O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyoda bir kasallik bor. Uning nomi "ne’matga o‘rganib qolish"dir.
Bunda ne’matlarga shu qadar o‘rganib qolasizki, go‘yo ular ne’mat emasdek.
Uyingizga kirasiz. Ahlingiz sog‘-salomat. Buning uchun shukr qilmaysiz. Chunki bu ne’matga o‘rganib qolgansiz.
Istagan narsangizni sotib olasiz. Buni sizga in’om qilgan Zotga shukr qilmaysiz. Chunki sotib olishga o‘rganib qolgansiz.
Uyqudan uyg‘onasiz. Sog‘-salomatsiz. Hamd aytmaysiz. Chunki a’zolaringiz shu qadar yaxshi ishlayaptiki, ularning ichingizda borligini hatto unutib yuborgansiz.
Endi bildingiz. Hamd hamrohingiz bo‘lsin!
Alhamdulillah....
Abdulqodir Polvonov