Haj safariga borish, Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘min-musulmonning orzusi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli vatandoshlarimiz emin-erkin haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.
19 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga zamonaviy avtobuslarda yetib keldi.
Hamyurtlarmizni muhtasham Soncrete al-Sahhab mehmonxonasida saudiyalik mutasaddilar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov va bosh konsulxona xodimlari tomonidan katta ehtirom ila kutib olindi.
Alloh taoloning mehmonlariga risoladagidek xizmat ko‘rsatish, ularga qulay sharoitlarni yaratib berish maqsadida barcha imkoniyatlar hozirlandi. Muborak safar mobaynida har bir tadbirlar aniq reja asosida yuksak darajada amalga oshirilmoqda. Tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifatda tashkil etilgan.
Ziyoratchilar umra amalini bajarib bo‘lgach haj ibodati boshlanish sanasi, ya’ni Zulhijja oyining sakkizinchi kuniga qadar Harami sharifda toatu ibodatda bo‘ladilar.
Haq taolo hojilarning hajlarini mabrur, sa’ylarini mashkur, gunohlarini mag‘fur qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Onam tavofning birinchi aylanasidan keyin kasal bo‘lib qoldi va men qolgan tavof va sa’ylarini aravaga o‘tirgizib qildirdim. Biz jarima to‘laymizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yurishga qodir bo‘lgan kishi uchun tavof va sa’yni yurib bajarish vojib sanaladi. Shuning uchun yurishga qodir bo‘la turib, uzrsiz aravada yoki elektromobilda tavof yoki sa’y qilsa, qayta bajarish yoki haram hududida jonliq so‘yishi lozim bo‘ladi. Yurib tavof qilishga sog‘ligi to‘g‘ri kelmagan shaxslar esa uzrli sanaladi. Bunday uzrli insonlar mazkur ikki amalni arava yoki boshqa jihozlarda bajarishlari mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.