Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Yetimning haqqini yeyishning katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘ta ketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan.
«Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tabiiy.
Biroq, shariat va voqelik nuqtayi nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rin-cha, yeyishdir.
Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.
Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.
Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon-taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z-o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29-oyatga ishora).
Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.
Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.
Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.
Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».
Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».
Buxoriy va Muslim rivoyati.
Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.
Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».
Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».
Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.
Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.
Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.
Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.
Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohim!
Kirish: Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar insonlar o‘rtasida axborot almashish va muloqot qilishning muhim vositasiga aylandi. Shu bilan birga, ushbu platformalardan foydalanish jarayonida ayrim shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘-e’tiboriga zarar yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish kabi holatlar ham uchrab turibdi. Ayniqsa, internetda tarqalgan ma’lumotning keng ommaga tez yetib borishi bunday holatlarning oqibatlarini yanada jiddiylashtirishi mumkin.
Shu bois insonning obro‘si va qadr-qimmatiga yetkazilgan zararning shariat nuqtayi nazaridan qanday baholanishi, bunday zarar uchun tovon undirishning joiz yoki joiz emasligi kabi masalalarga aniqlik kiritish muhimdir.
Quyida Iordaniya Fatvo idorasi tomonidan tayyorlangan, ma’naviy zarar uchun tovon undirish masalasiga bag‘ishlangan fatvoni e’tiboringizga havola qilamiz. Unda ma’naviy zararning turlari, uning insonga ko‘rsatgan ta’siri va yetkazilgan zarar uchun tovon olish masalasi fiqhiy manbalar asosida yoritilgan.
“Savol: Bir kishi ijtimoiy tarmoqlarda boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi ma’lumotlarni tarqatdi. Shundan so‘ng jabrlangan shaxs unga qarshi mahkamaga da’vo arizasi bilan murojaat qildi va mahkama tomonidan unga tovon puli undirib berish haqida qaror chiqarildi. Ushbu tovon pulidan foydalanishi joizmi?
Javob: Alloh taologa hamdlar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning oila-a’zolari va sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin!
Ma’naviy (ruhiy) zarar uchun beriladigan tovonning hukmi uning insonga ko‘rsatgan ta’siri va zararining qay darajada jiddiy ekaniga qarab farq qiladi. Shu jihatdan u ikki qismga bo‘linadi:
Birinchi qism: Bu – boshqa insonlarga mol-mulki yoki badaniga emas, balki dini, qadr-qimmati, sha’ni yoki obro‘-e’tiboriga zarar va ziyon yetkazishdir. Bunga haqorat qilish, obro‘sizlantirish, sharmanda qilish yoki insonga nisbatan tahqirlovchi tarzda ozor berish kabi holatlar kiradi. Agar bunday harakat natijasida inson ishidan yoki tijoratidan ayrilsa, obro‘siga putur yetsa yoki davolanishni talab qiladigan kasallikka duchor bo‘lsa, bunday zarar uchun tovon puli olishda hech qanday monelik yo‘q.
Bunga quyidagi fiqhiy matnlar dalil bo‘ladi:
Hanafiy mazhabi imomi Saraxsiy rahimahulloh shunday deydilar:
"وقد روي عن محمد في الجراحات التي تندمل على وجه لا يبقى لها أثر تجب حكومة بقدر ما لحقه من الألم، وعن أبي يوسف رحمه الله يرجع على الجاني بقدر ما احتاج إليه من ثمن الدواء وأجرة الأطباء حتى اندملت"
(المبسوط، 26/81)
«Imom Muhammaddan shunday rivoyat qilingan: iz qoldirmay bitib ketadigan jarohatlarda yetkazilgan og‘riq miqdoriga qarab tovon belgilanadi. Imom Abu Yusuf rahimahulloh esa: jarohat bitguniga qadar jabrlanuvchining dori-darmon va tabiblarga to‘lagan xarajatlari miqdorini tajovuzkordan undirish mumkin, deganlar».
(Izoh: Imom Saraxsiy rahimahullohning bu gaplarida insonga zarar yetkazilsa, uning oqibatida kelgan zararni qoplash mumkinligi haqida so‘z bormoqda. Masalan, jarohat olgan kishining dori-darmon va tabib xarajatlari zarar yetkazgan shaxsdan undirilishi mumkin. Shunga o‘xshash ravishda, insonni obro‘sizlantirish natijasida unga haqiqiy zarar yetgan bo‘lsa, bu zararni ham qoplash masalasi ko‘riladi. Ya’ni, bu yerda dalil jarohat bilan obro‘sizlantirishning bir xil ekaniga emas, balki yetkazilgan zararni qoplash mumkinligiga taalluqli.)
Shofe’iy mazhabi ulamolaridan Imom Subkiy va boshqalar rahimahumulloh quyidagilarni naql qilganlar:
"وقال أبو إسحق: ثلاث مسائل أخالف فيها أصحابي: حد القذف، وحق الشفعة، ومقاعد الأسواق، أجوّز الصلح عنها، ومنعها سائر الأصحاب؛ لأنها ليست بمال"
(تكملة المجموع، 12/168)
«Abu Is'hoq shunday dedi: “Men sheriklarimdan uchta masalada farqli fikrdaman: qazf (birovni zino bilan tuhmat qilish) haddi, shaf’a haqqi va bozorlardagi o‘rinlarga bo‘lgan haq. Men bu huquqlar borasida kelishuv qilishni joiz deb bilaman. Boshqa mazhabdoshlarim esa bunga yo‘l qo‘ymaganlar. Chunki ular mol hisoblanmaydi”».
Shofe’iy ulamolaridan Sirojuddin Bulqiniy rahimahulloh ham quyidagilarni keltirganlar:
"(ولا يقابَل إسقاطُ حدّ القذف بشيء من الأعواض على الأصح)، يقال عليه: الوجهان في إسقاط حق الشفعة، ومقاعد الأسواق، والرد بالعيب أيضًا. ثم ذكر رأي أبي إسحق فقال: حكى الإمام عنه في [النهاية] أنه قال: خالفتُ أصحابي في ثلاث: يقولون: لا يوجد العوض عن حد القذف. وأنا أقول: يوجد"
(الفوائد الجسام على قواعد ابن عبد السلام، 1/407)
«Eng to‘g‘ri qarashga ko‘ra, qazf haddi bekor qilinishi evaziga biror tovon olinmaydi. Bunga nisbatan: shaf’a huquqi, bozorlardagi o‘rinlarga bo‘lgan huquq va aybli molni qaytarish masalalarida ham ikki xil qarash bor, deyiladi. So‘ng Abu Is'hoqning fikrini keltirib: “Imom (Juvayniy) “An-Nihoya” asarida undan quyidagilarni naql qilgan: “Men mazhabdoshlarimdan uch masalada farq qildim. Ular: ‘Qazf haddi uchun tovon bo‘lmaydi’, deydilar. Men esa: ‘Tovon bo‘ladi’, deyman”, degan».
Ikkinchi qism: Bu – insonning dini, qadr-qimmati yoki sha’niga daxl qilmaydigan, shariat nuqtayi nazaridan jiddiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yoki ta’siri juda kichik bo‘lib, insonning hayoti, mehnat faoliyati va his-tuyg‘ulariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmaydigan zarardir. Bunday zarar evaziga tovon olish joiz emas.
Xulosa qilib aytganda, agar ma’naviy zarar insonning huquqlariga tajovuz qilish xususiyatiga ega bo‘lib, unga haqiqiy zarar va ziyon yetkazgan bo‘lsa, jabrlangan shaxs mahkamadan jazo qo‘llashni yoki yetkazilgan zarar evaziga undan pul undirishni talab qilishi joiz.
Bunda bugungi kunda insonning obro‘siga zarar yetkazishning yangi usullari paydo bo‘layotgani va bunday zararning oqibatlari ham e’tiborga olinadi. Shu asosda, jiddiy ma’naviy zarar yetkazilgan hollarda uni qoplash uchun pul undirish joiz bo‘lishi mumkin.
Biroq shuni alohida ta’kidlash lozimki, zarar uchun tovon undirish masalasi foiz olish yoki qarzni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun penya va jarima olish masalasidan farq qiladi. Shu sababli mazkur hukmdan qarzni kechiktirganlik uchun foiz yoki penya olish joizligi kelib chiqmaydi. Vallohu a’lam”.
Tarjimon va izohlar muallifi:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi, Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi Abdulatif Tursunov