#xabar #anjuman #muftiy
Joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashadi.
Anjuman doirasida Turkiy davlatlar muftiylari kengashi huzuridagi Fatvolar kengashi hay’atining majlisi, «Imom Sirojiddin O‘shiy va uning islomiy ilmlarga qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, ikki tomonlama muzokaralar, muborak qadamjolarga ziyoratlar rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro tadbirlarda ummat birligini ta’minlash, turkiy dunyo diniy idoralari va musulmonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Vengriya va Turkmaniston uning faoliyati kuzatuvchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Agar biror kishi tahoratli bo‘lsa va uni chivin yoki pashsha chaqib, qonini so‘rsa, bu holatda uning tahorati sinadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q. Chivin yoki pashsha kabi mayda hasharotlar tahorati bor inson tanasidan qon so‘rsa ham, uning tahorati sinmaydi.
Chunki fiqhiy qoidaga ko‘ra, inson tanasidan chiqqan qon oz miqdorda oqishi bilan ham tahorat sinadi, ammo chiqqan joyida atrofga oqmasdan turib qolsa, sinmaydi.
Faqihlarimiz mayda hasharotlar so‘rgan qonni oqmagan qon hukmida bo‘ladi, deyishgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.