Hayotingiz davomida biror kishiga zulm qilmang!
Agar siz ota bo‘lsangiz, farzandlaringizga zulm qilmang!
Bordi-yu, siz rahbar bo‘lsangiz, qo‘l ostingizdagilarga zulm qilmang!
Katta bo‘lsangiz, kichiklarga zulm qilmang!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazlumning duosidan ogoh etib, bunday deganlar: “Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir”[1].
Yana boshqa bir hadisda aytadilar: “Musulmon musulmonga birodardir. Unga zulm ham qilmaydi va (zulm qarshisida uni ) tashlab ketmaydi ham”[2].
Umar ibn Abdulaziz bir vakiliga: “Agar qudrating inson zotiga zulm qilishga undasa, Alloh taoloning ustingda soya solib turgan qudratini yodga olgin”, deya maktub yozgan edilar.
Muoviya roziyallohu anhu aytadilar: “Allohdan o‘zga madadkori bo‘lmagan kishiga zulm qilishdan hayo qilaman”.
Najoshiy aytadi: “Saltanat kufr birla yashamog‘i mumkin, ammo uning zulm bilan boqiy qolishi amrimahol”.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mazlumning badduosidan ehtiyot bo‘ling! Chunki uning duosi bulutlar uzra ko‘tariladi. Alloh taolo: “Izzatim va jalolim haqqi, birozdan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta, nusrat beraman”[3], deydi».
Shoir aytadi:
Zulm etma, bo‘lsang-da olam aro zo‘r,
Razolat so‘ngida nadomat bisyor.
Sen uyqu bag‘rida yotganingda hur,
Mazluming qarg‘agay ko‘zlari bedor.
Abu Mas’ud Badriy roziyallohu anhu aytadi: «Men qulimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan kimningdir “Bilgin, ey Abu Mas’ud” degan ovozini eshitdim. Achchiqlanib turganim uchunmi, bu gapni yaxshi anglamadim. Menga yaqinlashgan paytda qarasam, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zot bunday derdilar: “Bilgin, ey Abu Mas’ud, bilib qo‘y, ey Abu Mas’ud”. Men qo‘limdagi qamchini tashlab yubordim. U zot: “Bilginki, sening mana bu qulga bo‘lgan qudratingdan ko‘ra, Alloh taolo sening ustingda qudratliroqdir”. Men: “Endi hech qachon qullarimni urmayman”, dedim. Hadisning boshqa rivoyatida: “O‘girilib qarasam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turgan ekanlar. Men shu zahoti: “Ey Allohning Rasuli, u Allohning yo‘lida ozoddir”, dedim.
Shunda Nabiy alayhissalom: “Mabodo shunday qilmaganingda, seni do‘zax yondirardi”[4], dedilar.
Siz ham qo‘l ostingizdagilarni urishdan saqlaning va yaqinlaringizdan biror kishiga zulm qilishdan ehtiyot bo‘ling.
Shoir aytadi:
Kishiga og‘irdur xanjar tig‘idan,
Olgan jarohati eng yaqinidan.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Ibn Abu Xaysama rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.
1. Olimning to‘liq ismi sharifi Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Ansoriy.
2. Kamoliddin Bayoziyning tahqiqiga ko‘ra bu zotning nasabi ulug‘ sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga borib taqaladi.
3. Abu Mansur Moturidiyning qaysi yilda tug‘ilgani aniq ma’lum emas. Ammo ustozi Muhammad ibn Muqotil Roziy hijriy 248 (milodiy 862) yilda vafot etgani aytilgan. Shunga ko‘ra, Abu Mansur Moturidiy hijriy 240 (milodiy 854) yildan oldin tug‘ilgani taxmin qilinadi.
4. Imom Moturidiy ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan. Quyidagilar ularning eng mashhurlari:
5. Ushbu olimlar Imom Moturidiyni Imom Abu Hanifa rahimahullohgacha bo‘lgan sanadini bog‘lovchi ustozlar hisoblanadi.
6. Imom Moturidiyning shogirdlari uning ilimy merosini davom ettirib, bu ta’limotni rivojlantirganlar. Masalan:
7. Abu Mansur Moturidiy tafsir, usulul fiqh va aqoid kabi shar’iy ilmlarning turli yo‘nalishlari bo‘yicha asarlar ta’lif etgan.
8. Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta’vilotu ahli sunna” nomli tafsir yozgan.
9. Usulul fiqh yo‘nalishida “Ma’xozush sharoi’” (Shar’iy hukmlar manbasi) va “Jadal” (Ilmiy bahslar) nomli ikkita kitob yozgan.
10. Ulamolar Abu Mansur Moturidiy aqoid ilmi bo‘yicha yozgan asarlarini o‘rganib chiqib, ularni uch turga ajratganlar:
11. Abdulhay Laknaviy “al-Favoidul-bahiya” asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
12. Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.
13. Butun hayotini ilm ma’rifat o‘rganish va uni yoyish bilan o‘tkazgan Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh hijriy 333 (milodiy 945) yilda taxminan to‘qson besh yoshida Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
14. 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” tashkil etilgan.
15. Shuningdek, 2025 yil mart oyida Davlatimiz rahbari tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.