘zg‘orga zarur buyumlarni xonadonlariga yetkazishdi.
Alloh taolo saxovatli xalqimiz va muqarrab duogo‘ylarimizdan rozi bo‘lsin!
Vaqf.uz