Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Oktabr, 2026   |   4 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:16
Quyosh
06:34
Peshin
12:09
Asr
15:59
Shom
17:47
Xufton
19:01
Bismillah
15 Oktabr, 2026, 4 Jumadul avval, 1448

Dunyodagi eng qimmat narsa

08.04.2025   7424   1 min.
Dunyodagi eng qimmat narsa

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir donishmanddan:

— Agar hayotingizni qaytadan boshlash imkoni berilganida qaysi xatolaringizni qilmagan bo‘lardingiz? — deb so‘rashibdi.

Donishmand shunday javob qilibdi:

— Agar shunday imkon berilsa, o‘tmish xatolarimni yana qilgan bo‘lardim. Negaki, mening shu darajaga kelishim mana shu xatolarim va shu xatolar ortidan chiqargan xulosalarim evazigadir.

Donishmandga berilgan savolni bugungi hayotimizda bir-birimizga ko‘p beramiz. Aslida bu narsaning amalga oshmasligini yaxshi bilsak-da, o‘zimizcha: “Falon-falon ishlarni qilmagan bo‘lardim. Falon ishlarni esa qilgan bo‘lardim. Shunda omadim yurishib, hozirgi holatimdan ancha yuqori darajaga erishardim”, deymiz. Ammo bir narsani unutmasligimiz kerakki, inson uchun dunyodagi eng qimmat narsa, bu – hayotiy tajriba. Hayotiy tajriba esa xatolar, qiyinchilik va mashaqqatlar, devorga urilgan boshlar ortidan qo‘lga kiritiladi. Unutilib ketgan qadim turkiy udumga ko‘ra, kattalar yumshoq salla bilan, atak-chechak qilib, yurishga tirishayotgan go‘dakning  oyog‘ini beozorgina chalishadi.

Buning ma’nosi: Bola hozirdan yiqilishni bilsin! Agar yiqilishni bilsa, turishni o‘rganadi! El-yurtining, qavmining qalqoni bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘g‘lon shunday tarbiya topsa, kelajakda hayot zarbalariga ham sabot bilan turib beroladi!

Biz bolalarimizni: “Xato qilma, o‘zingni avayla, uni qilma-buni qilma”, deb ko‘p tergaymiz. Maktabda barcha fandan a’lo baholarga o‘qishini istaymiz. Yiqilib tushishidan qo‘rqib, yugurishiga qo‘ymaymiz-u, lekin tanasi baquvvat bo‘lishini xohlaymiz. Unutmasligimiz lozimki, biz faxrlanadigan ajdodlarimiz minglab qoqilishlar, qiyinchilik-mashaqqatlardan o‘tib, komillikka erishganlar. Ular o‘zlaridan dunyoni titratuvchi asarlar va muazzam davlatlar qoldirishgan.

To‘ychiyev Bilolxon,
Hadis ilmi maktabi xodimi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

15.10.2026   5425   1 min.
“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.

Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.

Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.

Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad —  har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari