Kecha, 7 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirokida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda dastlab Muftiy hazratlari nutq so‘zlab, ushbu keng qamrovli tadbirlarning ahamiyati, mohiyati, unda erishilgan yutuqlar, natijalar, tajriba almashinuvlarning din peshvolari uchun tarixiy va juda foydali bo‘lishini e’tirof etdilar.
Ikki kunlik tadbirlar davomida kasb mahoratini oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash hamda xayriya yordamlari uyushtirishdagi uyushqoqlik, yuzma-yuz muloqotlar orqali o‘zaro birdamlik muhiti yanada mustahkamlanishi aytib o‘tildi.
Viloyatning 16 ta shahar va tumanidagi 182 ta masjidda bo‘lingani, jamoatga suhbat qilish, masjidni boshqarish va targ‘ibot tadbirlari, ayniqsa, musulmonlarning ruhiy-ma’naviy ehtiyojini qondirish bo‘yicha mahalliy imom-xatiblarga ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riqlar tez orada o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatishiga umid bildirildi.
Ishtirokchilarga ularning o‘rganishlar davomida to‘plagan bilim va ko‘nikmalari, ish uslublari va ilg‘or tajribalarini keng ommalashtirishga doir tavsiyalar berib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida har bir bosh imom-xatib o‘z hududi masjidlarida hujjat yuritish, imom-xatiblar faoliyati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, aholi vakillari bilan uchrashuvlar, suhbatlar va amaliy ko‘maklar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari hisobotini berdi.
Seminar yakunida ilmiy-amaliy seminar davomida to‘plangan tajriba va natijalarni tizimda keng ommalashtirish bo‘yicha xulosalar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga ko‘ra 2026-yilgi dunyodagi eng go‘zal muzeylari ro‘yxatidan joy oldi.
Xabarda aytilishicha, shu yil 28 fevral kuni markaz rahbariyati nomiga nufuzli xalqaro me’moriy mukofot — Prix Versailles tanlov qo‘mitasidan rasmiy maktub kelib tushgan.
Maktubda Islom sivilizatsiyasi markazi 2026 yil uchun dunyodagi eng go‘zal muzeylar global ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, ushbu reyting innovatsionlik, kreativ yondashuv, milliy merosni aks ettirish hamda ekologik samaradorlik kabi qat’iy mezonlar asosida shakllantiriladi.
Prix Versailles bosh kotibi Jerom Guaden o‘z maktubida mazkur saralash munosabati bilan samimiy tabriklar yo‘llab, markazning 2026-yilgi ro‘yxatda ishtirokini tasdiqlash bo‘yicha rasmiy yo‘riqnomani ham taqdim etgan.
Ta’kidlanishicha, markaz nafaqat 2026 yilning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilgan, balki uchta oliy jahon unvonlaridan biriga da’vogarlik qilish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Bular — Grand Prix Versailles, "Interer" nominatsiyasi yoki "Eksterer" nominatsiyalaridir.
Jahon unvonlari sohiblarini tantanali e’lon qilish marosimi 2026 yil yakunida Parij shahridagi YUNЕSKO qarorgohida yoki Mukofot kotibiyati tomonidan belgilanadigan boshqa qabul qiluvchi shaharda o‘tkazilishi belgilangan.
Eslatib o‘tish lozim, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi 2026 yil mart oyiga rejalashtirilgan.
t.me/islommarkazi