#xabar #anjuman #muftiy
Joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashadi.
Anjuman doirasida Turkiy davlatlar muftiylari kengashi huzuridagi Fatvolar kengashi hay’atining majlisi, «Imom Sirojiddin O‘shiy va uning islomiy ilmlarga qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, ikki tomonlama muzokaralar, muborak qadamjolarga ziyoratlar rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro tadbirlarda ummat birligini ta’minlash, turkiy dunyo diniy idoralari va musulmonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Vengriya va Turkmaniston uning faoliyati kuzatuvchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #deklaratsiya #muloqot #forum
Bugun, 10 sentyabr kuni poytaxtimizdagi International hotel Tashkent mehmonxonasida «Deklaratsiyalar muloqoti» II xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
Unda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli ulamolar, soha ekspertlari qatorida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar intituti direktori Eldor Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslanbek Davletov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ishtirok etmoqda.
«Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil qabul qilingan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» Maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi bo‘lib, 2020 yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
“Diniy erkinlikni ta’minlash: O‘zbekistondagi islohotlar va xalqaro hamkorlikning o‘rni” deb nomlangan yalpi majlisda “LYNC” NNT (AQSH) vakili Kris Saypl, BAA Fatvo kengashi raisi Shayx Abdulloh bin Bayya, Jahon musulmonlari ligasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim Al-Iso kabi nufuzli ishtirokchilarning chiqish va videomurojaatlari tinglandi.
Xalqaro forum davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga hozirda safarda bo‘lib turgan Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va tabriklarini yetkazib, mavzu doirasida ma’ruza qildi. U o‘z so‘zi davomida dunyoning turli joylarida notinchlik bo‘lib turgan vaqtda tinchlik va bag‘rikenglikka bag‘ishlangan forumning o‘tkazilishi va unda dunyoning ko‘plab davlatlaridan turli din vakillari jam bo‘lgani katta voqea ekani, bu yerga yig‘ilgan ma’rifat ahllari tomonidan qabul qilinadigan deklaratsiyani amaliyotga joriy qilish insoniyat farovonligiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida deklatsiyalararo samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajribalar namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati