O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yillik bayrami munosabati bilan tizimdagi diniy soha xodimlari o‘rtasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida joriy yilning 24 avgust kuni “Futbol” musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov so‘zga chiqib, yurtimiz istiqlol ayyomi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bellashuvning ahamiyati haqida nutq so‘zladi va ishtirokchilarga omad hamda zafarlar tiladi.
Bellashuv diniy soha xodimlarining aqliy va jismoniy faolligini oshirish, jamoaviy hamfikrlikni qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tavsiyasi asosida tashkil etildi.
Viloyat shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan jamoalar o‘rtasidagi musobaqa qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tdi.
Musobaqa yakunida Andijon shahar jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, g‘oliblar va turli yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini namoyon etgan ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyat vakilligining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Vakillik matbuot xizmati