Salafi solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
“Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi”.
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni Karim ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 23 (yigirma uch) yilda nozil bo‘lgan.
Imom Buxoriy rahimahulloh Sahihul Buxoriyni 16 (o‘n olti) yilda, har doim tahorat va ikki rakat nafl namoz o‘qib, so‘ngra yozganlar.
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh Hidoya asarlarini 13 (o‘n uch) yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar.
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliyhimmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Tolibi ilm do‘stim! Ilmning eng boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.
Alloh taolo foydali ilm bersin!
Sehr safsata, xayol yoki to‘qima narsa emas, balki u haqiqatdir. U er-xotin orasini buzadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar” (Baqara surasi, 102-oyat).
Uning insonning jismiga azob berishi, turli kasalliklar keltirib chiqarishi, hatto o‘limga sabab bo‘lishi haqdir. Albatta har bir ish Allohning izni bilan bo‘ladi.
Qarofiy rahimahulloh aytadi: “Sehr haqiqatdir. U insonning fe’l atvori, tabiati, xulqi o‘zgarishiga, hatto agar oldi olinmasa o‘limga ham sabab bo‘ladi” (Al-Furuq. 149/4).
Imom Navaviy rahimahulloh yozadilar: “Sehrning haqiqat ekaniga jumhur ulamolar ittifoq qilganlar. Unga Qur’oni karim va mashhur bir qancha sahih hadislar dalil bo‘ladi” (Ravzat ut-tolibiyn. 346/9).
Ulamolar sehrning haq ekaniga quyidagi oyat va hadisni dalil qilib keltiradilar:
“Va tugunlarga dam soluvchilar yomonligidan” (Falaq surasi, 4-oyat).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sehr qilindilar. Hatto u zotga qilmagan ishlarini qilgandek tuyulardi. U zot bir kuni mening oldimda edilar, duo qilaverdilar, duo qilaverdilar, so‘ng: “Ey Oisha, Alloh menga u haqida fatvo so‘ragan ishimda fatvo berganini sezdingizmi?”, dedilar.
Men: “Nima ekan u, yo Rasululloh?”, deb so‘radim.
U zot alayhissalom bunday dedilar: “Huzurimga ikki kishi kelib, biri bosh tomonimga, ikkinchisi oyoq tomonimga o‘tirdi. Ulardan biri ikkinchisidan: “Bu odamning dardi nima?”, deb so‘radi. “Sehrlangan”, dedi u. “Unga kim sehr qildi”, dedi. “Zurayqlik yahudiy Labid ibn A’som”, dedi. “U nima narsada?”, dedi. “Taroq, taroqdagi (soch) va xurmo (guli turadigan) tugunchasining qobig‘ida”, dedi. “U qayerda?”, dedi. “Zu Arvon qudug‘ida”, dedi”.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir guruh sahobalari bilan o‘sha quduqqa borib, unga qaradilar. Uning ustida xurmo daraxti bor ekan. Keyin Oisha roziyallohu anho onamizning oldilariga qaytib kelib: “Allohga qasamki, u (quduq)ning suvi ivitilgan hinaga o‘xshab ketibdi, xurmolari esa xuddi shaytonlarning boshlariga o‘xshaydi”, dedilar.
“Yo Rasululloh, uni chiqarib tashladingizmi?”, deb so‘radim. U zot alayhissalom: “Yo‘q, Alloh menga ofiyat va shifo berdi. Odamlarga undan biror yomonlik qo‘zg‘ab qo‘yishdan qo‘rqdim”, dedilar. So‘ngra uni ko‘mib tashlashga buyurdilar” (Imom Buxoriy. 5766; Imom Muslim. 2189).
Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yahudiylardan biri sehr qildi. U zot alayhissalom bir necha kun betob bo‘ldilar. So‘ng Jabroil alayhissalom kelib: “Yahudiylardan bir kishi sizga sehr qildi, tugun tugib, falon quduqqa (tashladi)”, degan xabarni berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam yuborib, uni chiqartirib, yechib yubordilar. Shunda u zot alayhissalom yengil bo‘lib, turib ketdilar. Bu haqda o‘sha yahudiyga hech narsa demadilar va u bilan yuzma-yuz ham kelmadilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD