Biror kimning ziyoratiga bormoqchi bo'lsangiz, ziyoratga munosib vaqt tanlang hamda ko'p o'tirib qolmang. Yengil o'tirib qaytish payida bo'ling. Chunki mezbonning shaxsiy ishlari, vazifalari bo'lishi mumkin, sizga aytishdan hijolat bo'lib turgan bo'lishi mumkin. Ana shunday holatda uning oldida uzoq qolib ketishingiz unga og'irlik bo'ladi.
Shayx Aliy Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Erta tongdan uyg'onib ishga otlanadigan odam qolganlarni ham o'ziga o'xshatadi. Bitta odam bir kuni tonggi oltida eshigimni taqillatdi, nima bo'ldi ekan deb o'rnimdan turib qarasam, meni ko'rgani kelgan ekanlar. Menga qarab: “Bezovta qilmadimmi, kettik birga ketamiz!” deydi! Huddi odam uyqudan uyg'ongach, to'shagidan sakrab turib to'g'ri ko'chaga chiqib ketadigandek. Bu baraka topkur o'ylamaydiki, odam degan o'rnidan turgach mundoq yuvinadi, nonushta qiladi, kiyinadi. Men uyg'ongach shularni qilmasam qiynalaman.
Yana ba'zi odamlar o'zi kech uxlagani uchun boshqalarni ham shunday deb o'ylaydi. Shunaqalardan bittasi bir kuni tungi soat o'nda eshigimni taqillatibdi. Uyqimni tashlab u bilan tunning yarimigacha o'tirib chiqdim. Kuni bo'yi ishlab charchagan uy bekasini ham uyg'otib oldim, janobi oliylariga kofe, choy damlab berish uchun, ehtimol og'irlik qilmasa kechki ovqat ham qilib berar dedim.
Yana ba'zilar men ishga yoki biror uchrashuvga ketgan paytim to'satdan kelib qoladi-da, u bilan o'tirishim uchun ortimga qaytaradi.
Hoy birodarlar! Bunaqada vaqtning qadrini qachon bilamiz? Qachon tushunib etamiz bitta odamning bir soat vaqtini o'g'irlasak, cho'ntagidan bir dinor o'g'irlagandek bo'lishimizni?
Qachon Qur'oniy odoblar bilan xulqlanamiz?! Axir Alloh taolo Qur'oni karimda: “O'z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so'ramaguningizcha kirmang”(Nur surasi, 27-oyat), degan-ku.
Keyingi oyatda esa: “Agar sizga qayting, deyilsa, bas, qayting, o'sha siz uchun pokdir. Alloh nima amal qilayotganingizni o'ta biluvchidir”(Nur surasi, 28-oyat) deb marhamat qilgan”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Amman shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad Muslim al-Xaloyala janoblari bilan o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan muloqot o‘tkazdilar.
Uchrashuvda ikki davlat yetakchilarining ezgu tashabbuslari natijasida diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik tobora kengayib, O‘zbekiston va Iordaniya vaqf muassasalari, diniy-ma’rifiy tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda diniy ta’lim dargohlari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Bu borada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan memorandumlar huquqiy asos bo‘layotgani ta’kidlandi.
Muzokaralar chog‘ida o‘zbekistonlik mutaxassislarning vaqf va islom moliyasi yo‘nalishlarida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlash, ushbu sohalardagi ilg‘or tajribani puxta o‘rganish maqsadida malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida Vaqf vaziri Ammon shahridagi milliy kutubxonalar va yetakchi oliy o‘quv yurtlarida «Yangi O‘zbekiston kitob burchaklari» ochilganini Iordaniya ilmiy jamoatchiligi uchun katta ma’naviy tuhfa sifatida baholadi. Uning qayd etishicha, ushbu ziyo maskanlari orqali O‘zbekiston yetakchisining arab tiliga o‘girilgan asarlari hamda yurtimizdagi yangilanishlarga bag‘ishlangan to‘plamlarning keng kitobxonlarga yetkazilishi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va ma’rifiy yaqinlikni yanada kuchaytiradi.
Shu nuqtayi nazardan, Iordaniyaning taniqli ulamolari, ziyolilari, davlat va din arboblarini bir joyga jamlagan «Yangi O‘zbekiston fenomeni»ning 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman-taqdimot o‘zbek diyoridagi bugungi taraqqiyot va islohotlar mohiyatini arab dunyosiga teranroq anglatishda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida urg‘ulandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati