Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Sentabr, 2026   |   17 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:58
Quyosh
06:16
Peshin
12:14
Asr
16:24
Shom
18:15
Xufton
19:29
Bismillah
28 Sentabr, 2026, 17 Rabi`us soni, 1448

Nafs – insonning asosiy dushmani

11.09.2025   9602   2 min.
Nafs – insonning asosiy dushmani

Aslida inson nafsiga o‘zini beadablarcha tutishlik xosdir. Shuning uchun ham u bandaga buyurilgan axloqiy me’yorlarning rioyasiga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Nafs – insonning ajralmas dushmani. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat etadilar: “Eng qattol dushmaningiz, ikki tomoningiz orasidagi nafsingizdir” (G‘azzoliy Muhammad Abu Homid, “Ihyo ulumid –din”, Ajluniy, “Kashful hafa”, Alouddin Ali ibn Muhammad al-Hazin, Ibn Odilning “Tafsiri Lubob” kitobida shunga o‘xshash ma’noda kelgan).

Shu sababdan ham kimki o‘z nafsining xohishlariga, hoyu havaslariga erk bersa, o‘zini halok qilishda nafsiga sherik bo‘ladi. Bu haqiqatni yaxshi bilgan taqvodorlar har bir gunoh, loqaydlik, shirk[1], hoyu havasning asosi o‘z nafsidan mamnun bo‘lishlikdan va har qanday toat, ogohlik va haromlardan tiyilishning asosi esa o‘z nafsidan rozi bo‘lmaslikdan kelib chiqishini uqtirib o‘tganlar.

Allohning lutfu ehsoniga umid bog‘lab qilingan kichkina amal o‘ziga ishonib bajarilgan ko‘p (katta) ishdan afzaldir.

O‘z nafsining asl mohiyatini bilib olgan aqlli inson uning qanchalik past, xoru zalil, ojiz va halok bo‘lishga mahkum ekanligini anglashi barobarida o‘zini yaratgan Xoliqini Izzat, Baqo, Qudrat, Azamat va Ulug‘ sifatlari bilan taniy boshlaydi. Chunki U o‘sha nafsni yaratgan va uni yo‘qdan bor qilgan Parvardigordir.

Alloh o‘z avliyolariga marhamat qilib, ularni O‘ziga yaqin kelishga da’vat etar ekan, ular uchun eng qisqa va eng qulay yo‘lni ham ko‘rsatdi. Bu yo‘l esa nafsga qarshi borish yo‘lidir.

Alloh sevikli bandalaridan birining tushida shunday marhamat qiladi: “O‘z nafsingga adovat qil, chunki Mening saltanatimda undan boshqa Men bilan tortishadigan yaratiq yo‘qdir”.

Nafs har doim Alloh taoloning kibr, buyuklik va odamlar ustidan hukmronlik kabi sifatlarini egallashga intilib keladi. Vaholanki, bunday sifatlar faqat Alloh taoloning o‘zigagina xosdir. Alloh O‘ziga noloyiq barcha qusur va nuqsonlardan pokdir!


“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Shirk ikki xil bo‘ladi — katta va kichik shirk. Katta shirk – Allohga o‘rtoq, sherik qo‘shish. Kichik shirk – ibodat va faoliyatni Alloh (rizoligi) uchun emas, balki ta’ma yoki g‘araz bilan, yo xo‘jakursinga ado etishni anglatadi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari Yangi O‘zbekistonimizning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylandi

27.09.2026   8138   4 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari Yangi O‘zbekistonimizning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylandi
O‘zbekiston turizm sohasi xodimlariga

Qadrli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni 27 sentyabr – Butunjahon turizm kuni bilan chin qalbimdan  samimiy muborakbod etaman.

Bugungi kunda turizm mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan, minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan istiqbolli tarmoqqa aylanib bormoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun ko‘plab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy qilingani soha rivojiga yangi shiddat bermoqda.

Buning tasdig‘ini 2025 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016 yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSH dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizning global turizm siyosatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekistonning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2027 yil Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili, deb e’lon qilingani, BMT Turizm tashkiloti respublikamizni dunyodagi eng tez o‘sayotgan beshta sayyohlik yo‘nalishiga kiritganini ta’kidlash lozim.

Albatta, bunday yutuqlar zamirida yurtimizdagi minglab turoperator va turagentlar, mehmonxona va oilaviy mehmon uylari xodimlari, gid va ekskursovodlar, restoratorlar, transport va servis kompaniyalari vakillari, hunarmandlar, madaniyat namoyandalari, muzey xodimlari, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnati mujassamdir.

Fursatdan foydalanib, ushbu yo‘nalishlarda sidqidildan xizmat qilayotgan barcha soha xodimlariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yangi O‘zbekistonimizning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari, Zamonaviy san’at markazi kabi ko‘plab maskanlar butun xalqimiz qatori xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Biz bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, go‘zal diyorimizni jahondagi zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi yanada rivojlangan eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaror qilganmiz. Shu maqsadda Xivada o‘zida tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish, Ichanqal’ani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey-majmuaga aylantirishni rejalashtirganmiz.

Samarqandda esa noyob eksponatlar jamlangan Ipak yo‘li muzeyi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “G‘ilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida “Arashan” kabi yangi majmualar tashkil etiladi.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish, sayyohlik xizmatlarini bitta tizimga integratsiya qilish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiyot, tog‘ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalishlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.

Ana shunday dolzarb vazifalarni amalga oshirish orqali biz 2030 yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.

Bunday ulkan marralarni egallashda, avvalo, o‘z hayotini turizm sohasi bilan bog‘lagan, yurtimizni, uning qadimiy tarixi va madaniyatini dunyoga targ‘ib etishni o‘zining professional burchi deb biladigan sizlar kabi tashabbuskor va tashkilotchi insonlarga tayanamiz.

Hech shubhasiz, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xodimlarning fidokorona mehnatini munosib rag‘batlantirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini ta’sis etsak, o‘ylaymanki, bu taklifni barchangiz qo‘llab-quvvatlaysiz.

Sizlarni Butunjahon turizm kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, sharafli faoliyatingizda omad va zafarlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

O'zbekiston yangiliklari