Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Insonga naf keltirish saodati

30.09.2025   6416   3 min.
Insonga naf keltirish saodati

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda jadal islohotlar jarayonlari kuzatilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ham tub o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Bu o‘zgarishlar nafaqat xalqimiz uchun, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotgani bejiz emas. Shu sababdan ham O‘zbekistonning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi mavqei yanada ortib bormoqda.     

Davlatimiz uzoqni ko‘zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yalpi majlisida nutq so‘zladi. Global hamda mintaqaviy masalalar, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni ta’minlash borasidagi natijalarga alohida e’tibor qaratdi va “8 yil avval biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirish qarorimizni e’lon qilgan edik. Bugun esa faxr bilan aytish mumkinki, bu maqsadga erishdik. Endilikda yopiq chegaralar va hal etilmagan nizolar davri ortda qoldi”, dedi. Zotan, odamlarning asli bir. Bir ota va bir onaning farzandlaridir. Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygan. Buning sababi esa o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilishdir. “Hujurot” surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey insonlar, biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro bir-biringizni tanishingiz uchun xalqlar va qabilalar qildik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatlingiz taqvodoringizdir(“Hujurot” surasi, 13-oyat).

Muhtaram Prezidentimiz iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligini insoniyat uchun eng jiddiy tahdid sifatida qayd etdi. Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, “Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi”ni o‘tkazish tashabbusi, shuningdek, “Jahon yoshlarining tinchlik harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini bildirdi.

O‘zbekiston rahbarining BMT doirasida ilgari surgan taklif va tashabbuslari xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish, barqaror taraqqiyotga erishish maqsadlariga ulkan amaliy hissa bo‘lib qo‘shilayotgani dunyoning nufuzli ekspertlari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. 

Diqqat bilan qarasak, davlatimiz rahbari xalq farovonligi, yurt obodligi yo‘lida tinimsiz mehnat qilayotganini ko‘ramiz. Bu harakatlar ichki va tashqi siyosatda birday davom etmoqda. Maqsad – Vatanimiz shuhratini yanada yuksaklarga ko‘tarish, xavsizligini ta’minlash, har bir fuqaroning manfaat va huquqlarini himoya qilish, farovon hayot tarzini ta’minlash. Bu kabi ulug‘ fazilatlar muqaddas dinimizda madh etiladi. Zero, Alloh taolo insonlarni yer yuzini obod qilishga chaqirgan. Unda fasod va buzg‘unchilik qilish, vayrongarchilik qilishdan qaytargan: “Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar, yer yuzida buzg‘unchilik jinoyatlarini qilmanglar” (Baqara surasi, 60-oyat). Boshqa bir oyatda bunday deyiladi: “U sizlarni yerdan paydo etib, sizlarni uni obod etuvchi qildi” (Hud surasi, 61-oyat).

Imom Moturidiy bobomizning: “Elu yurt bilan hamnafas bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay”, degan hayotiy hikmati Yurtboshimiz singari har bir fuqaro, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlansa, yurt tinch, xalq farovon bo‘ladi. Insonga naf yetkazish esa ikki dunyo saodatiga sabab bo‘ladi.

Zayniddin domla Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

14.09.2026   7314   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.

Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.

«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.

Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari