Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447
Yangiliklar

2025 yilgi Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun munosib sharoit yaratish masalasini muhokama qildilar

21.04.2025   5172   1 min.
2025 yilgi Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun munosib sharoit yaratish masalasini muhokama qildilar

O‘zbekiston bosh konsuli Sirojiddin Shamsutdinov Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Jidda bo‘limi direktori Farid bin Saad ash-Shahriy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Uchrashuv avvalida Farid bin Saad ash-Shahriy mamlakatimiz bosh konsulini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, Saudiya TIV rahbari tomonidan imzolangan konsullik ekzekvaturaning asl nusxasini taqdim etdi.

 

U, shuningdek, Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Jidda bo‘limi O‘zbekiston Bosh konsulxonasini barcha masalalarda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

 

Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, o‘zaro savdo-iqtisodiy, sayyohlik, ilm-fan va madaniyat sohalarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro ko‘rgazma, festival va konferensiyalar haqida o‘zaro ma’lumotlar almashish hamda vakillar ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

 

Tomonlar Bosh konsulxona qoshida "O‘zbek tili va madaniyati" markazini tashkil etish imkoniyatlari xususida fikr almashildilar.

 

Bundan tashqari, "Haj-2025" mavsumini yuqori darajada tashkil etish, xususan O‘zbekistondan keladigan bo‘lajak hojilarga munosib sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

O‘zini bolalardek tutsin...

14.07.2025   5261   3 min.
O‘zini bolalardek tutsin...

Bolalar bilan muomala qilish uslubi

Eringizning hurmatini joyga qo‘ying!

Erkak kishining oilada oila boshlig‘i, ota sifatida o‘z o‘rni bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun ayol kishi turmush o‘rtog‘iga nisbatan mehr-muhabbatli, ayniqsa, farzandlarining oldida otaning hurmatini joyiga qo‘ymog‘i kerak. Soliha ayol har qanday vaqtda otalarining buyuk shaxs ekanini bildirib turadi va otani hurmat qilish, uni yaxshi ko‘rishda bolalariga o‘rnak bo‘lib, amaliy yo‘l ko‘rsatadi. Farzandlariga otasining go‘zal xislatlarini o‘rnak sifatida aytib beradi. Onaning farzandiga: “Mana shunday qilsang otang sendan xursand bo‘ladi. Bunday qilmagin, dadangning jahllari chiqadi. Dadangning sendan jahli chiqsa, Allohning ham g‘azabi keladi”, deya pand-nasihatlar qilmog‘i maqsadga muvofiqdir.


Arzimas bo‘lsa ham hadyalar bering!

Farzandingizga kichik bo‘lsa-da, hadyalar bering. Bayram kunlari, biror muvaffaqiyatga erishganliklari munosabati bilan, ayniqsa, hayit kunlari buni unutmang. Bu bilan farzandingizning sizga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’tibori ortadi, kayfiyati ko‘tariladi, yaxshiliklar sari intiladi. Sovg‘alaringiz ichida u qiziqqan kitoblar bo‘lsa, undan-da yaxshi.


Farzandingizga quloq soling!

Farzandingiz bog‘chasida yoki maktabida nima bo‘lganini aytib berish uchun oldingizga kelsa, uning shashtini qaytarmang. So‘zlarini diqqat bilan tinglang. U siz bilan o‘zining his-tuyg‘ularini bo‘lishmoqchi bo‘ladi. Farzandingizning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantiring, agarda u imtihondan yuqori baho olsa, yilni a’lo baholarga yakunlab, maqtov yorlig‘i bilan taqdirlansa, siz ham farzandingizni munosib baholang, shirin so‘zlaringiz bilan uni yanada ilhomlantiring. 


Farzandlaringiz bilan hazillashib turing!   

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan hazillashar va ularga mehr ko‘rsatar edilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nevaralari Hasayinni o‘pdilar. U zotning oldilarida tamiymlik Aqro ibn Hobis o‘tirgan edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Mening o‘nta bolam bor, ulardan birontasini ham o‘pmagan ekanman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahm qilmagan kishiga rahm qilinmaydi” [1],  dedilar».

Nabiy alayhissalom bolalar bilan hazillashar, ularning boshlarini silar edilar. Bolalar esa u zotning taftini, mehrini his qilishardi. Abdulloh ibn Ja’far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan mening boshimni siladilar va: “Alloh, Ja’farga bolasi uchun o‘rinbosar bo‘l” [2], dedilar. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarning yanoqlarini silaganlari borasida  “Sahihi Muslim”da rivoyat keltiriladi. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qidim, keyin u zot uylariga chiqib ketdilar, men ham birga qo‘shilib oldim, yo‘lda ikkita yosh bola u zotning qarshilaridan chiqdi, har birining yanoqlarini alohida-alohida silab qo‘ydilar”.

Muoviyya roziyallohu anhu: “Kimning kichik yoshdagi farzandi bo‘lsa, farzandi bilan munosabatda o‘zini bolalardek tutsin”, deganlar. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Muttafaqun alayh.
[2]  Imom Hokim rivoyati.