Festival ishtirokchilari tomonidan Yaman, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, hatto O‘zbekiston oshxonalariga xos kabob, burger, dukkaklik mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar (falaful) va turli xil shirinliklar taklif etiladi.
Ushbu tadbir Atlanta musulmonlari festivallari uyushmasi tomonidan tashkillashtirilmoqda. Festival ayni paytda shahardagi AQSH bojxona va migratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari orasida muhojirlar madaniyatini nishonlash imkonini ham yaratadi.
Festival tashabbuskorlaridan biri — Hasaneyn Lakhani bunday dedi:
“Atlanta shahrida ilk halol ovqat festivalini o‘tkazish — juda ham hayratlanarli va ajoyib fikrdir. Men bu shaharda doimiy istiqomat qiluvchi sifatida musulmon jamoasiga yaqinligimni har doim his qilganman. Ramazon ovqat festivallari kabi kichik tadbirlardan to oshxona va ko‘chmas mulk sohalaridagi faoliyatgacha ishtirok etib kelaman”.
Uning ta’kidlashicha, festival – musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar uchun bir joyda to‘planib, shaharning madaniy xilma-xilligini nishonlash, shu bilan birga musulmonlar turmush tarzi va halol taomlar bilan tanishish imkonini beradi.
Lakhani Atlanta yaqinidagi Lorensvill shahrida joylashgan “BurgerFi” restorani sohibidir. U, shuningdek, ushbu restoran — Gruziya shtatidagi yagona halol sertifikatiga ega burger shohobchasidir.
Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati