Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman", dedilar.
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi