Bugun, 11 avgust kuni Qashqadaryo viloyati (3-hudud) Qarshi shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari (test) davom etmoqda.
Mazkur jarayonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etmoqda.
Dastlab abituriyentlar tartib bilan kiritilib, mutasaddilar tomonidan test imtihonini o‘tkazilish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng test sinovlariga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida joriy yilda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar qaysi fanlar bo‘yicha test sinovlari topshirilishi haqida xabar bergan edik.
Imtihon jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning "O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti" nomli kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oliy Majlisi vakillari, Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining maslahatchisi va matbuot kotibi Murtazo Solangi, ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, fan, adabiyot va media sohalari namoyandalari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” kitobi badiiy-publitsistik asar bo‘lib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi va amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan. Unga so‘zboshini Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif yozgani esa davlatlarimiz rahbarlari va xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va yaqin do‘stlikning yorqin ramzidir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu asar Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston g‘oyalarining ahamiyati xalqaro miqyosda yanada teran anglanishi, O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi va do‘stligi yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.